Bu bo’limga yuksak o’simliklarning eng soda tuzilishga ega bo’lgan vakillari kiradi. Shotlandiyalik paleobotanik D. Skot bu guruhga kiruvchi o’simliklarni alohida bo’limga ajratishni taklif etgan va ularni dasavval psilofitlar (Psilophyta), keyinchalik esa riniyafitlar (Rhyniophyta) deb atagan.
Bu bo’lim vakillari bizgacha yetib kelmagan, ularning qazilma holda topilgan turlari tuzilishi jihatidan yuksak o’simliklarning evolyusiyasini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
1859 yilda kanadalik geolog D. Dauson Kanadadan devon davriga xos qoldiqlardan noma’lum yuksak o’simliklarning g’aroyib bir qoldig’ini topgan. Uning dixotomik shoxlangan tanasi bo’lib, barglari bo’lmagan.O’tkazuvchi sistemasi esa tipik protostel holatda bo’lib, soda (primitiv) hisoblanadi. Topilgan o’simlikning sporangiysi uning dixotomik shoxchalarining ustida joylashgan. Yer ostki organlari esa topilmagan. Dauson topgan bu o’simligiga Psilophyton princeps deb nom bergan.
1912 yilning kuzida Shotlandiyada Rhynia turkumiga oid o’simlik topiladi. 1937 yilda Buyuk Britaniyada paleobotanik U. Lang sodda yuksak o’simliklarning riniyalardan ham qadimgi vakilini yuqori silur qoldiqlaridan Kuksoniya (Cooksonia) deb atalgan yangi turkumni aniqlaydi. Keyinchalik kuksoniyaning qoldiqlari yuqori silur qatlamlaridan Chexiya, markaziy Qozog’iston, Nyu-York shtatidan, Shotlandiyadan va G’arbiy Sibirdan ham topilgan. Kuksoniyalar ham bundan 415 mln. yillar oldin yashagan o’simliklar ekanligini paleobotanik materiallar tasdiqlaydi. Bu qoldiqlar silur davridan to devon davrining oxirigacha yashagan eng qadimgi yuksk o’simliklar sanalib, ular dastlab psilofitlar bo’limiga birlashtirilgan. Hozirda ko’pchilik olimlar ularni riniyatoifalar (Rhyniophyta)deb atashadi. Ular elementar o’q organi kauloid va undagi filloid hamda rizoidlardan iborat. Evolyusiya jarayonida kauloidlardan yirik barglar (paporotnik barglariga o’xshash) kelib chiqqan.
Filloidlar esa kauloidda o’rnashgan bo’rtma o’simtlar bo’lib, plaunlarning kichik barglari-mikrofillarningkelib chiqishi bilan bog’liq deb ko’rsatiladi. Riniyafitlar sporofiti ildiz va barglarga ega bo’lmagan dixotomik shoxlangan telomdan iborat bo’lgan. Kauloidining uchida joylashgan sporangiylarda teng sporalar (izosporalar) hosil bo’lgan. Ularning kauloidining anatomik tuzilishi primitiv bo’lib, o’tkazuvchi to’qimalari soda tuzilishga ega protostel tipida bo’lgan. Sprangiylari qalin po’stli va sharsimon, uzunchoq shakllarda, diametri 1 mm gacha, riniyalarda esa uzunligi 12 mm gacha yetgan. Dastlabki yuksak o’simliklar dengiz bo’ylarida va katta suv havzalari atrofidagi botqoqliklarida o’sgan. Riniyafitlar bo’limi bitta riniyasimonlar ajdodi va 2 ta qabilaga: riniyanamoldar va psilofitnamolarni o’z ichiga oladi.