Hasharotxo’r o’simliklar. Ba’zi avtotrof o’simliklar, botqoq va torfzorlarda o’sib, odatdagi
oziqlanishdan tashqari azotga boy bo’lgan ehtiyojini hasharotlar bilan oziqlanish hisobidan
qondiradi. Bu xildagi ajoyib biologik gruppalar hasharotxo’r o’simliklar deb ataladi. Bunday
o’simliklarning 500 dan ortiq turi mavjud bo’lib, barcha qit’alarda tarqalgan. Masalan, Sharqiy
Osiyo tropik va subtropik mintaqalarda uchraydigan nepentes, Shimoliy Amerikaning Atlantik
okeani qirg’oqlaridagi botqoqlarda uchraydigan veneriya, Janubiy Yevropa, Janubiy Osiyo,
Avstraliya, Kavkaz, Ukraina, Belorussiya, Volga suvlarida o’sadigan aldrovanda, torfli
botqoqlarda uchraydigan rosyanka hashorotxo’r o’simliklar jumlasiga kiradi.
G’amlovchi ildizlar. G’amlovchi ildizlar odatda qalinlashgan va kuchli parenximalashgan.
Ular o’zida oziq moddalarni joylashishiga qarab ikki xilda bo’ladi. Ildiz mevalilar va ildiz
tuganaklar shaklida bo’ladi.
Ildiz mevalarda qalinlashish asosiy ildizda sodir bo’lib u etdor va suvli ildiz mevalarda
parenxima kuchli rivojlanib sklerenxima to’qimalari yo’qolib ketgan. Ko’p o’simliklarda asosan
yilliklarda (lavlagi, sabzi, petrushka, turp, shalg’om va boshqalar) ildiz mevani ko’rish mumkin.
Havo ildizlari. Havo ildizlari tropikada o’sadigan ko’pgina o’simliklarda, ayniqsa epifit
(yunon. epi-ustidan, yuqoridan, fiton-o’simlik) larda uchraydi. Bunday ildizlar poyadan hosil
bo’ladi va qo’shimcha ildizlar hisoblanadi. Ularning havo ildizlari havoda muallaq osilib turadi
va yomg’ir yoki shudring shaklidagi namni olishga imkon beradi.
Xonalarda o’stiriladigan manzarali o’simlik monsteraning havo ildizlari pastga osilib
o’sadi va yerga tegib so’ngra unga kirib o’simlikka tayanch bo’ladi. Bu ildizlar hisobiga
o’simlikning pastki qismida yuzaga keluvchi qo’shimcha ildizlari ham havo ildizlariga misol
bo’la oladi.
Nafas oluvchi ildizlar. Bunday ildizlar tropik sharoitda dengiz va okeanlarning botqoqli
qirg’oqlarida o’sadigan daraxtlarida uchraydi. Masalan, avisiniya o’simligida juda murakkab
ildiz sistemasi shakllanadi, uning yuqoriga vertikal o’sib chiqadigan nafas oluvchi ildizlari
bo’ladi. Nafas oluvchi ildizlarga botqoq kiparisi ham misol bo’la oladi.
Xodul ildizlar. Bunday ildizlar ham o’sha avisiniya o’sadigan joylardagi daraxtlarda
uchraydi (masalan, rezoforada). Juda shoxlangan bunday ildizlar daraxtlarga yumshoq loyli
qirg’oqlarda ham o’zini mustahkam tutib turish imkonini beradi.
Ustunsimon ildizlar. Ularni Hindistonda o’sadigan banan o’simligida ko’rish mumkin.
Ustunsimon ildizlar daraxtning gorizontal poyalarida qo’shimcha ildiz sifatida hosil bo’ladi va
pastga qarab o’sadi. Yerga yetgandan keyin ular tarmoqlanadi va ustunga o’xshab daraxt
tanasiga ko’tarib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |