Bobaxanova Ikbola Otaxon qizi - Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura Biznes huquqi yo’nalishi magistranti
Telefon: +998935731066
ibobakhanova@gmail.com
Ilmiy rahbar: Rahmonkulova Nilufar Hojiakbarovna - Toshkent davlat yuridik universiteti “Xalqaro xususiy huquq” kafedrasi o’qituvchisi.
Roman-german va Anglo-sakson huquq tizimida shartnomalarning turlari hamda ularning oʻxshash va farqli jihatlari
Mustaqil mamlakatimizda o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar, ma’muriy buyruqbozlik tuzumidan voz kechish ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni va birinchi navbatda, ishlab chiqarish-xo‘jalik aloqalari o‘rnatishning bozor munosabatlariga mos shakl va uslublarni yaratishni taqozo qiladi. O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda bozor iqtisodiyotining asoslari yaratildi, bozor infratuzilmasi institutlarini tashkil etish va raqobat muhitini shakllantirish orqali bozor munosabatlarining mexanizmi ishga tushirildi, xususiy mulkchilik tiklanib, uning rivoji ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Iqtisodiy munosabatlar mulkchilikning turli shakllari, shu jumladan, xususiy mulk shakli negiziga qurilgan boʻlib, tovar-pul munosabatlari tizimida boshqaruvning demokratik uslublari qoʻllaniladigan jamiyatda shartnoma oʻz tabiati, mazmuni va koʻzlagan maqsadiga koʻra uning teng huquqli ishtirokchilari oʻrtasida qiymat, ekvivalentlilik va haq evaziga amalga oshirishga doir munosabatlarning yuridik tartibga solish vositasi sifatida xizmat qiladi. Shu oʻrinda bozor munosabatlarining asosi hisoblangan iqtisodiyotimizda tobora rivojlanib borayotgan barcha sohalarini huquqiy jihatdan tartibga solish vositalari ichida shartnomalar eng universal, demokratik vosita hisoblanar ekan, jahondagi turli huquq tizimlarida mavjud bo’lgan shartnomalarning turlari, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan shartnomalarning huquqiy mexanizmlari, fors-major holatlarida shartnomalarda nazarda tutiladigan majburiyatlarni bajarish masalalarini rivojlangan davlatlar qonunchiligi tajribasi asosida ilmiy tadqiq qilib o’rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “...iqtisodiy o‘sishga, avvalo, raqobatdosh sanoat zanjirlarini yaratish hamda bunday loyihalarga investitsiyalarni ko‘paytirish orqali erishiladi. Garvard universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, mamlakatimiz 50 dan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda barcha imkoniyatlar va nisbiy ustunliklarga ega. Ayniqsa, neftgaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat hamda “yashil iqtisodiyot” bilan bog‘liq sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimiz “drayverlari”ga aylanishi uchun barcha yetarli sharoitlar mavjud. Bu tarmoqlarda xususiy sektorning tashabbuslari va yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishi lozim.”1
Shartnomalar orqali huquqiy munosabat tartibga solinganda, undagi barcha ishtirokchilarning manfaati eng koʻp darajada ta’minlangan boʻladi. Odatda har qanday shartnoma ixtiyoriylik asosda vujudga keladi va shartnomalarda huquq va majburiyatlarni belgilashda mulkiy manfaatlar va shaxsiy ne’matlarni taqsimlashda oʻziga xos muvozanat, uygʻunlik oʻz mujassamini topadi. Garchi shartnomalar qadim-qadimdan fuqarolik huquqida, oila huquqida, mehnat huquqida va xalqaro huquqda qoʻllanilib kelinayotgan boʻlsa ham, bugungi kunda undan huquqni boshqa tarmoqlarida ham foydaydalanish holatlari kuzatilmoqda. Jumladan, jinoyat huquqida yarashuv, jinoyat protsessida sud bilan guvoh oʻrtasidagi, sud bilan sudlanuvchi oʻrtasidagi kelishuvlar buni yaqqol misoli hisoblanadi.
Bozor munosabatlari sharoitida esa shartnomalar – fuqarolar, yuridik shaxslar o‘rtasidagi fuqaroviy-huquqiy va iqtisodiy munosabatlarni o‘rnatuvchi asosiy huquqiy hujjat bo‘lib hisoblanadi. Shartnomalarning yetakchilik roli va iqtisodiy munosabatlarni o‘rnatishning yangi tamoyillari huquqiy jihatdan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi; mulk; kooperatsiya; ijara; tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari; dehqon xo‘jaligi, fermer xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi); aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish; banklar va bank faoliyati; xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risidagi va boshqa qonunlarda belgilab qo‘yilgan.2
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 353-moddasi shartnoma tushunchasiga ta’rif beradi va ushbu ta’rifdan kelib chiqib shartnomaning quyidagi xususiyatlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
– huquqiy munosabat sifatida: u ishtirokchilarning fuqarolik huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi, o‘zgartiradi yoki bekor qiladi;
– majburiyatlarni keltirib chiqaruvchi yuridik fakt sifatida: bitimning tuzilishi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni vujudga keltiradi;
– ishtirokchilarning xohish-irodasi bilan majburiyatning yuzaga kelishini qayd etuvchi hujjat sifatida: bitim yozma shaklda tuzilishi mumkin.3
Shubhasiz, bugungi kunda shartnomalarga alohida ahamiyat berilmoqda. Chunki shartnomalarda boshqa yuridik faktlarga qaraganda, taraflarning erki, irodasi toʻla ifodalanadi. Shartnomaga kirishuvchi shaxslar kim bilan, qancha, qachon shartnoma tuzishni u tufayli yetkazib berilishi lozim boʻlgan pul, tovar, ashyolarni qaysi muddatlarda, qanday transportlarda yetkazilishini, toʻlov amaldagi qanday shakllarda boʻlishini mutloqo oʻzi, mustaqil hal qiladilar. Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, shartnomalar tuzishning erkinligi, undan taraflarning oʻzaro manfaatdorligi, shartnomada shartnoma intizomining mustahkamligi (ya’ni, xalq tili bilan aytganda, “shartnomaning puldan qimmatligi”), unda ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan javobgarlikdan koʻra, mulkiy javobgarlikning keng belgilanishi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tobora ushbu huquqiy vositadan toʻlaroq foydalanishga jalb qilmoqda. Shartnomalar toʻlov intizomini kuchaytiradi, taraflarning faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantiradi, oʻz navbatida taraflarning mas’uliyatini oshiradi, xoʻjalikning debitorlik va kreditorlik holatini yaxshilaydi, pirovardida taraflarning barqarorligini ta’minlaydi. Bu esa, oʻz navbatida, jamiyatda tovarlar, xizmatlar va kapitallarning moʻl-koʻlligiga garovdir.4
Yuqoridagi fikrlarimizda nazarda tutilgan funksiyalarni bajarishda romano-german va anglo-sakson huquqiy tizimlaridagi shartnoma huquqining yondashuvi bir-biridan farqlanadi. O‘zbekiston Respublikasida shartnoma huquqi kodifikatsiya qilingan bo‘lib, qonuniy kuchga ega shartnomalarni tuzish qoidalari, elementlari va shartnoma turlari xususiy huquqning kodekslarida aks ettirilgan. Anglo-sakson huquq tizimida esa asosan sud pretsedentiga asoslanganligi tufayli shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan qoidalar va prinsiplar ham kodifikatsiya qilinmagan. Anglo-sakson huquqiy tizimida shartnoma “butun bozorni tortib turadigan lokomativ”ga tenglashtiriladi. Shartnomaning ijtimoiy vazifasi mahsulotlar, ishlar va xizmatlar bozoridagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishdan iborat va shartnomaning iqtisodiy jihati asosan “to‘lov” (consideration) doktrinasi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu doktrina tekinga tuziladigan shartnomalarni taqiqlaydi.
Ingliz huquqi bir necha davlatlar huquq tizimining eng afzal jihatlarini o‘zida jamlagan huquq majmuasi bo‘lib, qo‘shma korxonalar tuzish, investitsiya kiritish kabi ko‘plab sohalarda undan ko‘p foydalaniladi. Egiluvchanlik, shaffoflik, bashorat qila olish va eng muhimi, tezlik bu tizimning afzal jihatlaridir. Shu o‘rida xalqaro ekspert Sebastyan Louson dunyodagi arbitraj markazlarining 40 foizi aynan ingliz huquqi asosida ish yuritishini quyidagi fikrlari asosida ta’kidlab o‘tadi: - “U ochiq tizim, ziddiyatlarni samarali hal etish imkonini beradi. Ingliz huquqini men “bag‘rikeng” deb sifatlayman. Chunki unda sotuvchi ham, xaridor ham jabr ko‘rmaydi. Har ikkisining manfaatlari inobatga olinadi. Bu huquq tizimiga ko‘ra, shartnoma aniq va lo‘nda tuzilishi kerak, abstrakt tushunchalar uning uchun yot.” 5
Shartnoma erkinligi tamoyili asosidagi qoidaga ko‘ra taraflar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan istalgan shartnomalarni tuzishlari mumkin. Bizning qonun hujjatlarimizda nazarda tutilmagan, anglo-sakson huquq tizimi amal qiluvchi davlatlarda mavjud bo’lgan shartnomalar, jumladan, distribyutorlik shartnomasi, volontyorlik shartnomasi, tansoqchi xizmati boʻyicha fuqarolik shartnomasi, tolling (xom ashyoni qayta ishlash uchun topshirib, birlamchi, ikkilamchi tayyor mahsulotlarni oʻziga qaytarib olish haqida shartnoma), agentlik shartnomasi, konsignastiya shartnomasi, notijorat hamkorligi shartnomalari bo’yicha normativ-huquqiy bazani shakllantirish g’oyatda muhim hisoblanadi. Bu esa o’z navbatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarini tartibga solishning samaradorligini oshirish barobarida ushbu sohadagi ko’plab muammolarni hal qilishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |