4. Funksional - qiymat tahlili usulini boshqaruv hisobida qo’llash
Funksional-qiymat tahlili (FQT) usuli obyekt (mahsulot, jarayon, tuzilma)ni tizimli tado’iq qilishning sifat va foydaliligini oshirgan holda uni loyihalash, ishlab chiqish va foydalanish sohalarida xarajatlarning eng kichik miqdorini ta’minlovchi usuldir.
FQT iqtisodiy tahlilning istiqbolli usuli sifatida boshqaruv hisobining muhim tarkibiy qismi va vositasi hisoblanadi.
Raqobatli bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalar o’z iqtisodiy faoliyatini tashkil etishda doimo ichki va tashqi omillar ta’siriga duch keladi. Bu kabi holatlar har bir korxona va firmaga moliyaviy-xo’jalik faoliyatini chuqur tahlil qilish asosida oqilona boshqaruv qarorlari, chora-tadbirlarini qabul qilish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Bu masalalarni hal etishga FQT usulini qo’llash asosida osongina erishish mumkin. FQT usulidan jahon iqtisodiyotida, xususan, rivojlangan mamlakatlar amaliyotida keng foydalanilib kelinmoqda.
Xorij amaliyotida funksional - qiymat tahlilidan “qiymat tahlili” va “muhandislik qiymat tahlili” nomi ostida foydalanilmoqda. Birinchi atamada so’z mavjud mahsulotlar tahlili haqida borsa, ikkinchisi – yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish loyihalashtirilayotganda qo’llaniladi, biroq, har ikki turdagi tahlilning maqsadi bir: ikkalasi ham oz miqdordagi xarajatlar hisobiga mahsulotlarning muqobil sifatlarini ta’minlash uchun mo’ljallangan. Ushbu usulni izohlash uchun xorij amaliyotida “boylikka rahbarlik qilish” yoki “boylikni boshqarish” atamalari tobora ko’proq qo’llanilmoqda.
Dastlab funksional-qiymat tahlili usuli faqat ortiqcha xarajatlarni aniqlashning muhim vositasi hisoblangan. Biroq, undan hozirgi kunda mahsulotlarni loyihalashtirish va ishlab chiqarish jarayonida turli tadbirlarni tashkil etish va boshqarish sohasida samarasiz boshqaruv qarorlari qabul qilishni bartaraf etish maqsadida keng foydalanila boshlandi.
Funksional-qiymat tahlili usuli mahsulot ishlab chiqarish va u bilan bog’liq boshqa xarajatlarni pasaytirishda foydalaniladigan usullardan tubdan farq qiladi, chunki, u funksional yondashuvni nazarda tutadi. Bu yondashuvning mohiyati obyektni muayyan shaklda emas, balki u bajaradigan funksiyalar nuqtai-nazaridan tahlil qilib chiqishdir.
Funksional yondashuv nafaqat buyurtmachilarning muayyan ehtiyojlarini o’rganish, balki bu ehtiyojlarni miqdor va sifat jihatlarini chuqurroqtahlil etish, ularni ishlab chiqarishga muvofiqlashtirish talab qiladi.
Funksional-qiymat tahlilida funksiya deyilganda, munosabatlarning ayni tizimida biron-bir obyekt xususiyatini tashqi tomondan namoyon bo’lishi tushuniladi.
Funksional-qiymat tahlilining obyekti sifatida uning funksiyalari (mahsulotlar va jarayonlarning iste’mol xususiyatlari) ya’ni, iste’mol qiymati, nafliligi bilan bu funksiyalarni yaratishga sarflangan jonli va buyumlashgan mehnat xarajatlari o’rtasidagi munosabat tushuniladi.
FQTning predmeti esa aniq mehnat mahsuli (mahsulotlar va jarayonlar)ning iste’mol qiymati va qiymati o’rtasidagi sabab-oqibat aloqasi hisoblanadi.
Funksiyalar obyektiga qarab asosiy, yordamchi va keraksizlarga bo’linadi.
Asosiy funksiyalar xarajatlarni ularning qiymati va iste’mol qiymati nuqtai-nazaridan tahlil etishdan iborat. Yordamchi funksiyalar deyilganda asosiy funksiyalarni bajarishga yoki ularni to’ldirishga imkon beruvchi funksiyalar tushuniladi. Keraksiz funksiyalar tuzilmaning asosiy vazifasini bajarishga imkon bermaydi, aksincha, obyektning texnik jihatlari va iqtisodiy ko’rsatkichlarini yomonlashtiradi.
FQT usulini iqtisodiyotning ishlab chiqarish, qishloq xo’jaligi, qurilish, xizmat ko’rsatish, savdo-sotiq kabi sohalariga samarali joriy etish imkoniyati mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |