Mushak tipidagi arteriyalar (arteria myotypica). Bu tipdagi tomirlarga organizmdagi o’rta va kichik kalibrdagi arteriyalar kiradi (126-rasm). Tana, oyoq va qo’l, ichki a’zolar arteriyalari shular jumlasidandir.
126-rasm. Mushak tipidagi arteriya. Gematoksilin-eozin bilan bo’yalgan. Ob. 10, ok. 10
1 – ichki qavat; a – endoteliy va endoteliy osti qatlamlari; b – ichki elastik membrana; 2 – o’rta qavat; с – silliq mushak hujayralari; d – darchali elastik membranalar; f – tashqi elastik membrana; 3 – tashqi qavat; e – kollagen tolalar.
Mushak tipidagi arteriyalar devorida silliq mushak hujayralari juda ko’p bo`lib, ularning qisqarishi qon oqimiga qo’shimcha kuch beradi va a’zolarga qon kelishini boshqarib turadi. Mushak tipidagi arteriyalar devorining ichki pardasi endoteliydan, endoteliy osti qavati va ichki elastik membranadan tashkil topgan. Endoteliy hujayralari bazal membranada yotib, tomirlarning bo’ylama o’qi bo’ylab cho’zilgan, chegaralari unchalik egri-bugri emas. Endoteliy osti qavati asosan bo’ylama yo’nalgan kollagen va elastik tolalardan tashkil topgan bo’lib, yulduzsimon, kam ixtisoslashgan hujayralar tutadi. Endoteliy osti qavati o’rta va yirik kalibrli arteriyalarda yaxshi rivojlangan bo’lib, kichik arteriyalarda juda yupqa bo’ladi, eng kichik arteriyalar – arteriolalarda esa u tashqi adventitsiya qavatiga qo’shilib ketadi. Ichki elastik membrana mushak tipidagi arteriyalarda yaxshi rivojlangan va tomirning ko’ndalang kesimida yaltiroq egri-bugri tasmacha holida ko’rinadi. Elektron mikroskopda u qavat-qavat bo’lib yotgan tiniq plastinkalardan iborat.
O’rta qavat qiya spiral holida joylashgan silliq mushak hujayralaridan iborat bo’lib, ular orasida oz miqdorda fibroblastlar va kollagen hamda elastik tolalar joylashadi. Silliq mushak hujayralarining bunday joylashishi ular qisqarganda tomir hajmining kamayishiga va qonning mayda tomirlarga surilishiga yordam beradi. Yirikroq mushak tipidagi arteriyalar o’rta qavati elastik membranalarni hosil qilishi mumkin. Elastik tolalar ichki va tashqi qavatlar chegarasida elastik membranalarga qo’shilib ketadi. Natijada yagona elastik karkas hosil bo’lib, u bir tomondan tomirga elastiklik bersa, ikkinchi tomondan tomir devorining tarangligini kuchaytiradi. Bu esa arteriyalarning puchayib qolishiga yo’l qo’ymaydi va ularda qonning to’xtovsiz oqishini ta’minlaydi. Mushak tipidagi arteriyalar devoridagi silliq mushak hujayralarining qisqarishi qon bosimini ushlab turadi va a’zolarning mikrotsirkulyatsiya sistemasiga qon kelishini boshqaradi. O’rta va tashqi qavatlar orasida tashqi elastik membrana (membrana elastica externa) joylashadi. U bo’ylama yo’nalgan yo’g’on elastik tolalarning zich to’ridan tashkil topgan bo’lib, ba’zan sidirg’a elastik plastinka shaklini oladi. Odatda tashqi elastik membrana ichkarisidagiga qaraganda ancha yupqa bo’ladi va hamma arteriyalarda ham yaxshi rivojlanmagan.
Tashqi qavat siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan. Unda aksariyat tolalar qiya va bo’ylama yo’nalgan bo`ladi. Bu qavatda nervlar va arteriyalar devorini oziqlantiruvchi mayda qon tomirlar uchraydi.
Arteriyalar kichrayib borgan sari ularning devori yupqalashadi. Endoteliy osti qavati va ichki elastik membrana juda ham noziklashib ketadi. O’rta qavatda mushak hujayralari va elastik tolalar ham asta-sekin kamayib boradi. Tashqi qavatda ham elastik tolalar kamayadi, tashqi elastik membrana esa yo’qolib ketadi.
Ilgarilari turli a’zolarning arteriyalari va venoz tomirlari o’rtasida faqat kapillyarlar joylashgan deb hisoblanardi. Keyingi kuzatishlar natijasida bu ikki tomir orasida har xil mayda tomirlarning sistemasi joylashganligi aniqlandi. Shuni mikrotsirkulyatsiya sistemasi deb nomlandi.