Tuxliyev I.S.– «Turizm marketingi, milliy turizm tashkilotlari yoki turizm muassasalarining, milliy va xalqaro tarkibda turistlarning talab va ehtiyojlarini qondiradigan tizimli harakatlardan tashkil topadi. Turizm marketingi, turistik ehtiyojlarni qondiradigan mahsulot va xizmatlarning turistga taqdim etilishi va sotilishi bilan bog‘liq harakatlardir». Turizm marketingi sohasida tan olingan yuqoridagi olimlar, mutaxassislarning turizm marketingidagi ta’rifi mazmuni deyarli bir xil – turistlarning talab va ehtiyojlarini qondiradigan tovarlar va xizmatlarni bozorga chiqarishdan iborat.
Turistik firmalar faoliyatida marketing yondoshuvlarini qo‘llashning zarurligini tushuntirish uchun marketing rivojlanishi bosqichlarining qisqacha tarixiga to‘xtalish kerak. Turizmdagi taniqli mutaxassislar marketingdan 1950 yillarda Yevropada foydalana boshladilar. Bu yo‘nalishlarda birinchilardan bo‘lib aviakompaniyalar o‘z mijozlari va raqobatchilari haqidagi marketing axborotlarini tahlil qilib, o‘zlarining kompaniyalaridagi samolyotlarning uchish vaqti va salonlardagi qulayliklarni raqobatchilariga nisbatan yaxshilab borishdi.
Turizm sohsida marketing strategiyasidan foydalanish quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
Strategik marketing – bu iste’molchilar (ya’ni turistlarni) ehtiyojlarini va talablarining tizimli, doimiy tahlili bo‘lib hisoblanadi hamda turfirmalarga barqaror raqobat holatini ta’minlovchi samarali mahsulot va xizmatlar konsepsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
Operatsion (jarayonli) marketing – ancha soddalashtirilgan holat bo‘lib, sotishni tashkil etishga yo‘naltirilgan va salohiyatli iste’molchilarga ma’lumot berish uchun kommunikatsiya siyosati hamda harajatlarni pasaytirishda, haridorlarni qidirishda tovar sifatini o‘ziga xos xususiyatda, usullarda namoyish qilish hisoblanadi. Marketingda ikkala yondashuv ham biri-birini to‘ldiradi va firmaning yagona marketing siyosatini belgilaydi.
Taktik marketing – usullaridan foydalanish turfirmada tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishga imkoniyat tug‘dirsa shu bilan birga uning faoliyatida qisqa muddatli tijorat rentabelligini ham ta’minlaydi28.
Xalqaro turistik marketing strategiyasi global xususiyatlarga ega bo‘lib, alohida davlatlar chegarasidan ham o‘tib ketadi. Turizm bugun mintaqaviy va milliy chegara bilmaydigan xalqaro ijtimoiy-iqtisodiy hodisa bo‘lib hisoblanadi. Turizmda mahsulotlar, investitsiyalar, ishchi kuchi bozorlaridan tashqari yana bir muhim bozor – xizmatlar bozori ham bor. Xizmatlar ko‘rsatish sohasi iqtisodiyot sohasining eng istiqbolli va tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan hisoblanadi.
Dunyoda iqtisodiyoti yuqori rivojlangan mamlakatlarda xizmat ko‘rsatish sohasiga yalpi milliy mahsulotning 3/2 qismi va tashkil etilgan yangi ishchi o‘rinlarining asosiy qismi to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, barcha xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi band mehnat resurslarining G‘arbiy Yevropada 66 % ni (jami bandlardan), AQShda esa 73 % ni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-maydagi PQ-1754 – sonli « 2012–2016- yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida»gi qarori xizmat ko‘rsatish va servis sohasida katta tarixiy voqea bo‘lib hisoblanadi. Ushbu qaror asosida respublikamizning barcha xizmat ko‘rsatish sohalarida 2012–2016- yillarga mo‘ljallangan xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilmoqda.2006–2011-yillarda xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlashtirish hisobidan eng avvalo kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida 1,1 mln yangi ishchi o‘rinlari yaratildi.29 Bu qaror asosida «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi turizmda xizmatlar ko‘rsatish bozorini tashkil qilish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlarni ishlab chiqmoqda.