124
5-bob. AXLOQIY TA’LIMOTLAR TARIXI.
AXLOQIY QADRIYATLAR VA DIN
Reja:
1. Qadimgi Sharq madaniyatida axloqiy qarashlarning shakllanishi va
rivojlanishi.
2. Antik davrning axloqiy ideallari. O‘rta asrlardagi axloqiy qarashlar.
3. Uyg‘onish davri va Yangi zamon axloq konsepsiyalarining o‘ziga xos
xususiyatlari.
4. Din va axloqiy muammolar.
Tayanch so‘z va iboralar:
axloq,
axloq konsepsiyasi, gumanistik etika,
komil shaxs, axloq kodeksi, axloqiy fikrlar,
axloqiy tarbiya, umuminsoniy
qadriyatlar, yaxshilik, insoniy fazilatlar.
1. Qadimgi Sharq madaniyatida axloqiy qarashlarning shakllanishi
va rivojlanishi
Axloqshunoslik tarixi axloqiy tafakkurning vujudga kelishi hamda uning
taraqqiyoti qonunlarini o‘rganadi, ma’naviy merosning ulkan qismi bo‘lmish
axloqiy ta’limotlar, hikmatlar, pand-o‘gitlarni zamonaviy
jamiyat hayotiga tatbiq
etish va targ‘ib qilish yo‘llarini tahlil etadi. Garchand har bir axloqiy konsepsiya
ma’lum bir mutafakkir mulohazalari va ilmiy faoliyatining mevasi bo‘lsa-da, u
mohiyatiga ko‘ra, muayyan tarixiy davr talablaridan kelib chiqadi. Ayni paytda,
turli odob va etiket qonun-qoidalarini o‘z ichiga oladigan axloqiy targ‘ibot
muammolari, axloqiy pand-o‘gitlar va me’yorlar talablarini bajarish-axloqiy
boshqarish sohasiga kiradi hamda axloqshunoslikning odatda “amaliy axloq” deb
ataladigan qismini tashkil etadi.
Somir va Bobilon.
Amaliy axloqning dastlabki namunalari bundan uch
yarim ming yil avval dunyodagi birinchi yozuv bo‘lmish mixxatda Somir (Shumer)
giltax-talariga yozilgan matnlarda aks etgan. Ularga ko‘ra,
somirliklar haqiqat va
adolatni, qonun va tartibni adolat va erkinlikni, shafqat va muruvvatni yuksak
baholaganlar hamda qadrlaganlar. Tabiiyki, ular yolg‘on
va yovuzlikni,
adolatsizlik va zulmni shafqatsizlik, va qattollikni inkor etganlar. Somir
podsholari, hokimlari o‘zlarining qonun va tartib o‘rnatilganliklari, yovuzlik va
zo‘ravonlikni yo‘q
qilganliklari, mazlumlarni zolimlardan himoya qilganliklari
bilan faxrlanganlar.
Somir alqovlarida (gimnlarida) deyarli barcha bosh ma’budlar ezgulik,
adolat, haqiqat va yaxshilik tarafdorlari bo‘lganlari uchun ham madh etiladi.
Shuningdek, somiriylarning maqol va matallari, hikmat-iboralari ham diqqatga
sazovor; ularning ko‘pchiligi umuminsoniy hikmatlar darajasiga ko‘tarilgan va
Sharqda biroz boshqa-charoq shaklda hozirgacha qo‘llaniladi. Somirliklar erishgan
ilmiy, badiiy,
axloqiy daraja, huquqqa oid yutuqlar bobilliklar axloqiy qarashlari
uchun asos bo‘ldi. Bobilonda somirliklarnikiga nisbatan badiiy yuksak va
mukammal «Gilgamesh» (turkolog olimlar uni «Bilgamish» ‒ «bilimlar egasi» deb
e’tirof etishadi) eposi vujudga keldi. Adolat va haqiqatning himoyasini asosiy
125
maqsad qilib olgan Bobilon podshosi Xammurapining mashhur Qonunlar majmuyi
esa Qadimgi Somir qonunlarining tadrijiy rivoji edi. Bu majmuada
zaiflarni, yetim-
yesir va kambag‘allarni adolat tamoyili asosida himoya qilish asosiy maqsad qilib
qo‘yilgan; Xammurapi unda o‘zining kambag‘alparvarligi va adolatparvarligi bilan
faxrlanadi.
Umuman olganda, Somir va Bobilonda majusiyat shaklidagi dindorlik juda
kuchli bo‘lgan: kimda-kim ma’budlarga ixlos qo‘ysa, ular yuborgan azoblarga
chidasa, shukronalik qilsa,
baxtli yashaydi, aks holda esa ma’budlar qahriga
uchrab, xor-zorlikda dunyodan ko‘z yumadi, degan qat’iy aqida hukm surgan.
Qadimgi donishmandlar barcha balo-qazo odamlar boshiga ularning gunohlari
tufayli yog‘iladi, gunohsiz odam esa dunyoda yo‘q. Olamda yovuzlikning
mavjudligi odamlarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘lib, bunga ma’budlar
zarracha ham aybdor emas.
Do'stlaringiz bilan baham: