Tashqi tuzilishi. Qorinoyoqlilar tanasi bosh, oyoq va gavda bo’lim-laridan
iborat. Boshida bir yoki ikki juft paypaslagichlar va ko’zlari joylashgan. Ko’z
aslida
paypaslagichlar
asosining
yonlarida,
ba’zan
ikkinchi
juft
paypastlagichlarning uchida bo’ladi. Ko’pgina turlarida boshining oldingi qismi
xartumchaga o’xshash tuzilgan va uning uchida esa og’iz joylashgan bo’ladi.
Qorinoyoqlilarning oyog’i qorinning muskulli o’sig’i bo’lib, u kaft shaklida
bo’ladi. Oyoq yordamida ular sudralib harakatlanadi, ba’zilari esa suzadi.
Ko’pgina turlari oyoqlari yordamida substratga mahkam yopishib olishlari
mumkin. Umuman qorinoyoqlilarning harxil guruhlarida yashash tarziga qarab
oyoqlar sudraluvchi, yopishib oluvchi, suzuvchi va boshqa turdagi harakatlanish
vazifalarini bajaradi. Shunga binoan suzuvchi oyoqning ikkala yon tomoni
yassilanib, suzgich kurakka aylangan yoki ba’zi suzuvchilarida keng
qanotsimon eshkakni hosil qilgan.
Qorinoyoqlilarning gavdasi oyog’ining ustida joylashgan va spiral
chig’anoqning rivojlanganligiga qarab, biroz cho’zilgan bo’ladi. Gavdaning
pastki tomoni mantiya burmalarini hosil qiladi. Uning ostida esa mantiya
bo’shlig’i joylashadi. Bu bo’shliqda mantiya majmuiga kiruvchi organlar
joylashgan. Mantiya chig’anoq hosil qiladi. Bu chig’anoq ko’p hollarda spiral
buralgan shaklda bo’ladi. Chig’anoqning ingichka uchki qismi berk, kengaygan
qismida teshik bo’ladi. Bu teshikdan molyuskaning boshi va oyog’i chiqib
turadi. Xavf tug’ilganida esa mollyuska tanasini chig’anoq ichiga butunlay
tortib oladi. Chig’anoq spirali soat strelkasi bo’ylab, yoki unga teskari bo’ralgan
bo’lishi mumkin. Bu holatni chig’anoqning ingichka uchi tomondan qaraganda
aniqlash mumkin.
Qorinoyoqlilarning chig’anog’i odatda yupqa tashqi organik moddali
(konxiolinli) qavatdan va uning ostidan ohak plastinkali (ba’zan chinni hosil
qiluvchi) qavatdan iborat. Ayrim guruhlarida yana uchinchi ichki qavat, ya’ni
sadaf qavati ham hosil bo’ladi.
Qorinoyoqlilarning hamma guruhlaridagi ayrim turlarida chig’anoq rudiment
holida yoki umuman yo’qolib ketgan bo’ladi. Masalan, shilliq qurtlar va yalang’och
jabrali mollyuskalar chig’anog’i mantiya ostida joylashgan yupqa plastinka yoki
ohak tanachalar shaklida qolgan. Suvda, shuningdek quruqlikda yashovchi ko’pgina
turlarda chig’anoq ortiq organ yoki qism sifatida umuman qisqarib ketgan. Parazitlik
bilan hayot kechiruvchilarida ham chig’anoq bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |