Dinning mohiyati, funksiyalari.
“Inson qachondan beri Xudoga ishonib keladi?”, “Din qachon paydo bo’ldi?” kabi savollar doimo olimlarni qiziqtirib, o’ylantirib kelgan. Mazkur izlanishlar necha asrlardan beri davom etib kelayotgan bo’lsa-da, hali hanuz bu borada bir to’xtamga kelinmagan. Umumiy ma’noda, bugungi kunda fanda dinlarning shakllanishi tarixiga oid ikki xil qarash mavjud.
Birinchi qarashga ko’ra dinning paydo bo’lishi bevosita insoniyatning yaralishi bilan bog’liq. Xudo ilk insonlarni yaratishi bilan ularga O’zini tanitdi, natijada inson ilk dinga e’tiqod qila boshladi. Bunday qarash fanda “teologik yondashuv” deb nomlanadi. Bugun mavjud bo’lgan har qanday din o’zining tarixini insoniyat yaralishi – ilk inson bilan bog’lashini ko’rishimiz mumkin. Jumladan, islom dinida – Odam va Havvo, yahudiylik va xristianlikda – Adam va yeva, zardushtiylikda – Govmard, sintoizmda – imperator Mikado va boshqalar. Mazkur ta’limotlar dinlarning muqaddas manbalarida bayon qilingan.
Teologik yondashuvga ko’ra, turli buyumlarga sig’inish va ko’pxudolik, jumladan animizm, totemizm, fetishizm va shomonlik yakkaxudolilikdan keyin yuzaga kelgan. “Teologiya” atamasi (“deus” – Xudo, “logos” – ta’limot) qadimgi YUnonistonda paydo bo’lgan va dastlab hech qanday falsafiy yukka ega bo’lmagan. “Teologiya” so’zi ilohlar to’g’risidagi dostonlarda qo’llanilgan, bunday asarlarning mualliflarini esa teologlar deb atashgan. Arastu “teologiya” atamasidan falsafaning muayyan qismini belgilash uchun foydalanib, mazkur atamani sharhlashda burilish yasadi. U nazariy falsafani matematika, fizika va teologiyaga ajratdi. Arastu ilohiyot ilmini “birinchi falsafa”, oliy mushohada fani yoki “oliy falsafa” deb nomladi. U ilohiyot ilmini borliq, uning ibtidosi va mavjudligi sabablari to’g’risidagi fan sifatida belgilab berdi.
Din – tabiat, jamiyat inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatning bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo’lgan, uni yaratgan ayni zamonda insonlarga to’g’ri, haqiqiy, odil hayot yo’lini ko’rsatadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash ta’limotdir. U muayyan ta’limotlar, his-tuyg’ular, toat-ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo’ladi. U olam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida tariqasi, uni idrok etish usuli, olamda insoniyatning ilk tarixidan to bizgacha o’tgan davrlarni ilohiy tasavvurda aks etishidir. Din komil insonni tarbiyalashda salmoqli tarbiyalovchi qudratga ega bo’lgan ma’naviy-axloqiy kuchdir.
Din ishonmoq tuyg’usidir. Ishonmoq tuyg’usi insoniyatning eng teran va go’zal ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaridandir. Dunyoda dini, ishonchi bo’lmagan xalq yo’q. Xalq dinsiz, e’tiqodsiz biror-bir narsaga ishonchsiz holda yashay olmaydi. Sotsiologik nuqtai nazardan qaraganda din jamiyat uchun zaruriy narsa, ijtimoiy hayotning ajralmas qismidir. U ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltiruvchi va amalga oshiruvchi omil sifatida namoyon bo’ladi. Bu esa dinni jamiyatda bajargan vazifalariga ko’ra o’rganish mumkin demakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |