Monografiya tayyorlangan asosiy tashkilot:
Toshkent tibbiyot akademiyasi
Tuzuvchilar:
F.N.Lochinov TTA sud tibbiyoti va
tibbiyot huquqi kafedrasi
assistenti, t.f.n.
I.I.Baxriyev TTA sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi
mudiri, t.f.n., dotsent
Taqrizchilar:
Z.A.G‘iyosov TTA sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi
professori, t.f.d.
Sh.I.Ro‘ziev ToshPMI sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi
dotsenti, DSc.
Ushbu monografiya Oliy tibbiy o‘quv yurtlarining talabalari hamda sud tibbiyoti va tibbiyot
huquqi kafedrasi magistrlari uchun mo‘ljallangan. Monografiyada biologik tabiatga ega bo‘lgan
ashyoviy dalillar, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, jinoyatlarning ochishdagi ahamiyati, hodisa
sodir bo‘lgan yoki murda topilgan joyda biologik tabiatga ega bo‘lgan
ashyoviy dalillarning
topish, yig‘ish, o‘rash, tegishli laboratoriyalarga yuborishning tartib-qoidalari, sud-tibbiy
ekspertiza tayinllash va o‘tkazishning protsessual asoslari hamda tekshirish usullari to‘g‘risida
ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, qon va qon dog‘larining sud-tibbiy tekshiruvi bo‘yicha
aniqlangan yangi usullar hamda biologik tabiatga ega bo‘lgan ashyoviy dalillarning sud sitologik
va DNK tekshiruvlari to‘g‘risida so‘nggi yillarda to‘plangan ma’lumotlar berilgan.
Monografiya Toshkent tibbiyot akademiyasi markaziy ilmiy-uslubiy
Kengashi majlisida muhokama qilindi
(bayonnoma №3. “14” dekabr 2021 yil).
Monografiya Toshkent tibbiyot akademiyasi Ilmiy Kengashi majlisida
tasdiqlandi
(bayonnoma №5. “22” dekabr 2021 yil).
TTA Ilmiy Kengashi
kotibi ____________ Ismailova G.A.
3
KIRISH
O‘zbekistonda huquqiy davlatning barpo etilishi hamda demokratik
jamiyatning vujudga kelishining ilk kunlaridan boshlab fuqarolar sog‘lig‘i, hayoti,
huquq va erkinliklari qonun tomonidan himoyaga olinishi masalasiga katta e’tibor
qaratildi.
Huquqni muhofaza qilish idoralari ish faoliyatida gap insonning sog‘ligi,
hayoti va o‘limi ustida borgan hollarda, og‘ir
jinoyatlar, masalan, odam o‘ldirish,
nomusga tegish, qasddan tan jarohati yetkazish, yo‘l-transport hodisalari sodir
etilganda, noma’lum murdalar,
jabrlanuvchi, ayblanuvchi, gumondorlar shaxsini
aniqlashda xizmat qiluvchi yoki o‘zida sodir etilgan jinoyat belgilarini saqlagan
biologik tabiatga ega bo‘lgan ashyoviy dalillarning
sud-tibbiy ekspertizasini
o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega. Bunday ob’ektlar sifatida odam tanasi qismlari
(soch, tirnoq, teri, suyak qoldiqlari) hamda ajratmalari (qon, so‘lak, sperma, siydik,
ter va x.k.) va ularning hujayra elementlari, shuningdek, hayvonlar to‘qimalari
(qon, sochlar, suyaklar va boshqalar) xizmat qiladi.
Sodir etilgan jinoyatlarini issiq izidan fosh etilishida huquq-tartibot idoralari
xodimlarining ekspertlar bilan birgalikda ishlashlari
jinoyatning ochishda muhim
ahamiyat kasb etadi.
Hodisa sodir bo‘lgan joyining tekshiruviga sud-tibbiy ekspertini jalb qilish,
biologik tabiatga ega bo‘lgan ashyoviy dalillarning to‘g‘ri topish, yig‘ish, o‘rash,
o‘z vaqtida tegishli laboratoriyalarga yuborish, laborator tekshiruvlar
imkoniyatlaridan keng foydalanish ekspertiza samaradorligini oshiradi.
Talabalar, jumladan sud tibbiyoti yo‘nalishi bo‘yicha
magistrlar, fanning
asosiy bo‘limlaridan biri hisoblangan ashyoviy dalillar ekspertizasi bo‘yicha
zaruriy bilimlarga ega bo‘lishi hamda ekspertiza jarayonidagi turli vaziyatlarni
to‘g‘ri baholay olishi uchun biologik tabiatga ega bo‘lgan ashyoviy dalillar
yuzasidan ekspertizalar tayinlash va o‘tkazishning
protsessual asoslarini, hodisa
joyida ashyoviy dalillarni topish, to‘g‘ri olish, o‘rash, tegishli laboratoriyalarga
yuborish
tartib-qoidalarini, tekshiruv usullarini o‘zida mujassamlashtirgan ushbu
monografiya tayyorlandi.