Maktabgacha ta’lim. Uch yoshdan boshlanib, olti-yetti yoshgacha oilada, bolalar bog’chasida va boshqa ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
Boshlang’ich ta’lim. 1- 4 sinflarni o’z ichiga oladi. O’qish 6 yoki 7 yoshdan boshlanadi.
Umumiy ta’lim. 5-9 sinflar doirasida o’quvchilarga ta’lim va tarbiya beriladi. Umumiy ta’lim barcha uchun majburiy bo’lib, yoshlarga bilim asoslarini chuqur o’rgatish, ular dunyoqarishini shakllantirish va kengaytirishga asos bo’ladi.
O’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi o’qish muddati 3 yildan kam bo’lmagan akademik va kasb-hunar liseylari va kollejlarda amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim. 18 – 19 yoshdan boshlanib, to’rt yildan kam bo’lmagan muddatda davom etadi. Oliy ta’lim bakalavriat va magistraturaga bo’linadi.
Bakalavriat. Yo’nalishlarning biri bo’lib bazaviy oliy ta’lim berish demakdir. Unda o’qish muddati 4 yil davom etib, oliy ma’lumot va tayanch mutaxassislik diplomini olish bilan tugaydi.
Magistratura. Aniq mutaxassislik bo’yicha oliy kasbiy ta’lim bo’lib, bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadi. Undagi tahsil kvalifikasion davlat attestasiyasi va magistrlik dissertasiyasini himoya qilish bilan nihoyasiga yetadi.
Aspirantura. Magistrlik negizida 3 yil davom etadi va muayyan mutaxassislik bo’yicha oliy kvalifikasiyali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi.
Doktorantura. Fan nomzodi ilmiy darajasi negizida 3 yil davom etadi va dissertasiya himoya qilish bilan yakunlanadi. Yakunga ko’ra, tanlangan mutaxassislik bo’yicha “Fan doktori” ilmiy darajasi beriladi.
Bulardan tashqari, yangi tizimga qo’shimcha kasbiy ta’lim-qayta tayyorlash va malaka oshirish kiradi.
Shunday qilib, 12 yillik umumiy va o’rta maxsus ta’lim berish davlat tomonidan kafolatlanadi va u bozor iqtisodi sharoitida ijtimoiy himoyalanadi.
O’zbekiston Respublikasining ta’lim to’g’risidagi qonuni 34 moddadan iborat bo’lib ta’lim tizimining barcha sohalarini huquqiy asosi hisoblanadi.
Masalan: 3-modda: Umumiy o’rta, shunindek, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi.
4-modda. Jinsi, tili, yoshi, irqi, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqyei, turar joyi, O’zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’iy nazar har kimga bilim olishda teng huquqlar berilgan.
Respublikada istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo’lmagan shaxslar bilim olishda O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.
Oilada yoki o’zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditasiyadan o’tgan ta’lim muassasalarida eksternet tartibida attestasiyadan o’tish huquqini berish orqali ta’minlanadi.
6-modda. Ta’lim muassasalarining huquqiy maqomi. Ta’lim muassasalarining huquqiy maqomi akkreditasiyaga asosan amalga oshiriladi. Ta’lim muassasasi attestasiya natijalariga binoan davlat akkreditasiyasidan mahrum etilishi mumkin.
7-modda. Davlat ta’lim standartlari umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuniga hamda sifatiga qo’yiladigan talablarni belgilaydi. Davlat ta’lim standartlarini bajarish O’zbekiston Respublikasining barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir.
17-modda. Maktabdan tashqari ta’lim. Bolalar va o’smirlarning yakka tartibdagi ehtiyojlarini qondirish, ularning bo’sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari tomonidan ularga madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo’nalishlarda maktabdan tashqari ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
19-modda. Ta’lim to’g’risidagi hujjatlar.
Akkreditasiya qilingan ta’lim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to’g’risida hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi.
Oliy ma’lumotli diplomga o’zlashtirilgan fanlar ro’yxati, ularning hajmlari va fanlarga qo’yilgan baholar yozilgan varaqa ilova qilinadi. Ta’lim bosqichidagi ta’limni tugallamagan shaxslarga belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi.
Davlat tasdiqlagan namunadagi ma’lumot to’g’risidagi hujjat navbatdagi bosqich ta’lim muassasalarida ta’lim olishni davom ettirish yoki tegishli ixtisos bo’yicha ishlash huquqini beradi.
20-modda. Ta’lim oluvchilarni ijtimoiy himoya qilish.
(Ushbu qonun 1997 yil 29 avgustdagi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning IX sessiyasida tasdiqlangan).
Do'stlaringiz bilan baham: |