Biologik preparatlar
Mazkur guruh preparatlariga zamburug‘ va bakteriyalarga qarshi qo‘llaniladigan antibiotik moddalar kiradi. Ular o‘simlik tanasida tarqalish, unda saqlanish hamda ularni zarar-sizlantirish xususiyatlariga ega.
Antibiotiklar o‘simliklar uchun zaharsiz, ammo inson va issiqqonli hayvonlar uchun o‘rtacha zaharlidir.
Trixotetsin – Trichotecium roseum Link. zamburug‘idan olingan antibiotik, keng spektrli fungitsid xususiyatiga ega, ammo bakteritsidlik faollikka ega emas. Trixotetsin sariq rangli kristall moda, suvda kam eriydi, organik erituvchilarda yaxshi eriydi. Biologik faolligi 1000 mkg/mg. Issiqqonli hayvonlarga o‘rtacha zaharli. Masalan LD50 – kalamushlar uchun 360 mg/ga ni tashkil etadi. O‘simliklarning yotib qolishiga qarshi urug‘larni ekishdan oldin namlash yoki changlatishda qo‘llaniladi.
Trixotetsinning 1% li dusti (faolligi 100000 mkg/g) ildiz chirish, yotib qolish kasalligiga qarshi ishlatiladi.
10% namlanuvchan trixotetsin kukuni (faolligi 100000 mkg/g) un-shudring kasalligiga qarshi himoyalangan joyda qo‘llash uchun tavsiya qilingan.
Fitobakteriomitsin (FBM) – aktinomitset Actinomyces lavendulae dan olinadi, antibiotik sof holatda sarg‘ish rangli amorf kukun, suvda yaxshi eriydi. Biologik faolligi 3500-4000 yed/mg. U keng spektrli bakteritsid va fungitsid holatida ta’sir qiladi. Antibiotik o‘simlik tanasiga kirib, eritmaning konsentratsiyasiga qarab bir qancha vaqt saqlanishi mumkin. U issiqqonli hayvonlarga o‘rtacha zaharli. Ekishdan oldin urug‘larni dorilashda hamda manzarali va mevali daraxtlarining urug‘larini quruq dorilashda qo‘llaniladi.
Antiseptiklar
Antiseptiklarga zamburug‘lar uchun zaharli bo‘lgan, ya’ni ularni yo‘qotish yoki o‘sish qobiliyatini pasaytirish uchun qo‘llaniluvchi moddalar kiradi. Ular daraxtlarning yog‘och qismini zararlanishidan himoya qilishda qo‘llaniladi.
Yaxshi antiseptik quruq yoki ho‘l bo‘lishidan qat’iy nazar, daraxt ichiga tezda kira olish va unda 40-50 yil davomida ta’sir kuchini yo‘qotmasligi, issiq haroratda, suv va kislorodda parchalanmasligi kerak. Antiseptik eritmaning tuzilishiga sezgir bo‘lmasligi, daraxt yog‘ochining ranggini o‘zgartirmasligi, bo‘yamasligi va keskin hidga ega bo‘lmasligi kerak.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha talablarga javob beradigan universal antiseptik mavjud emas, shuning uchun muayyan daraxtning yog‘och qismiga mos, uni ishlatish va ekspluatatsiya qilinishiga qarab antiseptiklar tanlanadi.
Daraxtlarni saqlash uchun antiseptiklar bilan ishlov beriladi yoki ular daraxt tanasiga singdiriladi. Ustki qismini berkitish uchun ular daraxtlarga surkaladi, purkaladi yoki namlanadi. Bu tadbirlar yuqori samaralidir. Yanada chuqurroq antiseptiklashga diffuziya yo‘li bilan yoki yog‘ochlarni vannalarda sovuq yoki issiq antiseptiklarda namlab erishish mumkin.
Kuchli singdirish ayniqsa bosim ta’sirida qizdirish-sovuq vanna va maxsus singdirish silindrlarida (avtoklavlarda) vakuum va yuqori bosimda o‘tkazilganda yuzaga keladi.
Yog‘ochlarga singdirish uchun har xil antiseptiklar qo‘llaniladi. Ular 3 ta asosiy guruhga bo‘linadi: suvda eriydigan; yengil organik eritmalarda eriydigan va yog‘da eriydigan.
Yog‘ochdan yuvilib chiqish xususiyatlariga qarab esa bir qancha sinflarga bo‘linadi: oson yuviladigan, yuviladigan, qiyin yuviladigan va umuman yuvilmaydigan.
Xorijiy mamlakatlarda bazilit, bolmanit va ayniqsa donalit kabi omuxtalashtirilgan antiseptiklar keng qo‘llaniladi. Ularning hidi yo‘q, suvda eriydi, zamburug‘ va hasharotlarni keskin zaharlaydi va yog‘ochning yonishga chidamliligini oshiradi. Antiseptik yog‘och tolalariga yaxshi birikadi, natijada ularning ta’sir kuchi 4-5 marta ortadi. Hozirgi kunda donalitlarning har xil tiplari ishlab chiqilgan, ular shpallar, qurilish detallari va telefon ustunlarida qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |