3-MAVZU. ISHLAB CHIQARISH JARAYONI VA ISHLAB
CHIQARISH OPERATSIYALARI
1. Ishlab chiqarish jarayoni va uning tarkibi
Asoslangan mehnat normalari ish joylarining tashkiliy-texnikaviy
sharoitlarini hamda ishlab chiqarish imkoniyatlarini hisobga olishi uchun
mehnatni normalash, ishlab chiqarish jarayonining elementlarini, ish
vaqti sarfini va jihozlardan foydalanish vaqtini puxta o‘rganish taqozo
qilinadi.
Ishlab chiqarish jarayoni deganda, mehnat va tabiiy jarayonlarning
mehnat predmetlari (xom ashyo, materiallar, yarim fabrikatlar va h.k.)
bilan chambarchas bog‘liq holda amal qilishi natijasida xom ashyodan
ma’lum bir turdagi tayyor mahsulotning yaratilishi tushuniladi. Ishlab
chiqarish jarayonida xodimlar mehnat qurollaridan foydalanganlari holda
xom ashyoga, materiallarga, yarimfabrikatlarga va h.k.larga ta’sir
ko‘rsatadilar, oldindan o‘ylab, ularni o‘zgartiradilar va tegishli mehnat
mahsuliga aylantiradilar. Bu jarayonda mehnat predmeti bir qancha
bosqichlarni bosib o‘tadi. Ularning har biri ishlab chiqarish jarayonining
bir qismini ifoda etadi. Mehnat predmetini o‘zgartirishning butun bir
jarayoni singari, ayrim juz’iy jarayonlar ham mehnat predmetini
o‘zgartiradi, bu odatda, texnologik jarayon deb ataladi. U ishlab chiqarish
jarayonining asosiy qismi hisoblanadi. Ishlab chiqarish jarayonida
texnologik jarayondan tashqari, transport va tekshirish (nazorat)
jarayonlari ham bo‘ladi.
Transport jarayoni tayyor mahsulotlarni, mehnat qurollarini, xom
ashyolarni ortish, tashish va tushirishdan iborat.
Tekshirish (nazorat) jarayoni ishlab chiqarish elementlarini, xom
ashyolarni va pirovard mahsulot sifatini tekshirish hamda maxsus
joylarda sinab ko‘rishdan iborat.
Korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlari bir-birlaridan tayyorlab
chiqariladigan mahsulotlarining xarakteri, ishlatiladigan xom ashyolari va
mahsulot tayyorlash (xizmat ko‘rsatish) texnikaviy usullari va shu bilan
birga, tashkil qilish shakllari jihatidan farq qiladi.
Shunday qilib, buyum (detal) ishlab chiqarish jarayoni – tashkiliy
jihatdan bir-biri bilan bog‘langan juz’iy jarayonlar majmuidir. Bu
jarayonlar asosan quyidagilardan:
a) ishlanish darajasi, turli bosqichda asosiy va yordamchi
materiallarni olish, ularning saqlanishini va bir ish joyidan ikkinchi ish
joyiga tashilishini nazorat qilish jarayonidan;
b) har bir ish joyini ishga yoki xizmat ko‘rsatishga shay qilib qo‘yish
va bu yerda ish davom etishiga shart-sharoit yaratish uchun kerakli asbo-
uskunalar bilan ta’minlash jarayonidan;
v) texnologik jarayon, ya’ni predmetining shaklini, hajmini, tashqi va
ichki ko‘rinishini, xususiyatini va holatini o‘zgartirish natijasida tayyor
mahsulotga aylantirish yoki ayrim bo‘laklarni bir butun (uzel, agregat,
buyum) qilib yig‘ish yo‘li bilan bevosita mahsulot tayyorlash
jarayonidan;
g) qismlar va tayyor buyumlarning, ularga qo‘yilgan talablariga
muvofiq
ishlangan-ishlanmaganligini,
yig‘ilgan-yig‘ilmaganligini
aniqlash uchun texnikaviy nazoratni tashkil etish va sinovdan o‘tkazish
jarayonidan;
d) tayyor mahsulotni, qismni maxsus idishlarga joylash yoki taxlash
va ehtiyot qilib saqlash jarayonidan iborat.