O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni munosabatlari. Sobiq sovet imperiyasi parchalangandan keyin, aksariyat arab mamlakatlari kabi Saudiya Arabistoni ham O‘zbekistonning davlat mustaqilligini birinchilar qatorida 1991-yilning dekabrida rasman tan oldi va o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatish istagini bildirdi. 1992-yilning fevralida Saudiya Arabistoni Tasgqi ishlar vaziri shahzoda Saud al-Faysal ibn Abdulaziz Ol Saudning O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida elchixonalar darajasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Protokol imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Fahd ibn Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan 1992-yilning aprelida Podshohlikka amalga oshirgan birinchi rasmiy tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifani ochib berdi.
Oliy rahbariyat o‘rtasidagi muloqatlar amaliy aloqalar rivojiga yo‘l ochib berdi. 1992-yilda Toshkent-Jidda havo yo‘li ochildi. Jidda shahrida yangi tuzilgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining vakolatxonasi o‘z faoliyatini boshladi.
1995-yilning mayida Riyozda O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi faoliyatining boshlanishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratdi.
1996-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida terrorizm, narkotik moddalar tarqatilishi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim imzolandi.
1997-yilning martida O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni elchixonasi ochildi.
1996-yilda Saudiya Arabistoning “Delta oil” shirkati bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. O‘zbekiston hukumati AQSH-Saudiya Arabistoni “Yunikol” va “Delta oil” shirkatlari konsortsiumi bilan Markaziy Osiyo neft va gaz quvurlari loyihalari to‘g‘risida bitm, “O‘zbekneftegaz” milliy korporatsiyasi esa O‘zbekistonda neft va gaz razvetkasi hamda qazib chiqarish haqida anglashuv protokolini imzoladi.
1996-yilning yanvarida “O‘zbekturizm” kompaniyasi “al-Marva” shirkati bilan turizm va aviachiptalarni sotish to‘g‘risida bitim imzoladi. Bu bilan saudiyaliklarning O‘zbekistonga borishiga bog‘liq masalalar tartibga solindi. O‘zbekistonning Saudiya Arabistoniga eksporti asosan savdo va unga aloqador xizmatlaridan iborat. Saudiya Arabistonidan shirinliklar, don, gilam va polni qoplaydigan mahsulotlar, o‘simlik va mool yo‘g‘i, mebel va choyshablar, spirtsiz ichimliklar, optika jihozlari, poyafzal, bo‘yoqlar, o‘yinchoqlar va sport anjomlari import qilinmoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqlarni rivojlantirishda qo‘shma korxonalar muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqlar vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan 14 korxonaning 10 tasi qo‘shma korxona bo‘lib, 4 tasi to‘laligicha Saudiya Arabistoni sarmoyasiga tuzilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |