misrliklarning diniy yozuvlari va tibbiyot retseptlari ham ma’lum.
Eramizdan oldingi IX asrning o‘rtalari. Plutarx bergan ma’lumotlariga ko‘ra,
ana shu davrda shifrlovchi qurilma skital, qo‘llanilgan bo‘lib, u o‘rin almashtirishlar
orqali matnni shifrlash imkonini bergan. Matnni shifrlashda so‘zlar biror diametrli
tsilindrga (skitalga) o‘ralgan ensiz lentaga yozilgan. Lenta yoyilganda unda ochiq
matn harflarining o‘rinlari almashtirilgan holati hosil bo‘lgan. Bunda kalit sifatida
tsilindrning diametri xizmat qilgan. Bunday matnni shifrdan yechish usulini
Aristotel taklif etgan. U lentani konusga o‘ragan va o‘qilishi mumkin bo‘lgan so‘z
yoki so‘zning bir qismini ko‘rsatuvchi joy tsilindrning diametri deb hisoblagan.
Eramizning 56-yili Yu.Sezar gallar bilan urush vaqtida shirflashning
almashtirish turini qo‘llagan. Ochiq matn alfaviti ostiga tsikl bo‘yicha (Sezarda
uchta pozitsiyaga) siljitish orqali shu alfavit yozilgan. Shifrlashda ochiq matndagi
alfavitlar, ya’ni yuqori qismda joylashgan harflar quyi qismdagi
mos harflar bilan
almashtirilgan. Bu turdagi shifrlash Yu.Sezargacha ma’lum bo‘lgan bo‘lsada, lekin
bunday shifrlash usuli uning nomi bilan yuritiladi.
Murakkab almashtirishlar shifri sifatida yunonlar shifri "Polibiy kvadrati"
sanaladi. Alfavit kvadrat jadval ko‘rinishida tasvirlanadi. Shifrlashda ochiq matn
harfi jadvaldagi ikkita songa almashtirilgan mos tushuvchi harfning joylashgan
ustun va qator raqamlariga. Alfavitni jadvalda ixtiyoriy tarzda joylashtirish va u
orqali qisqa xabarni shifrlash zamonaviy qarashlar nuqtai nazari bo‘yicha ham
mustahkam shifrlash hisoblanadi. Bu g‘oya birinchi jahon urushida murakkab
shifrlashlarda amalga oshirilgan.
V asrda Rim imperiyasining yemirilishi fan va san’at, shular qatorida
kriptografiya rivojlanishining to‘xtashiga sabab bo‘ldi. U paytlarda cherkov maxfiy
belgilar bilan yozilgan xatni ta’qib qilgan va uni afsungarlik va jodugarlik deb
hisoblagan. Chunki ma’lumotlarni shifrlash cherkov tomonidan ularni nazorat qilish
imkonini bermas edi.
Frantsuz rohibi va faylasufi R.Bekon (1214-1294) maxfiy yozuvning yettita
tizimini bayon etgan. U davrlarda ko‘pgina shifrlar ilmiy
axborotlarni yashirish
uchun qo‘llanilgan.
XV asrning ikkinchi yarmi. Vatikanda ishlagan, arxitektor va matematik,
shifrlar to‘g‘risidagi kitob muallifi Leon Batista Alberta ikkita kontsentrik aylana
asosida almashtirish shifrini bayon qilgan. Birinchi aylanaga ochiq matnning alfaviti
joylashtirgan bo‘lsa, ikkinchisiga shifrlovchi alfavit yozilgan. Bu shifrlovchi
alfavitdagi harflar ketma-ket joylashtirilmagan. Matnda harflarning turli darajada
qaytarilish xususiyatini Alberta birinchi bo‘lib shifrni yechish uchun qo‘llagan.
Shuningdek, shifrlashning mustahkamligini oshirish uchun boshqa shifrlash
tizimlari yordamida qayta shifrlashni taklif etgan.
Tarixdan ma’lumki, 1546-yilda Fransiya qiroli Fransisk I fuqarolariga
shifrlashni taqiqlovchi farmon e’lon qilgan.
Vaholanki, u davrdagi shifrlar oddiy
bo‘lishiga qaramay, ularni ochib bo‘lmas edi.
Germaniyalik Iogann Tritemiy (1462–1516) kriptografiya bo‘yicha birinchi
darsliklardan birini yozgan. "Ave Maria" deb nomlangan ko‘p qiymatli
almashtirishli original shifrlashni taklif etgan. Ochiq matnning har bir harfi
shifrlovchining tanlovi bo‘yicha bir emas, bir nechta harflarga almashtirilishi
mumkin bo‘lgan. Bunda harflar harf yoki so‘zlar bilan shunday almashtirilganki,
natijada psevdomatn hosil bo‘lgan. Ko‘p qiymatli almashtirish
usulidan hozirgi
kunda ham foydalaniladi (masalan, ARJ arxivatorida).
Italiyalik matematik, mexanik, vrach Djirolamo Kardano (1506-1576) Kardano
panjarasi deb nomlangan shifrlash tizimini ixtiro qilgan. Ikkinchi jahon urushi
vaqtida Buyuk Britaniya harbiy-dengiz qo‘shinlarining mustahkam shifrlaridan biri
shu tizim asosida yaratilgan. Panjaralar chizilgan karton bo‘lagida ixtiyoriy tartibda
nomerlangan teshikchalar qilingan. Shifrlangan matnni hosil qilish uchun, karton
bo‘lagini qog‘ozni ustiga qo‘yib, kartonning teshiklari bo‘lgan joylariga tanlangan
tartibda harflar yozib chiqilgan. Karton olib tashlangandan so‘ng, yozilgan
harflarning oralari psevdomazmunli jumlalar bilan to‘ldirilgan, shu orqali
shifrlangan xabar yaratilgan. Agar harflar orasidagi masofalar katta bo‘lib, so‘zlar
uzunligi kichik bo‘lsa (masalan ingliz tilidagi so‘zlar), yashirish oson amalga
oshirilgan.
XVI asr. Almashtirish shifrlari matematik Djovanni Batista Port va diplomat
Bleza de Vijiner ishlarida o‘z rivojini topdi. Vijiner tizimi u yoki bu ko‘rinishda
hozirgi paytda ham qo‘llanilmoqda.
XVII asr. Fransiya qiroli Lyudovik XIII huzuridagi
vazir kardinal Rishele
dunyoda birinchi bo‘lib shifrlash xizmatini tashkil etgan.
Lord Frensis Bekon (1562-1626) birinchi bo‘lib harflarni 5 qiymatli ikkilik kod
bilan belgilagan: A=00001, B=00010, va hokazo. Bekon bu kodlarga qayta ishlov
bermagan, shuning uchun bunday yashirish usuli mustahkam bo‘lmagan. Uch asrdan
so‘ng, bu kodlash tamoyili elektr va elektron aloqada asos qilib olindi. Bunda Morze
va Bodo kodlarini, 2-sonli xalqaro telegraf kodini, ASCII kodini, eslash ham o‘rinli,
chunki ular ham oddiy almashtirish asosida yaratilgan.
XVII asrda lug‘atli shifrlar ixtiro etilgan. Shifrlashda ochiq matn harflari ikkita
son bilan belgilangan. Bunda keng tarqalgan kitoblardan biri olinib, shifrlanuvchi
harf kitobning ma’lum betidagi qator nomeri va harf nomeriga almashtirilgan. Bu
tizim mustahkam shifrlash usuli hisoblanadi, lekin undan foydalanish qulay emas.
Shu bilan birga, kitob raqib qo‘liga tushib qolishi ehtimolidan holi emas.
Ma’lumki, kriptografik vositalar hozirgi vaqtgacha asosan davlat sirlarini
himoya qilishga qaratilgan edi, shuning uchun bu vositalar maxsus organlar
tomonidan yaratilgan. Bunda yuqori kriptomustahkamlikka ega bo‘lgan
kriptotizimlar qo‘llanilgan, bu esa katta xarajatlarni talab qilgan.
Oxirgi yillarda
ma’lumotlarni kriptografik o‘zgartirishning yangi usullari intensiv ishlab
chiqilmoqda, ular an’anaviy qo‘llanishiga qaraganda kengroq sohalarga tatbiq
etilmoqda.
Avtomatlashtirilgan tizimlarda ma’lumotlar himoyasining kriptografik usullari
hisoblash texnikasi vositalarida qayta ishlanayotgan yoki har xil turdagi saqlash
qurilmalarida saqlanayotgan ma’lumotlarni himoyalashda, shuningdek aloqa
liniyalari orqali tizim elementlariga uzatilayotgan ma’lumotlarni himoyalashda
qo‘llaniladi. Hozirgi vaqtda ko‘plab har xil shifrlash usullari ishlab chiqilgan va
ularni qo‘llashning nazariy va amaliy asoslari yaratilgan.