Ekologiya va salomatlik
Reja:
1.Kimyoviy moddalarning odam organizmiga kirish yo`llari.
2.Odam sog`lig`iga ta`sir etadigan faktorlar.
3.Endoekologik kasalliklar.
4.Rodon gazi.
5.Asbest (ganj).
6.Tutun tarkibidagi zaharli dioksin moddasi.
7.Lyuminnessit lampalarning zararli ta`siri.
8.Karbonat angidrid gazi.
9.Endoekologiya haqida tushuncha
Bundan 50-70 yil muqaddam Xolera (vabo), chuma, bo`g`ma, qora chechak, qorin tifi, tepkili tif, qutirish, traxoma, qizamiq, brutsellyoz, bezgak, ich buruq, poliomiyelit kabi yuqumli kasalliklar inson hayotiga xavf solgan bo`lsa, bugungi kunda ekologik o`zgarishlar tufayli yuzaga kelayotgan zaharlanishlar, allergik, tug`ma va genetik kasalliklar odamlar sog`lig`iga ziyon yetkazmoqda.
Ekologiya so`zini turlicha ifodalash mumkin: ya`ni ekos-bizning uyimiz, bizning vatanimiz, ekologiya – odamlarning yashash sharoiti, degan ma`noni anglatadi. Taniqli rus yozuvchisi S.P.Zaliginning ta`riflashiga ko`ra “Ekologiya – odam faoliyatini cheklashga qaratilgan fan”1. Chunki odamning ko`pgina faoliyati uning o`ziga va jamiyatga zarar yetkazadi.Chunonchi, atom, vodorod, bakteriologik qurollarni kashf etish ham inson faoliyatidir.
Nisbiylik nazariyasini yaratib, jahonga mashhur bo`lgan olim Albert Eynshteyn “Yadrodan ajralgan atom tabiatdagi ko`p narsalarni o`zgartirdi, ammo odamlarning fikrlash qobiliyatini o`zgartira olmadi”, deb afsuslanib yozgan. Chunki, ma`naviyat ko`p hollarda fan rivojiga bog`liq emas. Zero, insonga xos bo`lgan ushbu olijanob fazilat eramizdan avval yashagan ajdodlarda ham bo`lgan.2
Moskvada nashr etiladigan Rossiya shifokorlarining eng nufuzli gazetasi hisoblangan “Meditsinskaya gazeta” ning tahririyatida 1992 yilning dekabr oyida o`tkazilgan taniqli olimlarning ekologiya muammolariga bag`ishlangan davra suhbatida e`tirof etilishiga ko`ra, ekologiya inson faoliyatini cheklash doirasida xizmat qiladigan fan sifatida ifodalangan. Bu ma`lum ma`noda to`g`ri bo`lsa kerak, deb ta`riflaydi, mazkur gazetaning bosh muharriri professor P. Komarov3. Chunki, Allox dunyoni yaratishda eng avvalo yerni, so`ngra suvni, havoni, keyin o`simliklarni, hayvonlar-u-parrandalarni va eng oxirida odamni yaratgan ekan. Odam esa o`z faoliyatida daraxtlarni kesdi, hayvonlarni qirdi, daryo-ariqlarni quritdi yoki suvini ifloslantirdi, yerni kovlab ag`dar-to`ntar qildi. Bular natijasida odam o`zini-o`zi qirishga kirishdi.
Odam ekologiyasi odamning atrof-muhitga munosabatini belgilabgina qolmay, avvalo odamning o`zini – o`ziga, oila-a`zolariga, barcha yaqinlariga, shuningdek, jamiyatga, Vatanga munosabatini ham belgilaydi.
Shunday qilib, ekologiya muammosi faqat ishlab chiqarishgagina taalluqli bo`lmay, u axloq, ma`naviyat muammosi hamdir. Zotan, o`zi yashayotgan muhitni ifloslantirishi tufayli, nafaqat hozirgi davrda yashayotgan avlod, balki kelajak avlod sog`lig`i va hayotiga ziyon yetkazayotgan odamni axloqli, vijdonli deyish qiyin.
Daryolarga to`siq (platina) qo`yib, sun`iy suv havzalari qurish foyda o`rniga ziyon yetkazadi. Chunki qo`yilgan to`siqlarga ko`p miqdorda og`ir metall tuzlari va boshqa zaharli kimyoviy moddalar cho`kib, qalin qatlamlar hosil qiladi va suvni zararlaydi. Bu esa baliqlarga ham, dehqonchilikka ham, odamlarning sog`lig`iga ham ziyon yetkazadi, deb ta`kidlandi, olimlarning davra suhbatida.
Tabiiy muhitda odam sog`lig`iga zarar yetkazadigan faktorlar (omillar) juda ko`p. Jumladan,
- Dunyo fani ro`yxatida 6 mln turdagi kimyoviy moddalar bor4.
- shulardan hozirgi kunda 60 mingtasi sanoatda, qishloq xo`jaligida, turmush jarayonida keng qo`llanmoqda;
- sanoatda qo`llanayotgan kimyoviy moddalar: og`ir metall tuzlari (qo`rg`oshin, simob, benzin, gaz);
- qishloq xo`jaligida qo`llanayotgan kimyoviy moddalar: gerbitsidlar, pestitsidlar.
- turmush jarayonida qo`llanayotgan kimyoviy moddalar: dorilar, ovqatga, pishiriqlarga qo`shiladigan kimyoviy moddalar, ayollarning sochi, tirnoqlarini bo`yashga ishlatiladigan lak, kir yuvadigan poroshoklar va bo`yoqlar. Shuningdek, sigaret, nos, narkotik moddalar, spirtli ichimliklar.
Do'stlaringiz bilan baham: |