2. Shaxsiy, kasbiy qadriyatlar va agentlik manfaatlari doirasida faoliyat
Qadriyatlar – borliq va jamiyat, narsalar, voqealar, hodisalar, inson hayoti, moddiy va ma’naviy boyliklarning ahamiyatini ko‘rsatish uchun qo‘llaniladigan tushuncha. Ko‘pgina hollarda kishilar qimmatbaho buyumlarni qadriyat deyishadi. Aslida esa qadriyat so‘zining ma’nosi boshqacharoq. Masalan, ming-yillar ilgarigi buyumning bahosi arzimas bo‘lishi mumkin, negaki, uni hozir ishlatib bo‘lmaydi. Ammo meros sifatida u buyum nihoyatda qadrli, ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Qadriyatlarni madaniyat singari moddiy va ma’naviy qadriyatlarga ajratish mumkin.
Moddiy qadriyatlarga insonlar uchun jismoniy qulayliklar yaratuvchi xo‘jalik, texnik, sog‘liq, jinsiy juftlik, boylik, qulay maishiy shart-sharoitlar, toza suv, sifatli oziq-ovqat va boshqalarni kiritish mumkin.
Ma’naviy qadriyatlarga ilmiy, axloqiy, estetik, diniy, badiiy va boshqa qad-riyalar kiradi. Ayrim qadriyatlar tarixiy, davriy xususiyat kasb etib, davr o‘zgarishi bilan o‘zgarib borishi mumkin. Shu bilan birga doimiy, universal ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlar ham mavjud. Masalan, odamni qahramonlikka, Vatanga sodiqlikka undovchi qadriyatlar. Badiiy, axloqiy qadriyatlar han universal qadriyatlar hisoblanadi. Eng yuksak qadriyatlar ezgulik, mehr va muhabbat, mehnat, hayot, muhabbat, adolat, haqiqat, baxt singari mezonlarda ifodalanadi.
Qadriyatlar amal qilish doirasiga ko‘ra shaxsiy, kasbiy, etnik, milliy va umuminsoniy turlarga ham bo‘linadi. Biz o‘tilgan mavzular doirasida etnik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar haqida to‘xtalib o‘tgan edik. Shu boisdan ham biz mazkur mavzu doirasida shaxsiy, kasbiy va etnik qadriyatlarga munosabat bildirishni joiz deb topdik.
Etnik qadriyatlar quyidagi tarkiblarda ifodalanadi:
• urf-odatlar (taomillar);
• an’analar;
• maishiy hayot tarzining namunasi;
• muloqot tili va muloqot shakllari;
• sharm, hayo, andisha, oriyat, g‘urur, uyat kabi etik xususiyatlarni maishiy va ijtimoiy munosabatlarda saqlanishi va ifoda etilishi (me’yorlar);
• etnik tasavvurlar;
• etnik stereotiplar;
• etnik his-tuyg‘ular;
• etnik tarzda o‘zini namoyon etish darajasi;
• faoliyat turlari;
• munosabatlar davomida ijtimoiy masofaning uzoq va yaqinligini saqlanishi;
• imo-ishoralar vositasida munosabat bildirish tarzi kabilarda397.
Zero, har bir shaxsdagi yuksak ma’naviy fazilatlar qandaydir g‘ayritabiiy kuchlar yoki taqdirning in’omi emas, u ijtimoiy hayotning turli jabhalari, ma’naviy vorislik va muayyan davr, jamiyat ta’lim-tarbiya tizimining, oila va muhitning mahsulidir. Shu boisdan ham “maktablarda, o‘quv yurtlarida, davlatga oid tarbiya maskanlarida o‘quv-tarbiya ishlarining asosida yangicha dunyoviy dunyoqarashni shakllantirish yotmog‘i lozim”398. Bunda albatta, qadriyatlar masalasi yetakchi xarakter kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |