Kirish Mavzuning dolzarbligi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish yirik hajmdagi investitsiyalarni talab etadi. Ushbu jarayonda moliya bozorlari, xususan, qimmatli qog‘ozlar bozori muhim rol o‘ynaydi. Qimmatli qog‘ozlar bozorining taraqqiy etish darajasi mamlakat moliya bozori rivojlanishini belgilab beruvchi muhim bo‘g‘inlardan biridir. Tizim rivojida uning tarkibidagi savdo tuzilmalarining kapitallashuv darajasi, aylanma hajmi yuqoriligi, qimmatli qog‘ozlarning daromadlilik darajasi hamda muomaladagi instrumentlar likvidligi asosiy ahamiyatga ega. Bundan tashqari, qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanishi va xalqaro integratsiyalashuvi mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashuvchi muhim omildir. SHu bois ham, iqtisodiyoti taraqqiy etgan barcha mamlakatlarda qimmatli qog‘ozlar bozori rivojiga alohida e’tibor qaratiladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish yo‘lida ko‘plab ezgu islohotlar amalga oshirildi. Bugun sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasida bir necha me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, tizimda echimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Quyida mazkur sohaga oid asosiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish orqali mamlakatimiz qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlanishi darajasi va muammolariga to‘xtalamiz.
Mamlakatimiz qimmatli qog‘ozlar bozori aylanmasining 2009-2015 yillardagi rivojlanish ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Qayd etilgan 2009 yilda qimmatli qog‘ozlar bozori aylanmasi 749,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilga kelib, mazkur ko‘rsatkich 2093,5 mlrd. so‘mga oshgan. Qimmatli qog‘ozlar bozori aylanmasi 2013 yilga kelib 977,4 mlrd. so‘mga pasaygan. 2014 yil ushbu ko‘rsatkich 1327 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkich 2015 yilga kelib keskin o‘zgargan, 264,4 %ga o‘sib, 3508 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Tabiiyki, bu holat qimmatli qog‘ozlar bozorida likvidli qimmatli qog‘ozlar muomalasini yanada oshirish uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini anglatadi.
Rivojlangan mamlakatlarda qimmatli qog‘ozlar bozori yoki fond birjasi kapitalizatsiyasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi (QQB/YAIM ko‘rsatkichi) juda yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkich Nyu-York va Tokio fond birjalarida 70-90 foizni, Koreya va London fond birjasida 100-120 foizni, Gonkong fond birjasida 1000-1200 foizni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz qimmatli qog‘ozlar bozorining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 1 foizga ham etmay kelyapti. Faqatgina o‘tgan 2015 yilda ushbu ko‘rsatkich 2,04 foizni tashkil etdi. Ushbu raqamlar qimmatli qog‘ozlar bozori mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda etarlicha o‘ringa ega emasligini ko‘rsatadi.
Qimmatli qog‘ozlar bozori taraqqiy etishida ikkilamchi bozorning rivojlanganlik darajasi va barqaror amal qilishi muhim o‘rin tutadi.
2009-2015 yillarda umumiy qimmatli qog‘ozlar bozorining juda katta qismi birlamchi bozor hissasiga to‘g‘ri kelgan. Faqatgina 2011 yilda umumiy qimmatli qog‘ozlar bozorida ikkilamchi bozorning ustunligi kuzatilgan. So‘nggi yillarda ikkilamchi bozorning hissasi keskin pasayib, umumiy qimmatli qog‘ozlar bozoridagi ulushi 2013 yilda 16,9 foiz, 2014 yilda 9,1 foiz va o‘tgan 2015 yilda 7,5 foizni tashkil etgan. Bu holat fond bozorida muomalada mavjud bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarning daromadlilik darajasi va likvidligi pastligini ko‘rsatadi. Qimmatli qog‘ozlarning daromadlilik darajasi va likvidligi pastligi investorlar qiziqishini kamaytiradi, natijada, fond bozorining jalb etish xususiyati kamayadi.
2009-2015 yillarda qimmatli qog‘ozlar bozorining umumiy aylanmasida uyushmagan bozor mutlaq ustunlikka ega bo‘lgan. Uyushmagan bozorda uyushgan bozor («Toshkent» Respublika fond birjasi va «Elsis-savdo» birjadan tashqari uyushgan bozori) ga nisbatan savdo hajmi yuqoriligining asosiy sababi, davlatga tegishli korxonalar aksiyalari xususiylashtirish yo‘li bilan bozorga chiqarilganligi jarayoni bilan bog‘liq. Uyushmagan bozorning umumiy bozor hajmida uyushgan bozorga nisbatan gipertrofirlashgan darajada ustunligining yana bir sababi uyushmagan bozorda transaksion (komission) xarajatlar minimal darajada ekanligi va ularni rasmiylashtirish osonligidir.
2009-2015 yillarda qimmatli qog‘ozlar bozori umumiy aylanmasi hajmida aksiyalar bozori obligatsiyalar bozoriga nisbatan juda katta farq bilan ustunlik qilgan. So‘nggi yillarda obligatsiyalar bozori aylanmasida keskin pasayish kuzatilib, bu holat uning umumiy bozor hajmidagi ulushi tushib ketishiga olib keldi.
Umumiy qimmatli qog‘ozlar bozorida aksiyalar bozorining hajmi tahlil qilingan so‘nggi ikki yilda 99 foizni tashkil etgan. Aksiyalar bozorining obligatsiyalar bozoriga nisbatan ustunligi umumiy qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanish darajasi yuqori ekanligini anglatmaydi.
YUqoridagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, 2015 yilda hududlarda sotilgan aksiyalarning aksariyat qismi birlamchi bozor hissasiga to‘g‘ri kelgan. Buxoro va Samarqand viloyatlari bundan mustasno bo‘lib, ushbu hududlarda ikkilamchi bozor birlamchi aksiyalar bozoriga nisbatan yuqoriroq ko‘rsatkichga ega. Jadval ma’lumotlaridan esa Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2015 yili aksiyalarning birlamchi savdosi umuman amalga oshirilmaganligini ko‘rishimiz mumkin.
Respublikamiz hududlarida amalga oshirilgan umumiy aksiyalar savdosi tahlili birlamchi aksiyalar bozorining ulushi 92,7 foizni tashkil etganligini ko‘rsatib turibdi. Hududlardagi aksiyalar birlamchi savdosida Toshkent shahrining ulushi 82 foizni tashkil etgan bo‘lsa, qolgan 18 foizi boshqa viloyatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hududlar kesimida aksiyalar ikkilamchi savdosining tahlili ham Toshkent shahrining ulushi 86 foizni tashkil etganligini ko‘rsatmoqda. Bu esa aksiyalar birlamchi va ikkilamchi savdolarining asosan, Toshkent shahrida amalga oshirilayotganligi va hududlar bilan taqqoslaganda juda katta nomuvofiqlik (disbalans) mavjudligini ko‘rsatayapti. Hududlardagi qimmatli qog‘ozlarning asosiy savdo aylanmasi ham aksiyalar hissasiga to‘g‘ri kelib, obligatsiya va boshqa turdagi qimmatli qog‘ozlar savdosi deyarli mavjud emas.
Umuman olganda, muomalada faqatgina aksiyalar va obligatsiyalarning mavjudligi mamlakatimiz qimmatli qog‘ozlar bozori moliyaviy instrument turlari va xilma-xillik nuqtai nazaridan u qadar boy emasligini ko‘rsatadi. Bu esa investorga instrumentlar jihatidan diversifikatsiya qilish imkonini bermaydi. Yuqoridagi muammolarni hal qilishning eng asosiy yo‘li – bu mamlakatimiz iqtisodiyotida yuqori ulushga ega bo‘lgan yirik korxonalarning davlat ulushi sifatida turgan qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish (hech bo‘lmaganda bir qismini) va investorlarga erkin sotish hisoblanadi. Muhimi, bu jarayon allaqachon boshlab yuborilgan.
Yuqorida tilga olingan masalalarning hal etilishi likvidli instrumentlar taklif etilishiga, qimmatli qog‘ozlarning daromadlilik darajasi o‘sishiga, aholining fond bozoriga ishonchi ortishiga olib keladi. Eng asosiysi esa bu orqali bozorning jalb qilish xususiyati ortishi hamda qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlanishini ta’minlashga erishish mumkin.