Reja:
Kirish.
1. Jahon soliq modellarining o’ziga xos xususiyatlari.
2. O’zbekiston Respublikasi soliq tizimining jahon soliq tizimi modellari bilan solishtirma tahlili.
3. AQSHda soliq tizimi va O’zbekiston Respublikasi soliq tizimi bilan solishtirma tahlili.
4. Germaniyada soliq tizimi va O’zbekiston Respublikasi soliq tizimi bilan solishtirma tahlili.
5. Fransiyada soliq tizimi va O’zbekiston Respublikasi soliq tizimi bilan solishtirma tahlili.
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
Kirish.
Rivojlangan mamlakatlarning soliq tizimlari ko’pgina umumiy xususiyatlari va belgilari bilan bir-biridan ajralib turadi. Ularni biz shartli ravishda bir necha turlarga bo’lishimiz mumkin:
- amerika modeli;
- yaponiya modeli;
- Yevropa modeli;
- noandozaviy model.
Bu modellarning umumiy belgilari quyidagilar:
- rivojlangan qonunchilik bazasining mavjudligi, vujudga keladigan munozaralar, vazifalar hamda turli xil holatlarni hal etishning huquqiy va iqtisodiy vositalari, mexanizmlari va usullari;
- soliq organlari tashkil etilishining yuksak darajasi (texnika vositalari bilan ta’minlanganligi, yuqori ish haqi, zamonaviy aloqa vositalari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqa qilish darajasi);
- soliq idoralarining soliq to’lovchilari oldida ishonchga va yuksak obro’ga ega ekanligi;
- vazirliklar va idoralar vazifalarining aniq chegaralanib qo’yilganligi va ular ishida bir-birini takrorlashning yo’qligi;
- hukumatning vakili bo’lgan va uning nomidan ish olib boradigan soliq agentining (inspektorining) katta ahamiyatga va obro’ga ega ekanligi;
- kadrlarni tahlil etish, o’rganish, oldidan belgilash, o’qitish, soliq to’lovchilar (jamoatchilik) bilan aloqalar bo’yicha institutlarning mavjudligi;
- soliqqa tortish tizimini tashkil qilish, rivojlantirish nazariyasi va amaliyoti yuksak darajada o’zaro bog’liqligi, qabul qilinadigan qarorlarning ilmiy asoslanganligi hisoblanadi;
- soliq idoralarining, ayniqsa, axborot almashinish sohasida moliya organlari va bank tizimi bilan chambarchas bog’liqligidir.
Amerika modeli quyidagi belgilari bilan klassifikatsiyalanadi:
- soliq tizimi bo’yicha soliq to’lovchilarining tushunishi uchun murakkabligi, shu sababdan mamalakatda 50 mingdan ortiq mustaqil holda xususiy soliq maslahatchilari ish olib borib, shu tizimga doir bo’lgan muammolarni echishga harakat qilmoqda;
- mamlakatning soliq tizimi juda katta boshqaruv tizimi hamda ijrochilik apparatiga egaligi bilan alohida ajralib turadi;
- soliq organlari umumiy tuzilishini mamlakat miqyosida qat’iy markazlashtirishning yo’qligi, mamlakat soliq idoralarining uch darajali, ya’ni federal, shtat va shahar darajalarining har bir vakilining to’liq qarashligi va mustaqilligi;
- naqd pul bilan ishlaydigan kichik biznesning (savdo rastalaridan savdo qiluvchilar, ko’chadagi savdo va xizmatlar va shularga o’xshagan faoliyat turlari) daromadlarini nazorat qilishning samarali usullari AQSHda yo’lga qo’yilmagan;
- noqonuniy daromad manbalari (o’z daromadlarini yashiruvchilar va soliqlarni to’lashdan bo’yin tovlovchilar) to’g’risida ma’lumot beruvchi ko’ngilli axborotchilar tarmog’ining mavjudligi;
Jahon soliq tizimining Yaponiya modeli quyidagi asosiy belgilari bilan xarakterlanadi:
- moliya, soliq, bank, sug’urta, bojxona xizmatlari va shu kabi davlat budjetini sarmoyaga to’ldiradigan tizimlar Yaponiya Moliya vazirligi nazorati ostida hisoblanadi;
- Yaponiyada juda yuksak darajada vatanparvarlik ruhi, mamlakatga, davlat boshqaruv organlariga, vazirliklarga, mehnat bo’limi bitimini imzolagan kompaniyaga, firmaga, muassasaga sodiqlik hissi mavjudligi va natijada kadrlar qo’nimsizligining yo’qligi, shu jumladan soliq organlari tizimida ham kuzatilmaydi;
- quyidan to yuqorigacha bo’lgan boshqaruv apparati o’rtasidagi o’zaro munosabatlarda subordinatsiya tamoyiliga qat’iy rioya qilinishidir. Olis istiqbol uchun oldindan belgilangan ko’rsatkichlarning tuzilishi.
Masalan, borib-borib soliq to’lovchilar va budjetdan nafaqa oluvchilarning sonining oshib ketish siklini yaponlar hisoblab chiqqan bo’lib, buning natijasida nafaqaxo’rlar sonining oshib ketishi va soliq to’lovchilar sonining kamayib ketishini aniqlagan.
Yevropa modeli quyidagi belgilari bilan boshqa modellardan ajralib turadi:
- Yevropadagi mamlakatlar o’rtasida iqtisodiy birlashishga doimiy intilish mavjud. Shuning uchun ularning iqtisodiyotdagi ayrim boshqaruv tizimlarini ko’rib chiqadigan bo’lsak, ular bir-biriga juda yaqin. Shu boisdan ularning soliq tizimi jahon amaliyotida “Yevropacha model” deb yuritiladi;
- soliq faoliyatining unitar shakllari mavjud bo’lib, bularga yagona andozalar, yondashuvlar, talqin qilishlar, soliq deklaratsiyalarining shakllari, ish prinsiplarini kiritish mumkin.
Noandozaviy yoki moslashgan modellar odatda ayrim kichik hududli yoki orollarda joylashgan davlatlarda, erkin iqtisodiy zonaga ega (offshore zonali) davlatlarda va qator boshqa davlatlar (masalan, Kipr, Lyuksemburg, Maldiv orollari) soliq tizimlarida mana shu model amal qilishi mumkin. Ular uchun turli soliq imtiyozlari va engilliklari, “soliq ta’tillari” deb nomlanadigan hududlar shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |