Ikkinchisi – evolyutsion yondashuv
bo‘lib, unga ko‘ra, axloq avvaliga
primitiv shaklda paydo bo‘lgan va keyinchalik turlicha ko‘rinish olib, murak-
kablashib borgan; turli davrlarda yashagan insonlarning maqbul ijtimoiy muno-
110
sabatlar haqidagi qarashlarini (istak va idealini) o‘zida ifodalab kelgan
me’yorlardir. Bu o‘rinda me’yorning axloqiyligi uning ijtimoiy munosabatlarni
qanchalik to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘ya olgani, insonlarning o‘zaro hamkorligini
ta’minlay olgani bilan belgilanadi. Axloq me’yoriy xarakterda bo‘lgani bois,
kishilar xatti-harakatiga ta’sir etib uni yo‘naltirib tursa-da, vaqti-vaqti bilan sharoit
yetilgach, o‘zi ham o‘zgara boshlaydi.
Kichik jamoalar kattalashib, urug‘lar, qabilalar, davlatlar paydo bo‘lishi,
ishlab chiqarish va iste’mol munosabatlarining murakkablashuvi insonlarni yangi
sharoitga moslashishga majbur qilgan. Avvaliga o‘z tug‘ishganlari bilan aloqa
qilgan inson begonalar bilan to‘qnash kelgach, o‘z-o‘zidan yangicha me’yorlar
shakllanadi. Sharoitga moslashuv esa axloqiy me’yorlarga ta’sir etmay qolmaydi,
albatta. Bunda, ayniqsa, islohotchi hukmdorlar, faylasuflar va yangi vujudga
kelgan dinlar muhim rol o‘ynagan. Sharoit pishib yetilgach, avvalgi qarashlar
axloqsizlik deb baholangan va yangicha qadriyatlar kuchga kirgan. Axloqni
vujudga keltirgan omil insondagi jamoaviylik va ayni shu jamoaviy tartibotga
bo‘ysunib yashayotgan insonlarning turmush sharoiti, ehtiyojlaridir. Insonlardagi
jamoaviylik esa boshqa jamoaviy jonzotlarda bo‘lgani kabi tabiiy yo‘sinda vujudga
kelgan. Axloqni o‘zgartiruvchi ham yana sharoit va ehtiyojdir. Zero, bir muhitda
ijobiy samara bergan me’yorlar, o‘zga muhitda regressiv ta’sir etishi, ijtimoiy
munosabatlarning ildamlashiga xalal berishi mumkin. Tarixda bu kabi hollar ko‘p
bo‘lgan, me’yorlarni mutlaqlashtirib, ularga ilohiy tus bergan, sharoitga moslasha
olmagan xalqlar yo‘q bo‘lib ketgan yoki boshqa xalqlarga qaram va qul bo‘lib
qolgan. Islohotchilar – o‘sha sharoit va ehtiyoj talabining ifodachisi, o‘zi yashab
turgan muhitning mevasi, xolos.
Yangicha me’yorlar ham vaqt o‘tishi bilan eskira boradi. Bu bilan barcha
me’yorlar birdek o‘zgarishga uchraydi, demoqchi emasmiz. Ba’zi me’yorlar turli
sharoitlarga nisbatan umumahamiyatliligi bilan uzoq yashaydi. Masalan, yolg‘on
gapirmaslik, o‘g‘irlik qilmaslik haqidagi me’yorlar madaniy va iqtisodiy jihatdan
turlicha rivojlanish darajasiga ega barcha jamiyatlar uchun birdek zarur. Ya’ni
hozirgacha birorta jamiyatda bu kabi me’yorlar regressiv ta’sirga ega bo‘lmagan.
Biroq boshqa me’yorlar ham borki, umri u qadar uzun emas. Masalan,
qachonlardir hukmdorlar, diniy rahnamolar-u avliyolarni tanqid qilish axloqsizlik,
hatto jinoyat sanalgan. Biroq ilm-fan taraqqiyoti, demokratik va ochiq jamiyatning
vujudga kelishi so‘z erkinligi, tanqidiy va xolis tafakkur ahamiyatini ko‘rsatib
berdiki, endi yuqoridagi kabi me’yorlarga amal qilish jamiyatda turg‘unlikni
vujudga keltirishi oydinlashib qoldi. Xudolarga insonni qurbon qilish, irqchilik va
quldorlik o‘z vaqtida axloqan neytral xatti-harakat sanalgan bo‘lsa, bugun –
mutlaqo aksi. Ayollar huquqlari, o‘zga din va til vakiliga teng munosabatni talab
qiluvchi me’yorlarni inkor etuvchilar soni ozayib bormoqda. Vaholanki, bu kabi
me’yorlar qadimda o‘z qavmiga xoinlik va munofiqlik sanalgan.
Nafaqat axloqiy me’yorlar, shu bilan birga axloqiy qadriyat va tushunchalar
ham o‘zgaradi, ayrimlari qadrsizlanadi, yana qaysidir birlari yangicha talqin
qilinadi. Yoki turli qadriyatlarning ahamiyati bir-biriga nisbatan oshib yoki
kamayib turadi. “Qahramonlik”, “vatanparvarlik”, “xiyonat” kabi tushunchalar
111
hamma zamon va hamma makonda doim bir xil tushunilmagan. Qaysidir davrda
harbiy qahramonlik deya olqishlangan harakatlar boshqa bir davrda jinoyatga
tenglash-tirilgan. Qachonlardir dushmanni butkul qirib tashlash vatanparvarlik,
jasorat hisob-langan. Vaqt o‘tib urushga munosabat o‘zgarishi bilan bu kabi
harakatlar urush jino-yati deb atala boshladi. Umuminsoniy qadriyatlar, jumladan,
dini, millati, irqidan qat’iy nazar, barcha insonlar teng qadr-qimmatga egaligi
haqidagi axloqiy tushun-chalar shakllangach, juda ko‘p qahramonliklar genotsid,
qatliom nomini oldi. Hatto vatanparvarlikning o‘ziga-da istehzoli munosabat
mavjud.
Shularni hisobga olib, axloqni zamonga muvofiq o‘zgarib boruvchi dinamik
hodisa deyish mumkin. Doim shunday bo‘ladi deb bashorat qilish fikridan
yiroqmiz. Ammo bugungacha bu jarayonni to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmagan.
To‘xta-tishga qattiq bel bog‘lagan millatlar tanazzulga uchragan yoki taslim
bo‘lgan. Bu kabi o‘zgarishlar, hatto eng konservativ kuch sanaluvchi dinda ham
kuzatiladi. Bu ko‘pincha diniy matnlarni qayta talqin qilish yo‘li bilan amalga
oshiriladigan, zid-diyatli, mo‘tadil va radikal diniy jamoalar o‘rtasida mojarolarga
sabab bo‘luvchi jarayondir. Radikallar asta-sekin kamayib boradi va kamaygani
sari yanada radikal-lashib, qat’iy choralar ko‘rish yo‘liga o‘tadi. Bu jarayon
bugunning hodisasigina bo‘lmay, insoniyat shunday o‘zgarishlarni ko‘p bora
boshdan o‘tkazgan. Radikallar aksar hollarda yengilgan, yengib chiqqanda esa
butun qavmini turg‘un holatga tushi-rib, o‘zga xalqlarga qaram qilib qo‘ygan.
Qachonlardir sha’niga sal nojo‘ya so‘z aytganlar ham o‘limga hukm qilingan
Mitra-yu Yupiterlardan miflargina qolgan, xolos. Holbuki, ayni shu e’tiqod himo-
yasi yo‘lida yangi paydo bo‘layotgan dinlarning ming-minglab vakillari, masalan,
nasroniylar ta’qib qilingan, o‘ldirilgan. Xristianlik hukmron bo‘lgach, avvalgi din
vakillari quvg‘in qilingan, o‘ldirilgan. Atigi uch-to‘rt asr avval millionlab insonlar
yostig‘ini quritgan, qanchadan-qancha hurfikrli insonlarning o‘tda yonishiga sabab
bo‘lgan e’tiqodlar bugun komik aktyorlarning sevimli predmetiga aylanib qoldi.
Bugungi islom olamidagi janjallar, shia-sunniy xunrezliklari, yosh bir ayolni
o‘rtaga olib toshbo‘ron qilib o‘ldirayotgan erkaklarni ko‘rganimizda, bir narsa
xayolga keladi: eskicha me’yorlar yangi sharoitga moslasha olmayapti. Zero,
me’yor hech qachon o‘zgarmaydi, o‘zgarmasligi ham kerak deydigan o‘jar bir toifa
bor.
Bu yerdagi muammo axloqning dinamik, o‘zgaruvchan xususiyatga ega
feno-men ekanini hisobga olmaslikdadir. Yechim esa, bizningcha, axloq tabiati va
uning vujudga kelishiga doir an’anaviy teologik tasavvurlarni isloh qilish, bunda
antro-pologiya, biologiya, evolyutsion psixologiya, tarix va sotsiologiyada
to‘plangan inson tabiati va ijtimoiy o‘zgarishlarga doir faktlarni hisobga olish
kerak. Tabiat, biz istaymizmi-yo‘qmi, o‘z hukmini o‘tkazadi. Istak va imkon doim
ham muvofiq ke-lavermaydi. Ushalishi imkonsiz istak – xayolparastlik, ushalishi
fojialarga sabab bo‘luvchi istak esa – yovuzlikdir.
Shu o‘rinda axloqdagi progress bilan odamlarning axloqiy me’yorlarga amal
qilishi boshqa-boshqa masala ekanini yana bir bor ta’kidlash joiz. Axloqiy
progress axloqiy me’yorlarning umuminsoniylashuvi, jamiyatning mavjud holatiga
112
yanada muvofiqroq kelishi bilan belgilanadi (Axloqiy progressni axloqning
sharoitga adap-tatsiyasi, deyish ham mumkin). Odamlarning qanchalik axloqqa
muvofiq harakat qilishini aniqlash esa juda mushkul. Biz odamlarning axloqli yoki
axloqsizligi haqida hukm chiqarar ekanmiz, doimo o‘z tushunchamizdagi axloqiy
me’yorlarga tayanamiz. Konservativ axloq tarafdori bo‘lgan odam uchun
axloqsizlik bo‘lib ko‘ringan amal isloh qilingan yoki o‘zgacharoq axloq
me’yorlarini dastaklaganlarga boshqacha tuyulishi mumkin. Bugungi inson
qilayotgan ishlarni besh asr avval va besh asr keyin yashaydigan odam mutlaqo
farqli baholashi tayin. Chunki ular axloq evolyutsiyasining turli bosqichi va turli
miqyosidagi jamoa a’zosidir.
Yuqorida bildirganimiz fikrlar yangilik emas. Yangi-yangi antropologik
ma’-lumotlar, sotsiobiologiya va evolyutsion psixologiya sohasidagi tadqiqotlar va
bunga qo‘shimcha insoniyat tarixiga doir faktlar shunga dalolat qiladi: axloqiy
tushuncha va qadriyatlar bir vaqtda, bir avlod hayoti davomida vujudga kelmagan,
aksincha, tadrijiy rivojlangan, o‘zgargan va o‘zgaradi. O‘tmishda – “oltin davr”da
insonlarning hozirgidan olijanobroq, odilroq, bizdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lgani
haqidagi tasavvurlar esa ishonarli emas.
Shunday qilib, axloq-oliy mavjudotga ato etilgan oliy ne’mat. Ya’ni axloq-
ning kelib chiqishi ilohiy manbadandir. Ana shu ilohiy asosni asrab-avaylab, taraq-
qiy toptirish har bir insonning asosiy vazifasi, burchi. Shu bois o‘z-o‘zini va iloji
bo‘lsa, o‘zgalarni axloqiy tarbiyalash barcha muqaddas kitoblarda savob sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |