Uchinchidan, nogironlikning ijtimoiy institut sifatidagi ikkinchi komponenti – bu alohida institutsional funksiyalarni bajarishga yo‘naltirilgan alohida guruhlar va tashkilotlar faoliyatidagi uyg‘unlikdir. Ushbu guruhlar qonun va qonunosti hujjatlari shaklida huquq va vakolatlaridan kelib chiqib ushbu ijtimoiy institutning nafaqat legitimligini balki uning faoliyati shakli legitimligini belgilab beradi.
To‘rtinchidan, ushbu faoliyat avvalo, fuqarolarni nogironligini tan oluvchi davlat xizmatlari va ularga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi davlat tuzilmalari tomonidan, shuningdek, nogironlarning nodavlat jamoatchilik birlashmalari tomonidan amalga oshirilib, uning doirasida nogironlarning muvaffaqiyatli ijtimoiy integratsiyasi uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Beshinchidan, ijtimoiy institut tuzilmasidagi uchinchi komponent – bu institutning ijtimoiy maqsadlarini ro‘yobga chiqaruvchi sub’ektlar bo‘lib ular nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy himoyasi, ta’limi, mehnat faoliyati va boshqalarni ta’minlaydi.
«Noodatiylik», nome’yoriylik, o‘zgchalik ijtimoiy-tarixiy o‘zgaruvchan tushunchalar bo‘lib, ma’lum amaliyotlarning ob’ektiv dalillari sanaladi. Tarixan boshqalardan farqlanuvchi o‘zgacha kishilarning har vaqt mavjud bo‘lganligi me’yordagi insonlar o‘rtasida to‘siq o‘rnatilishi bilan kechgan. Qadimgi Yunonistonda majruh tug‘ilgan bolalarni jarlikdan uloqtirish yoki tanasini tamg‘alash vaqt o‘tishi bilan o‘z o‘rnini ijtimoiy tamg‘alash (sotsialnaya stimatizatsiya)ga o‘rnini bo‘shatib berdi. Endi «stigma» tanadagi nuqson belgisi emas, individ yoki guruhga ijtimoiy sharmandalik va nopoklik ma’nosini anglatgan.
«O‘zgachalik» yoki ijtimoiy mustasnolik konsepsiyasi rivojlanishda nuqsonlari bor shaxslarni «me’yorda»gilar dunyosidan to‘sib turishga nisbatan aks ta’sir sifatida shakllandi. Aqliy zaiflik misolida ushbu muammoni tahlil etgan Mishel Fuko fikricha moxovlik oqibatida kishidan yuz o‘girish marosimlari yuzaga kelgan bo‘lsa, vabo oqibatida esa intizomiy tartiblar shaklida nazorat amaliyoti shakllanadi.
Aqliy zaiflikka munosabat amaliyotini tarixiy davrlar kesimida tadqiq etgan Fuko uning avvalo ijtimoiy, so‘ng tibbiy tashhislanishiga e’tibor qaratadi. Uningcha, VIII asrgacha aqliy zaiflik jamiyat tomonidan ijtimoiy xatar, tahdid sifatida qabul qilingan. Shu bois, aqldan ozgan kishilarni ihotalash amaliyoti qo‘llanilgan. Ularni qamab qo‘yishar yoki gospitallarga joylab, kamera devorlari yoki krovatlariga zanjirband qilib tashlashgan. M.Fuko bu tadbirlar jazolash maqsadini ko‘zlamasada, aqldan ozgan va jazavaga tushgan kishiga nisbatan qat’iy jismoniy to‘siq yaratishni ko‘zlaganligini ta’kidlaydi39. VIII asr oxiridan boshlab ilk psixiatrik shifoxonalar paydo bo‘lib ularda bu kabi insonlar kasal ekanligi ongli anglangan holda muruvvatli munosabatda bo‘lish boshlandi. Shu tariqa M.Fuko muammoning mazmuni anglangan sari unga nisbatan munosabat amaliyoti o‘zgarishi haqidagi xulosaga keladi.
R. Dekart aqlsizlikni tolesizlikka tenglashtirib, jamiyatda aqlning mutlaq humkronligi aqlsizlik, aqli zaiflik inson bilan munosabatning mutlaq uzilishiga olib kelishi, oqibatda junun, aqli zaif inson esa ijtimoiy xavfli shaxsga aylanganligini ta’kidlaydi.
Yolgiz keksalar va nogironligi bor insonlar ham boshqalar qatorida to‘laqonli huquq va ehtiyojlarga ega bo‘lgan insonlar ekanligi hamda ular sog‘lom insonlar tomonidan alohida g‘amxo‘rlik va parvarishga muhtoj ekanligi haqidagi insonparvarlik g‘oyalari o‘rta asrlarning so‘nggi bosqichlarida Evropa davlatlarida asosan ijtimoiy-gumanitar fanlarning ilg‘or vakillari faolligi natijasida yoyila boshlandi.
Xususan, 1578 yildan Ispaniyada eshitish qobiliyatida muammolari bor kishilarga, 1648 yildan Angliyada ko‘rish qobiliyatida nuqsonlari bor kishilarga alohida g‘amxo‘rlik bilan ko‘maklashish tajribasi boshlangan. Ularga hayotiy faoliyatlarini engillashtirishda ko‘maklashuvchi maxsus ta’lim berilgan. Ko‘rish qobiliyati cheklangan kishilarni individual tarzda o‘qitish tajribasi esa 1670 yildan Fransiyada boshlangan.
Ushbu amaliy tajriba bilan bir qatorda Evropaning ilg‘or ilm-fan namoyondalari tomonidan nogironlikning turli shakllarini ilmiy-amaliy o‘rganish jarayoni boshlangan. Xususan, oligofrenlarning maxsus o‘qitish harakatlari X1X asrda boshlanib, bu muammo bilan dastlab 1745 yilda tug‘ilgan mashhur fransuz psixiatri F.Pinel shug‘ullanib boshlagan. U 1792 yilda aqliy zaif kishilar Parij muassasasi vrachi siftida faoliyatini boshlagan. Ushbu kasbiy faoliyati davomida uning xuddi shunday nuqsonga ega kishilarga jamoatchilikning salbiy munosabatini o‘zgartirib, hukumatdan aqliy zaif kishilarni zanjirband holda qamoqlarda saqlanishlaridan xolos etishga erishgan. U aqliy zaif kishilarni qamoqxonada emas, yorug‘ va yaxshi tozalangan kasalxonalarda davolash tizimini yo‘lga qo‘ygan. Bunday kishilarni davolashning ajralmas qismi sifatida ularga mehribonlik va ruhiy madad berishni taklif etagan va o‘zi ilk bor amalda ruhiy iztirobdagi insonlarga xuddi shunday munosabatda bo‘lgan. Keyinchalik uning g‘oyalari ta’sirida ayollar ruhiy kasalliklari kasalxonasidagi ayollar zanjirlardan ozod etilgan.
F.Pinelning ilmiy-amaliy tajribasi ta’sirida imkoniyati cheklangan turli shakldagi nogironlikka ega insonlarga insonparvarlik nuqtai nazaridan yondashish g‘oyasi Evropada keng ommalashdi. Keyinchalik bu boradagi izlanishlar fransuz olimlari J-E.D.Eskirol va M.M.G. Itarlar nomi bilan bog‘liq401.
AQSHda E.Segen ilk bor aqliy zaif bolalar uchun maxsus maktab ochgan. Unda bolalarga ta’lim berish va tarbiyalash, mehnat va jismoniy tayyorlash nazarda tutilgan. Evropada bu g‘oyalar M.Montesorri tomonidan rivojlantirilgan bo‘lib, Mariya Montesorri 1870 Italiya qirolligida dunyoga kelgan. U pedagog vrach, olim, faylasuf, insonparvar kishi hisoblangan va dunyoda ilk bor imkoniyati cheklangan kishilar, xususan, bolalar bilan ishlashning mashhur pedagogik tizimini yaratgan. Uning xizmatlari 1988 yilda YUNESKO tomonidan XX asrning eng mashhur pedagoglari qatorida tan olingan. Montesorrining ilk pedagogik maktabi 1907 yilda Rimda ochilgan bo‘lib, u aqliy muammolari bor bolalar bilan professional ishlashni yo‘lga qo‘yigan. U umrining so‘nggi yillarini Niderlandiyada o‘tkazgan bo‘lib, 1929 yilda Xalqaro Montesorri-tashkiloti aynan shu davlatda tashkil etilgan. Uning o‘g‘li 1982 yilgacha ushbu tashkilotni boshqarib borgan412.
XX asrning boshida Evropada nogironligi bor bolalar nuqsonlari to‘g‘irlashga yo‘naltirilgan ilmiy yo‘nalishlar rivojlanib bordi. Natijada aynan shu kabi insonlar bilan ishlashning quyidagi maxsus muassasalari paydo bo‘lgan:
Xristian-filantropik;
Tibbiy-pedagogik, davolovchi, taribiya va ta’lim;
Pedagogik ta’lim: eshitish, ko‘rish, aqliy faoliyatida buzilishlari bor bolalarni o‘qitish;
Oligofrenlik muammolari ilk bor Norvegiyada L.Dalem tomonidan o‘ragilgan. 1871 yilda sudopedagog Xansen va Lippestadlar ilk eksperimetlarini o‘tkazganlar. 1877 yilda ular aqliy zaif bolalar uchun ilk maktablarini ochgan. Keyinchalik qizlar va o‘g‘il bolalar uchun alohida boshqa maktablar ham ochilgan. 1892 yilda Norvegiyada barcha, shu jumladan korreksion maktablar ham davlat ixtiyoriga o‘tishi haqidagi qonun qabul qilingan. SHu tariqa Norvegiya va Saksoniya Evropada aqliy zaif bolalar ta’limi yo‘lga qo‘yilgan ilk davlatlar bo‘ldi421.
Nogironlarga insonparvarlik munosabatlari rivojlanishida ushbu atamaning keng ist’emolga kirib kelish jarayonining hissasi katta. «Nogiron» atamasining o‘zagi lotincha valid —amaldagi, to‘la-to‘kis, yaroqli ma’nolarini anglatuvchi so‘zdan kelib chiqadi. G‘arbiy Eropada ushbu atama avvalo harbiy xizmatchilarga xos bo‘lib, kasallik tufayli yoki yarador bo‘lish oqibatida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqsiz deb topilgan kishilar xizmatni o‘tashni davom etishlari uchun fuqarolik-ma’muriy lavozimlarga yo‘naltirilgan kishilarga nisbatan qo‘llanilgan.
Rossiyada ushbu atama Pyotr 1 davridan boshlab xuddi shu maqsadda qo‘llanib boshlangan. XIX asrning ikkinchi yarmidan atama harbiy konfliktlarda jarblangan va turli jarohatlar olgan tinch aholiga nisbatan ham qo‘llanilib boshlangan. Nihoyat Ikkinchi jahon urushidan so‘ng umuminsoniy va aholining alohida kategoriyalari haq-huquqlarini shakllantirish va himoyalash oqimida «nogiron» (invalid) tushunchasi shakllantiriladi va u jismoniy, ruhiy yoki aqliy hayotiy faoliyatida cheklanishlarga ega barcha kishilarga nisbatan qo‘llanila boshlandi.
Xususan, ruhiy va jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarni ijtimoiy haq-huquqlari kafolatlari BMT tomonidan 1971 yilda qabul qilingan “Aqliy cheklangan insonlar huquqlari haqidagi Deklaratsiya”si, 1975 yilda qabul qilingan “Nogironlar huquqlari haqidagi Deklaratsiya”, 1993 yilda qabul qilingan “Nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashning standart qoidalari”, 2006 yilda qabul qilingan “Nogironlar huquqlari haqidagi Konvensiya”, “Nogironlik haqida butun jahon Deklaratsiya”, “Nogironlarni kasbiy reabilitatsiyasi va bandligi Konvetsiyasi”, Evropa Ittifoqining 2006-2015 yilga mo‘ljallangan “Imkoniyati cheklangan kishilarga nisbatan Harakat rejasi” kabi xalqaro me’yoriy-huquqiy hujjatlar tomonidan kuchli himoya ostiga olingan. Ularni jamiyatga to‘laqonli integratsiyasida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi tomonidan olib borilgan ishlar, shu jumladan, Paralimpiya o‘yinlari – imkoniyati cheklangan kishilar uchun xalqaro sport musobaqalari tashkil qilinishi yo‘lga qo‘yilib, 1988 yildan olimpiya o‘yinlari davomida paralimpiya o‘yinlari doimiy tarzda o‘tkazila boshlandi.
Imkoniyati cheklangan kishilarni ijtimoiy muhofazalash, ular insoniy ehtiyojlarini qondirilishi, jamiyatga integratsiyalashuvida nafaqat davlat balki nodavlat tashkilotlarining roli kattadir. Xususan, 1983-1992 yillar BMT tomonidan nogironlar o‘n yilligi deb e’lon qilinib, jahon hamjamiyati ushbu o‘n yillik davomida asosiy e’tiborni nogironligi bor kishilar muammolariga qaratdilar. 1992 yilda BMT Bosh Assamblyasi 47 sessiyasi qaroriga ko‘ra 3 dekabr kuni Butunjahon nogironlar kuni deb e’lon qilindi. BMT Bosh Assambleyasi a’zo davlatlariga ushbu kunni nogironlarni jamiyatga integratsiya qilish maqsadida nishonlash majburiyatini yukladi.
Xalqaro nogironlar tashkiloti nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib 1982 yilda Fransiyada tashkil etilgan. Uning bosh binosi Lion shahirda joylashgan va 2012 yil ma’lumotlariga ko‘ra ushbu tashkilotda 3646 kishidan ibrat jamoa faoliyat yuritmoqda43. Tashkilot 1982 yilda Kambodja va Tailanddan qochib kelgan qochoqlarga ko‘maklashish uchun faoliyatini boshlagan. Asosiy maqsadi muhtoj va imkoniyati chklangan kishilarga turli ziddiyatlar va favqulodda vaziyatlarda jamiyatdan uzilib qolganlik va qashshoqlikdan qutqarishdir. Hozirda uning quyidagi davlatlarda joylashgan 7 ta filiali mavjud: Belgiyada (1986), SHveysariyada (1996), Lyuksemburg (1970), Germaniyada (1998), Buyuk Britaniya (1999), Kanada (2003), AQSH (2006). 2012 yilda ushbu tashkilotning 3600 dan ortiq xodimlar dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlarida imkoniyati cheklangan kishilar va ular muammolari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda faoliyat olib borganlar.
XX asrda ijtimoiy ish kasb va ta’lim sohasining rivojlanishi natijasida 1917 yilda ijtimoiy ish xodimlarining milliy birjasi va 1921 yilda Amerika ijtimoiy ish uyushmasini paydo bo‘ilishiga sabab bo‘ldi. Evropada esa 1928 yilda etti Evropa davlati Parij shahrida ijtimoiy farovonlik bo‘yicha Xalqaro ittifoqqa birlashdilar. Tabiiyki, ushbu harakatlar nogironligi bor insonlar muammosini ilmiy-amaliy o‘rganilishining sezilarli rivojlanishiga qudratli turtki berdi.
Jamiyatda kishilarning imkoniyati cheklangan insonlarga munosabatining rivojlanishi tarixida ular bilan muloot va munosabat shakli va bu kabi insonlarga jamiyatda ajratilgan makonga qarab turlicha modellar shakllangan. Bu kabi modellarni ilk bol Volfensburger tomonidan 1969 yilda ishlab chiqilgan. Davlat va jamiyatning imkoniyati cheklanganlarga munosabati esa N.N.Malofeev tomonidan 2003 yilda tadqiq etilgan. Ushbu modellarning xususiyatlarini quyida ko‘rib chiqamiz:
“Bemor inson” modeli: ushbu modelga ko‘ra imkoniyati cheklangan insonlar bu – bemorlardir. Demak inson davolash ob’ekti sifatida qabul qilinadi. Ushbu modelga ko‘ra bu insonlarga tibbiy xizmat ko‘rsatilishi shart. Ta’lim nuqtai nazaridan esa ularning bilim olish jarayoni murakkabliklar bilan to‘lib-toshgan. Shu bois, bu kabi insonlarga xizmat ko‘rsatishda nafaqat parvarish va davolash, balki, ularning ta’lim olishi hamda ijtimoiylashuvi uchun shart-sharoit yaratilishi shart. Imkoniyati cheklangan insonlarni kasal sifatida ko‘ruvchi jamiyatlar – ularga birgina tibbiy yordam va parvarish xizmatini taklif etishi va ularni davolashga intilishi mumkin. Ammo, ta’lim olish imkoniyati rad etiladi.
Zamonaviy jamiyatlarda ushbu model insonparvarlik g‘oyalariga zid sanaladi va imkoniyati cheklangan insonning rivojlanishida sun’iy to‘siq hosil qiladi.
“Kemtik inson” modeli: ushbu modelga ko‘ra yolg’iz keksalar va imkoniyati cheklangan inson kemtik-majruh mavjudot sanaladi. Buning oqibatida bu kabi insonlar munosib hayot tarzidan mahrum bo‘ladi. Bu ularning atrof-muhit bilan muloqotida yaratilgan sun’iy cheklovlarda ifodalanadi.
“Jamiyatga tahdid” modeli: yolg’iz keksalar va rivojlanishida nuqsonlari bor ayrim insonlar jamiyat taraqqiyoti uchun tahdid tug‘diradi, deb hisoblanadi (aqliy zaiflik, karlik, ruhiy muammolari bor insonlar). Bu munosabatdagi tubanlik shu qadar chuqur ediki imkoniyati cheklanganlar nafaqat kasallik tarqatishi balki, “shumqadam” sifatida omadsizlik chaqiradi deb hisoblanardi. “Tahdid va omadsizlikni chaqiruvchi” bu kabi insonlardan o‘zini himoyalash maqsadida aholi puntklaridan uzilgan chekka hududlarda qat’iy tartib o‘rnatilgan yopiq muassasalar tashkil etilgan va ayrim holatlarda ularni shu muassasalarga joylashtirishgan. Bu holatda ta’lim olish qat’iyan man etilgan.
“Raxm-shafqat ob’ekti” modeli: bu model yolg’iz keksalar va imkoniyati cheklangan insonlarda shaxsiyat rivojlanishiva o‘zini ro‘yobga chiqarishga intilishiga katta ziyon etkazadi. Ushbu model doirasida insonga go‘dakka munosabat qilingandek munosabat bildiriladi. Ular doim yosh boladek qolishi va rivojlanmasligi haqida turg‘un tushunchalar natijasida shakllangan bu munosabat ayniqsa aqliy zaif insonlarga nisbatan kuchli kuzatiladi. Ushbu modelning bosh vazifasi bu kabi insonlarning atrof-muhitning yomon munosabatida alohida saqlash orqali himoyalashdir. Bu kabi insonlarga qulay shart-sharoitlar yaratiladi va ta’lim va rivojlanishi ikkinchi darajali saanaladi.
“Malol keluvi hayr-saxovat ob’ekti” modeli: ushbu modelga ko‘ra, ayrim iqtisodiy rivojlanmagan davlatlarda bu kabi insonlarni boqish uchun mojdiy-moliyaviy imkoniyatlar cheklanganligi tufayli ortiqcha yuk sanaladi shu bois ular haqida g‘amxo‘rlikni zimmasiga olishdan cho‘chiydilar.
“Rivojlanish” modeli: ushbu modelga ko‘ra imkoniyati cheklangan inson ta’lim olish va rivojlanishga qodir deb hisoblanadi. Ushbu modelga ko‘ra jamiyat bu kabi bolalarning imkon qadar to‘liq rivojlanishi uchun mas’uldir. Ushbu modelga ko‘ra institutsional muassasalar so‘nggi chora sanalib ilojsiz qolgan vaziyatdagina nogiron inson bu kabi muassasaga joylashtiriladi. Ushbu modeldagi ta’lim tamoyiliga ko‘ra integratsiyalashga ta’lim qo‘llab-quvvatlanib imkoniyati cheklangan bolalar oddiy maktablarda oddiy tengdoshlari qatorida ta’lim oladi.
Butun dunyodagiyolg’iz keksalar va nogironlarning o‘z haq huquqlari himoyalash borasidagi faol harakatlari yolg’iz keksalar va nogironlarning ijtimoiy muammolari va ehtiyojlariga nisbatan jamiyat va davlat tuzilmalarining munosabatlarini o‘zgarishiga turtki berdi. Butunjahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ekspertlari tomonidan kasallik oqibatlarini baholashning uch o‘lchamli konsepsiyasi ishlab chiqildi (World Health Organization, Nomenclature of Impairments, Disabilities and Disadvantages, 1989). Ushbu konsepsiyaga ko‘ra, inson organizmidagi me’yordan og‘ish tug‘ma yoki jarohat\kasallik tufayli orttirilgan bo‘lishi mumkin.
Kasallikni rivojlanishining ijtimoiy darajasi individning holatiga aks ta’sirini aks etadi va individ va jamiyat munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Buni biz quyidagi chizmada ko‘rib o‘tishimiz mumkin: