Endoekologik kasalliklarga, shuningdek, mikroblar, viruslarning mutatsiyalanishi tufayli vujudga keladigan kasalliklar ham kiradi. Tashqi muhitda mikroblarning 1000 dan ortiq turi, viruslarning 250 dan ko`proq turi, zamburug` va boshqa mikroorganizmlarning 200 dan ortiq turlari borligi aniqlangan. Bularning ko`pchiligi odamda kasallik qo`zg`atish xususiyatiga ega, ba`zilari esa kasallik qo`zg`atish xususiyatiga ega emas.
Masalan, mavjud bo`lgan 250 dan ziyod viruslarning 100 ga yaqini odamda turli xil kasalliklarni qo`zg`atadi, qolganlari kasallik qo`zg`atmaydi. Ammo, tashqi muhit sharoitini uzoq yillar davomida o`zgarishi tufayli, bu viruslarning ayrimlari tabiiy mutatsiyaga uchrab, odamda kasallik qo`zg`atish xususiyatiga ega bo`layotgani hayotda isbotlanayapti. Chunonchi,
- OITS (SPID) kasalligini qo`zg`atuvchi virus ming yillar davomida maymunlar tanasida parazitlik qilib, ularda kasallik qo`zg`atgan. Ammo, odamda kasallik qo`zg`atmagan. Tashqi muhitning o`zgarishlari tufayli bu virus tabiiy evolyutsiyaga uchrab, maymun virusidan odam immunodefitsit virusiga – “OIV” ga aylandi va OITS kasalligini qo`zg`atish xususiyatiga ega bo`ldi. Bu kasallik birinchi marta 1979 yilda AQSh da aniqlandi. Yildan-yilga ko`payib, XXI asr boshida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “Asr vabosi” deb e`lon qilindi. Har yili 1-dekabr jahonning hamma mamlakatlarida OITS ga qarshi kurash kuniga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilmoqda. Bu virus sog` odamlarga OITS bilan xastalangan bemordan va virus tashib yuruvchi sog` odamdan jinsiy, in`yeksiya, qon quyish, tibbiy va sartaroshlik asboblari orqali yuqadi.
Sabzavotlar, sut, go`sht mahsulotlarini buzilishdan saqlaydigan asboblarni (muzlatgichlarni) keng ishlatilishi tufayli, ana shu mahsulotlarda yashab, avvallari kasallik qo`zg`atmaydigan iersiniy mikroblari, yillar davomida mutatsiyaga uchrab, iersinoz nomli og`ir kechadigan ichak kasalligini vujudga keltirish xususiyatiga ega bo`ldi. Demak, mazkur asboblar (muzlatgichlar) da uzoq vaqt davomida (bir necha kun) saqlangan ovqat mahsulotlarini yaxshi yuvib, qaynatib-pishirib iste`mol qilish zaruriyati vujudga keldi.
Legionell deb ataluvchi mikrob tashqi muhit havosida doim bo`lgan. Ammo, u odamda kasallik qo`zg`atmagan. Keyingi yillarda kondinsionerlarni haddan ortiq ko`p ishlatish, u ishlab turgan uy havosi namligining normadan (40-60 %) oshib ketishi tufayli, kondinsioner so`rib olgan tashqi muhit havosi tarkibidagi legionell mikrobini tashqi muhitdan uy ichiga kirishi va uyning nam havosida mikrobning tabiiy evolyutsiyaga (mutatsiyaga) uchrashi natijasida, bu mikrob odamda og`ir kechadigan o`pka to`qimasining yallig`lanishini, ya`ni legionellez pnevmoniyasi nomli kasallikni yuzaga keltirish xususiyatiga ega bo`ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |