Elastik tipdagi arteriyalar (arteria elastotypica). Elastik tipdagi arteriyalarga bevosita yurakdan boshlanuvchi yirik tomirlar, ya’ni aorta va o`pka arteriyalari kiradi (125-rasm). Bu tipdagi arteriyalarda qon katta bosim (120–130 mm. simob ustuni) va tezlik (0,5–1,3 m/s) bilan oqadi. Elastik tolalar va pardalarning ko`pligi tufayli bu arteriyalar devori yurak sistolasi vaqtida cho’ziladi. Natijada tomir bo’shlig’i kengayib, qon zarbi susayadi. Diastola paytida esa tomir devori yana ilgarigi holatga qaytadi. Elastik arteriyalar tuzilishini aorta devorining tuzilishi misolida ko’rib chiqamiz.
125- rasm. Elastik tipdagi arteriya. Gematoksilin-eozin bilan bo’yalgan. 0b.20. ok. 10.
1 – ichki parda; a – endoteliy; b – endoteliy osti qatlami; 2 – o’rta parda; d – darchali elastik membranalar; e – silliq mushak hujayralar; 3 – tashqi parda.
Ichki parda (tunica intima) tomir bo’shlig’iga qaragan bo’lib, o’z navbatida u ham uch qavatdan tuzilgan: endoteliy, endoteliy osti qavati va elastik tolalar chigali.
Bu t o m i r l a r e n d o t e l i y s i (endothelium) bazal membranada joylashgan yirik, yassi hujayralar bo’lib, ular tomir bo’ylab yotadi. Odam aortasining endoteliy hujayralarining bo’yi ba’zan 500 mkm ga, eni esa 150 mkm ga yetadi. Bu hujayralar ko’pincha bir yadroli bo’lib, elektron mikroskopda o’rganilganda ularning sitoplazmasida turli shakl va kattalikdagi anchagina (200 dan 700 gacha) mitoxondriyalar ko’rinadi. Endoplazmatik to’r sust rivojlangan bo’lib, membranasida oz miqdorda ribosomalar tutadi.
E n d o t e l i y osti q a v a t i (stratum subendotheliale) ancha qalin bo’lib, aorta devo-rining 15–20 foizini tashkil qiladi. U siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan va ko’p miqdorda ixtisoslashmagan yulduzsimon huayralar tutadi. Bu qavat Langgans qavati deb ham nomlanib, bu yerda bo’ylama yo`nalgan ayrim silliq mushak hujayralari ham uchraydi. Ichki pardaning hujayralararo asosiy moddasi glikozaminoglikanlarga va fosfolipidlarga boy bo’lib, tomir devorining oziqlanishida muhim rol o’ynaydi.
O’rta va keksa yoshdagi kishilarda asosiy moddada xolesterin va yog’ kislotalar uchraydi.
Endoteliy osti qavatidan chuqurroqda nozik elastik tolalarning qalin to’ri (plexus fibroelasticus) joylashgan bo’lib, unda ichki aylana va tashqi bo’ylama qatlamlarni ajratish mumkin.
Aortaning ichki pardasi yurakdan chiqish joyida uchta yarim oysimon klapanlar hosil qiladi. Ichki pardaning elastik tolalar turi keskin chegarasiz o’rta pardaga o`tadi.
O’r t a p a r d a (tunica media) juda ko’p darchali elastik membranalar (m. elastica fenestrata) dan tashkil topgan. Bu membranalar elastik tolalar bilan o’zaro bog’lanib, boshqa pardalarning elastik elementlari bilan birgalikda yagona elastik karkas hosil qiladi. Darchali elastik membranalarning soni 40–50 taga yetadi. Ular orasida oz miqdorda fibroblastlar uchraydi. Membranalar orasida ularga nisbatan qiyshiq yo’nalgan silliq mushak hujayralari joy-lashadi. O’rta qavatning bunday tuzilishi aorta devorining elastikligini ta’minlaydi, sistola davrida u kengayib, qon zarbini yumshatadi va diastola vaqtida tomir devorining tonusini saqlab turishga yordam beradi.
T a s h q i p a r d a. (tunica externa) siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to’qimadan iborat bo’lib, unda asosan uzunasiga yo`nalgan ko’p miqdordagi elastik va kollagen tolalar joylashadi. Tashqi pardada tomirlarning nervlari (nervi vasorum) va tomirchalari (vasa vasorum) joylashib, bular o’rta qavatga ham o’tadi. Tashqi parda tomir devorining cho’zilib yoki yorilib ketishidan saqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |