1-Mavzu. Fan predmeti va o‘rganish usullari. Qadimgi dunyo, feodal jamiyati iqtisodiy
ta’limotlari. O’rta asrlar iqtisodiy qarashlari. (2 soat)
REJA
1.
«Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» fanining predmeti.
2.
Fanning o‘rganish uslubiyoti (metodologiyasi)
3.
Qadimgi sharqdagi iqtisodiy g‘oyalar.
4.
Antik dunyo iqtisodiy qarashlari.
5.
Arab va G‘arbiy Yevropa davlatlarida feodalizm davridagi iqtisodiy g‘oyalar.
6.
IX-XV asrlarda O‘rta Osiyodagi iqtisodiy fikrlar.
1. «IQTISODIY TA’LIMOTLAR TARIXI» FANINING PREDMETI
«Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q» degan edi O‘zbekiston Respublikasi
Birinchi Prezidenti,
akademik I.A.Karimov. Har qanday tarixni o‘rganish avvalo hozirgi kun va kelajak uchun
ahamiyatlidir. Taniqli yozuvchi va adibimiz Abdulla Qodiriy aytganidek: «Moziyga qarab ish
tutish xayrlidir». Shu sababli iqtisodiy ta’limotlar tarixini o‘rganish
katta nazariy, amaliy va
tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiyot tarixi (xalq xo‘jaligi tarixi) va iqtisodiy ta’limotlar tarixi iqtisodiyot fanining
faktologiya va metodologiya asoslarini ta’minlovchi va yaratuvchi asos sifatida ahamiyatlidir.
Shu sababli bu fanlar iqtisodiyot fanining ajralmas va tarkibiy qismidir.
Ayniqsa hozirgi davrda iqtisodiyot har bir inson hayotiga jo‘shqinlik
bilan kirib bormoqda va
odamlar iqtisodiyot to‘g‘risida imkoni boricha ko‘proq bilishga intilmoqdalar. Xo‘sh, ummon
kabi keng iqtisodiyot fanini o‘rganishda nimadan boshlamoq kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bizningcha, bu ishni, shifokor davolanuvchini tuzatishni uning kasallik tarixidan boshlagani kabi,
tarixdan boshlash zarur. Albatta, bugungi va ertangi kun muammolarini to‘la hal etishda o‘tgan
asr iqtisodchilaridan barcha savollarga tayyor javob topish qiyinligi aniq, ammo o‘tgan
donishmandlarning fikr-mulohazalari hozirgi va kelajak to‘g‘risida to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun
yaxshi imkoniyat beradi. aniqrog‘i, velosipedni qayta kashf qilishga xojat qolmaydi, tarixiy tajriba
shunisi bilan ham qimmatlidir.
Ammo shunday bo‘ldiki, oxirgi 25-30 yil davomida bu fanlarga kam e’tibor berildi,
xatto
«Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» katag‘onga uchradi, faqat mustaqillik yillari bu fanni oliy o‘quv
yurtlarida qaytadan o‘qitish boshlandi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, albatta.
SHo‘rotlar tuzumi davrida ko‘pgina fanlar, shu jumladan, iqtisodiyot fani sinfiylik, partiyaviylik
mafkurasi asosida o‘rganildi, marksizm-leninizm g‘oyalari birdan-bir to‘g‘ri ta’limot deb qabul
qilindi va barcha masalalar yechilgan, tarixga, uzoq o‘tmishga hech qanday xojat yo‘q, degan
umumiy kayfiyat yuzaga keldi. Sotsialistik va kommunistik jamiyat qurishda dasturilamal bo‘lgan
mafkuraga muqobil, muxolif bo‘lgan barcha fikrlar tanqidga uchradi; asosiy e’tibor markscha-
lenincha, iqtisodiy ta’limotni o‘rganishga, kapitalizm, bozor
munosabatlarining kelajagi
yo‘qligini zo‘rma-zo‘raki «isbotlash»ga qaratildi.
Ammo bu yo‘l tarix sinovidan o‘tmadi. Iqtisodiyotda sinfiy, mafkuraviy tamoyillar ertaklardagi
qum saroylari kabi vayron bo‘la boshladi. Tabiatning yomon ob-havosi bo‘lmaganidek, tarix ham
bo‘lib o‘tgan yaxshi yoki yomon voqealar uchun hech kim oldida tavba-tazarru qilmaydi.
Hozirgi davr olimlari avvalgi mualliflardan ko‘ra ko‘proq biladilar, bu obyektiv jarayon, ammo
shunisi ham ayni xaqiqatki, biz ular tufayli ham shu narsalarni bilamiz.
Yana shuni ham aloxida ta’kidlab o‘tish kerakki, sobiq SSSR davrida qaysi fanni o‘qish, qanday
dastur va darslik asosida o‘qitish «markaz»ning to‘la ixtiyorida bo‘lgan. Tarjima qilish ham shu
yo‘sinda olib borilgan. Oxir-oqibat o‘zbek tilida biror jiddiy asar yaratishga yo‘l berilmagan.
Ayniqsa, Sharq, xususan o‘rta osiyolik olimlar, donishmandlar va allomalarning iqtisodiyot va
boshqa fanlarga qo‘shgan hissasi doimo kamsitib kelingan.
Mustaqil taraqqiyot yo‘liga o‘tgan o‘zbekistonlik olimlar oldida, ko‘pgina fanlar kabi, iqtisodiyot
fani borasida ham katta ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi. Yangi dastur, o‘quv qo‘llanma
va darsliklar yaratish eng muhimdir. Iqtisodiyot insoniyat tarixi kabi qadimiydir. Iqtisodiyotga
oid fikr, g‘oya, qarash, nazariya va ta’limotlar ham ko‘p ming yillik tarixga ega. Lekin ularning
asosiy qismi yozuv paydo bo‘lganidan so‘ng, yozma manbalardan bizgacha yetib kelgan. Bu
manbalar, ulardagi g‘oyalar avvalo insoniyatning muqaddas mulkidir, uni topish, o‘rganish va
kelajak uchun saqlash savobli bo‘lsa, ulardagi nodir fikrlarni hayotga tadbiq etish ham nazariy,
ham
amaliy ahamiyat kasb etadi, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Iqtisodiyot baynalmilal xodisa bo‘lib, uning oldida turgan vazifalar barcha xalqlar va mamlakatlar
uchun bir xil, ammo ular rivojlanish davomida turlicha natijalarga erishganlar. Hozirgi davrda
ham bozor iqtisodiyotining prinsiplari hamma uchun bir xil bo‘lishiga qaramasdan natijalar
turlichadir. XVIII asr oxirida klassik iqtisodiy maktab vakillari
Adam Smit va David Rikardo
obyektiv, ya’ni inson xohishiga bog‘liq bo‘lmagan, ammo ular tomonidan o‘rganilishi mumkin
bo‘lgan qonunlar asosida amal qiluvchi xo‘jalik tizimi to‘g‘risidagi ta’limotni yaratdilar. Ularning
fikricha, davlatning iqtisodiy siyosati bu qonunlarga xilof bo‘lmay, aksincha bu qonunlarga
suyanishi kerak, ana shunda iqtisodiyot ravnaq topadi va aksincha. Demak, bu qonun va
qonuniyatlarni bilish, ulardan amaliyotda to‘g‘ri foydalanish hayot talabi bo‘lib bormoqda. Uzoq
o‘tmishdagi ko‘pgina o‘gitlar, hayotiy tajribalar, allomalarning fikri va g‘oyalari hozirgi kunda
asqotmoqda, ularni o‘rganish va eng muhimi hayotga tadbiq etish zarur.
Iqtisodiy ta’limotlar tarixi deyarli to‘rt ming yillik rivoji davomida bir
qancha bosqichlarni bosib
o‘tdi. Ularning turli yo‘nalishlari va maktablari mavjud.
Hozirgi davrda O‘zbekiston Respublikasidagi 60 dan ortiq oliy o‘quv yurtlarining ko‘pchiligida,
iqtisodiyot universiteti, instituti, ayrim fakultet va guruhlarida «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi»
iqtisodiy zarur fan sifatida o‘qitilmokda.
Ayrim akademiya, kollej, iqtisodiy yo‘nalishdagi litsey,
o‘rta maktablarda «Iqtisodiyot tarixi» va «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» ham maxsus fan sifatida
o‘qitilmoqda. Ammo bu fanlarni o‘qish va o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan uslubiy ishlar aslini
olganda bir kafedrada olib borilmoqda.