7-MAVZU: BOSHQARUV HISOBIGA YO’NALTIRILGAN YANGI TEXNOLOGIYA VA INNOVASIYALAR (4 soat)
Reja:
1.“Standart - kost” tizimining xususiyati va mohiyati
2.“Direkt - kost” tizimining xususiyati va mohiyati
3.“ JIT ” va “ABC ” tizimlari boʼyicha boshqaruv hisobini tashkil yetish
4.Funksionl-qiymat tahlili usulini boshqaruv hisobida qo’llash
5.1.“Standart-kost” tizimining xususiyati va mohiyati
Iqtisodiyotni modernizasiyalash sharoitida buxgalteriya hisobini yuritishning zamonaviy sharoitida strategik va taktik xususiyatga ega bo’lgan boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayoni korxonaning xarajatlari va moliyaviy natijalari haqidagi axborotga tayanadi. Bu vazifani bajarishda “Standart-kost” hisob tizimi korxona xarajatlarini boshqarishda samarali qurollardan biri hisoblanadi. Uning asosida belgilangan normalar doirasida hamda ulardan chetlanishlar bo’yicha hisob yuritish va nazorat qilish tamoyillari yotadi.
“Standart-kost” atamasi ikki so’zdan tashkil topgan: “standart”-mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun zaruriy bo’lgan moliyaviy, moddiy va mehnat xarajatlari uchun oldindan hisoblab qo’yilgan xarajatlarni normativini anglatsa, “kost” so’zi esa mahsulot birligiga to’g’ri keladigan xarajatlarni bildiradi. Shunday qilib, “Standart-kost” so’zi to’liq ma’nosida standart xarajatlarni anglatadi.
Standartlar - eng avvalo, ishlab chiqarishning bevosita xarajatlaridan foydalanish ustidan nazoratni o’rnatishga qaratilgan va bir-biriga bog’liq, smetalar esa taqsimlanadigan xarajatlar nazorati uchun mo’ljallangan.
«Standart-kost» tizimi - bu xarajatlar hisobi va tannarx aniqlash tizimi bo’lib, unda ishlab chiqarilgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) tannarxi avvaldan puxta, obdon hisoblab chiqilgan normativ xarajatlar yordamida baholanadi, keyin esa haqiqiy qilingan xarajatlar bilan taqqoslanadi. Normativ va haqiqiy xarajatlar o’rtasidagi farq chetlanish deb ataladi. Xarajatlarni samarali boshqarishning muhim vositalaridan biri chetlanishlar tahlili deb yuritiladi.
“Standart-kost” tizimining tarkibi moddalar bo’yicha xarajatlarning quyidagi dastlabki (ishlab chiqarish jarayoni boshlanguncha) normalaridan tashkil topadi:
asosiy materiallar;
asosiy ishlab chiqarishda band bo’lgan ishchilarning mehnat haqi;
ishlab chiqarishdagi taqsimlanadigan xarajatlar (yordamchi ishlab chiqarishdagi xodimlar ish haqi, yordamchi materiallar, ijara haqi, jihozlar amortizasiyasi va h.k.)
sotish xarajatlari (mahsulotni sotish bo’yicha xarajatlar).
“Standart-kost” hisob tizimi bo’yicha foyda quyidagi tartibda aniqlanadi:
Mahsulot sotishdan olingan yalpi daromad;
Mahsulotning standart tannarxi;
Yalpi foyda (1q-2q);
Standartlardan chetlanishlar;
Foyda (3q-4q).
Standartlar va normalar yordamida hisoblab chiqilgan kalkulyasiyalar ishlab chiqarish va xarajatlarni tezkor boshqarish uchun asos bo’lib hisoblanadi. Xarajatlarning belgilangan standart normalaridan chetlanish darajasi mazkur chetlanishlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun tahlil qilinadi. Bu esa ma’muriyatga ishlab chiqarishdagi kamchiliklarni tezkor bartaraf etishga, kelajakda ham ularning oldini olishga imkon yaratadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, “Standart-kost” hisob tizimi xorij amaliyotida normativ hujjatlar bilan belgilab qo’yilmagan, shu sababli bu tizim standartlarni belgilashni va hisob qaydnomalarini yurgizishning yagona usuliga ega emas, natijada birgina korxona ichida ham bazisli, joriy, mutlaq, taxminiy va yengillashtirilgan kabi turli normalar amal qiladi.
Normalarni belgilashda mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo, ishchi kuchi va xizmatlar xarajatini tabiiy holda ifoda etishga imkon beruvchi miqdoriy standartlardan keng foydalaniladi.
«Standart-kost» hisob tizimi quyidagi afzalliklarga ega:
«Standart-kost» tizimi xarajatlarni operativ boshqarishga ko’maklashadi. Chetlanishlarni o’rganishda e’tibor reja va normativlar mos kelmaydigan obyektlarga qaratiladi. «Standart-kost» tizimida chetlanishlar boshqa tizimlardan ko’ra tezkor va ancha aniq hisoblanadi;
ishlab chiqarish texnologiyalarini modernizasiya qilish va qo’llashga ko’maklashadi. Investisiyalar asosan tejamli texnologiyalarga yo’naltirilishi lozimligi sababli, ishlab chiqarish texnologiyalari doimo qayta ko’rib boriladi. Zarur paytda foydalanilayotgan ayrim elementlargina emas, balki butun texnologiya ham qayta ko’rib chiqilishi mumkin;
xarajatlarni qattiq va aniq nazorat qilishni ta’minlaydi.
«Standart-kost» hisob tizimi tayyor mahsulot va uning tarkibiy qismlari aniq baholanishini nazarda tutadi. Normativ xarajatlar bu tizimda nafaqat o’rtacha norma, balki avvalgi yillar tajribasi asosida sinalgan kompleks baholash mezonlaridir.
Yuqoridagi ijobiy tomonlar bilan birgalikda «Standart-kost» tizimining quyidagi kamchiliklari ham mavjud:
«Standart-kost» tizimini qo’llash va uni takomillashtirish ko’p vaqt va xarajatlar talab qiladi. Ammo amaliyot ko’rsatishicha, ishlab chiqarish samaradorligini oshishi hisobiga bu xarajatlar tezda qoplanib ketadi;
«Standart-kost» tizimi iqtisodiyotda baholar, foiz stavkalari, ishlab chiqarish texnologiyalari va usullari intensiv o’zgarib turadigan, beqaror sharoitlarda ijobiy samara bermay, o’z dolzarbligini yo’qotadi. O’z navbatida, bunday sharoitlarda tizim xarajatlarni operativ nazorat qilishdagi ustuvor vazifalarni bajarmay, samarali boshqarish dastagi rolini ijro etmay qoladi;
xususan, bozordagi raqobat natijasida shakllangan bahoning o’zgarishi va inflyasiyani, ombordagi tayyor mahsulotlar qoldig’i va tugallanmagan ishlab chiqarish qiymatini hisoblashni murakkablashtiradi;
standartlarni barcha ishlab chiqarish xarajatlariga qo’llab bo’lmaydi, shu sababli ularni nazorat qilish susayadi;
korxona qisqa muddat ichida tavsif va tipi bo’yicha turli buyurtmalarni katta miqdorda bajarayotganda standartlarni har bir buyurtmaga hisoblab chiqish imkoni chegaralangan. Bunday hollarda ilmiy asoslangan standartlar o’rniga har bir mahsulotga o’rtacha qiymat belgilanadi, u mahsulotga baho belgilash uchun asos (bazis) bo’lib hisoblanadi.
Ushbu kamchiliklarga qaramay korxonalarning rahbarlari ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini kalkulyasiyalash, shuningdek, boshqarish, rejalashtirish va zaruriy qarorlar qabul qilish uchun nazorat o’rnatishning ishonchli quroli sifatida “Standart-kost” hisob tizimidan foydalanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |