Mikroiqtisodiyot korxona, firmalar ya'ni iqtisodiyot-ning birlamchi, boshlang`ich bo`g`ini haqidagi ilmdir. U resurslar va ularning taqchilligi sharoitida xo`jalik yuritish, mahsulot qiymati va tannarxi, ishlab chiqarish va iste'mol tovarlari hamda xizmatlar baholari haqidagi masalalar bilan ish ko`radi.
Makroiqtisodiyot iqtisodiyotning rivojlanishi, uning hajmi va sifati, yalpi daromad, bandlik, tovarlarni ko`paytirish muammolari bilan shug`ullanadi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov «makroiqtisodiyotda muvozanatni saqlash, ishlab chiqarishning keskin darajada pasayishiga va ommaviy ishsizlikka yo`l qo`ymaslik ustivor vazifamizdir. Shuningdek, pul qadrsizlanishining, pul emissiyasining boshqarilishini ta'minlash, to`lov balansini bir me'yorda saqlash…» dir, degan edi o`zining «O`zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo`lida» nomli asarida.
Haqiqiy fanning amalda vujudga kelishi faqatgina tadqiqot predmetining shakllanishi bilan emas, balki uning bilish usulining qaror topishi bilan ham bog`liqdir.
Uslubiyat- bu ilmiy bilishning printsiplar tizimi, yo`llari, qonun-qoidalari va aniq hodisalaridir. Bu ob'ektiv reallikni bilish dialektikasi, mantiqi va nazariyasini o`z ichiga oluvchi bir butun ta'limotdir. Uslubiyat umummilliy xarakterga ega, lekin har bir fan o`zining predmetidan kelib chiqib, o`zining ilmiy bilish usullariga egadir. Shuning uchun uslubiyat umummilliy va ayni vaqtda xususiy bo`ladi.
Dialektik usul printsiplari ilmiy bilishning umumusuli bo`lib xizmat qiladi. Bu printsiplar quyidagilardan iborat:
-iqtisodiyot bir-biri bilan aloqada, chambarchas bog`liqlikda, ziddiyatda, o`zaro ta'sir qilib turadigan turli bo`g`inlardan, bo`laklardan iborat yaxlit bir jarayonki, u doimo harakatda, rivojlanishda bo`ladi.
- iqtisodiy jarayonning har bir bo`lagini alohida olib uning o`ziga xos xususiyatlarini, kelib chiqish va yo`q bo`lish sabablari hamda oqibatlarini, uning ijobiy va salbiy jihatlarini, ichki va tashqi aloqadorlik, shuningdek bog`liqlik tomonlarini makon va zamonda o`rganish;
- iqtisodiy jarayonlarni oddiydan murakkabga, pastdan yuqoriga rivojlanishda deb qarash muhimdir. Bu yerda son jihatdan o`zgarishlar to`plana borib, sifat jihatdan o`zgarishga olib kelishini hisobga olish zarur;
-ichki qarama-qarshiliklar birligiga va ularning o`zaro kurashiga erishishini rivojlanishning manbai deb hisoblash.
Shu bilan birga, iqtisodiyot nazariyasi fanining o`ziga xos tadqiqot usullari ham mavjuddir, ulardan eng muhimi ilmiy abstraktsiya usulidir.
- Ilmiy abstraktsiya usuli- tahlil paytida halal berishi mumkin bo`lgan ikkinchi darajali narsalar, voqea - hodisalarni fikrdan chetlashtirib, o`rganilayotgan jarayonning asl mohiyatiga e'tiborni qaratishdir. Bu usul yordamida o`rganilayotgan voqea va hodisaning ichki, ko`zga ko`rinmaydigan mohiyati, uning asl mazmuni bilib olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |