1."Al-ilmu la yahillu man`hu", ya`ni ilm o’rganishga mone`lik qilma.
Abdurahmon Jomiyning sharhi:
Ey garonmoya mardi donishmand,
Ki turo ilmi din buvad ma`lum.
Musta`idro az on mashav mone`,
Mustahiqro az on makun mahrum.
Alisher Navoiyning tarjima-sharhi:
Ey xiradmand olimeki sanga
Ilmdin ro’ziy ayladi sone`.
Kishi o’rgansa, qilmag’il mahrum,
Yoki naf` olsa, bo’lmag’il mone`. (16-tom, 268)
Keltirilgan misolda arab, fors va turkiy tillar qatnashmoqda. Arab tilidagi matn nihoyatda ixcham bo’lib, to’rt so’zdan tashkil topgan. Jomiy va Navoiy misralari asliy matnning so’zma-so’z tarjimasi bo’lmay, balki badiiyat qonuniyati asosida amalga oshirilgan to’rt misralik qit`a talablariga muvofiq mufassal sharhlardir, ularda qofiya bor, vazn bor. Jomiy va Navoiy sharh-qit`alarining birinchi baytida olim-donishmandga murojaat qilish bor. Bu murojaat asl matnda yo’q, demak u sharhlovchilarning ilovasi. qit`alarning ikkinchi baytida esa hadisning mazmuni qamrab olinib, ular asosiy maqsadni ifodalovchi yakuniy baytga aylanganlar. Shunday qilib, bu sharhlar hadis ruhidagi mustaqil, axloqiy mavzudagi qit`alar shaklini olgan.
2. "Xayr un-nasi man yanfa`u li-n-nasi", ya`ni insonlarning yaxshisi insonlarga foydasi tegadiganidir.
Aburahmon Jomiyning sharhi:
Ey ki pursi, ki behtarin kas kist?
Go’yam az qavli behtarin kason:
Behtarin kas kase buvad, ki zi xalq
Besh boshad ba xalq naf`rason.
Alisher Navoiyning tarjima-sharhi:
Xalq aro yaxshiroq, deding kimdur?
Eshitib, ayla shubha raf` andin.
Yaxshiroq bil ani ulus arokim,
Yetsa ko’prak ulusqa naf` andin . [16-tom, 266]
Shunday qilib, Alisher Navoiyning "Arba`in hadis" yoki "Arba`in" deb ataluvchi asari hadislar misolida muallifning hayot va insoniylikka doir mulohaza va mushohadalarini yaqqol gavdalantiradi.
"Nazm ul-javohir". "Tizilgan gavharlar" ma`nosini anglatuvchi bu asar hijriy 890 (1485) yilda yozilib, Sulton Husayn Boyqaroga bag’ishlangan.
Asar nasriy debocha bilan boshlanib, 255 ruboiydan iborat. ("Makorim ul-axloq" da 260 ruboiy deb ko’rsatilgan). Alisher Navoiyning uqtirishicha, asarning yozilishiga sabab bo’lgan manba hazrat Alining "Nasr ul-laoliy" nomli hikmatli so’zlar to’plamidir: "Parishon xotirg’a… bu orzu… erdikim,- deb yozadi Alisher Navoiy,- turkiy tili bilan men ham ul laolini orasta qilg’ayman… to andin turk ulusig’a ham hazzi shofi va bahrai vofi muyassar bo’lg’ay" ( MAT. 15-tom, 128-bet). Ana shu orzuni Alisher Navoiy amalga oshirib, "Nasr ul-laoli"dagi hikmatli so’zlarni o’zbek tiliga ruboiy tarzida o’giradi. "har ruboiyning to’rtalasi misra`ini muqaffoi muraddaf mar`i tutuldi" (135-bet). Darhaqiqat asardagi 255 ruboiyning hammasi tarona shaklidadir.
Asarda avval Hazrat Alining hikmatli so’zi arab tilida keltiriladi. So’ng esa uning Alisher Navoiy tomonidan amalga oshirilgan sharhi beriladi.
Ruboiylarda adolat va imonlilik, saxiylik va ilmlilik, do’stlik va muruvvat, ota-ona hurmati kabi masalalar yoritilgan. Fikrimizning tasdig’i uchun bir necha ruboiyni misol tarzida keltirish mumkin:
"Zarb ul-lisani ashaddu min ta`n us-sinani" - Tilning zarbi (jarohati) nayzaning zarbidan shiddatliroqdir.
Alisher Navoiyning sharhi:
Chun sinsa ko’ngul zaxmi zabon og’rig’idin,
Kim, ermas aning og’rig’i jon og’rig’idin,
Har neki sanga etar lison og’rig’idin,
Bilgilki, qatig’durur sinon og’rig’idin. (15-tom, 160)
Izoh: Ikkinchi misra boshidagi so’z "kim" emas, "kam" bo’lishi kerak. Shunda misra mantiq hamda yuqoridagi hikmatga muvofiq bo’ladi.
Qardoshing emas ulki qo’yub bosh sanga,
Davlat chog’i qilg’ay o’zni yo’ldosh sanga.
Kim qildi qatig’lig’da vafo bosh sanga,
Ul bo’ldi haqiqat ichra qardosh sanga. (15-tom, 137)
Farzand ato qullug’in chu odat qilg’ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg’ay.
Har kimki, atog’a ko’p rioyat qilg’ay,
O’g’lidin anga bu ish siroyat qilg’ay. (15-tom, 151)
Xub el bila suhbat tutubon xub o’lg’il,
Yaxshini talab qilg’ilu matlub o’lg’il,
Shirin so’z ila xalqqa marg’ub o’lg’il.
Yumshoq de hadisingniyu mahbub o’lg’il. (15-tom, 171)
Demak, Alisher Navoiy islomiy tamaddun manbalarida insonni komil bo’lishlikka da`vat etuvchi barcha ezgu fikrlarni turli shaklda xalqqa etkazishga hormay-tolmay ijodiy mehnat qilgan. Alisher Navoiy o’zbek she`riyati tarixida g’azal janrini ham mazmun, ham shakl va ham badiiylik jihatidan yuqori cho’qqiga ko’targani sababli uni "G’azal mulkining sultoni" deb e`zozlaydilar. Shundan-da, inglis sharqshunosi A.Gibb "Navoiy turkiygo’y shoirlar uchun ibrat va namunadir",- deb yozganda bu haqiqatni e`tirof etgan edi.
Alisher Navoiy g’azallarining mavzu doirasi keng. Ularda ishq (majoziy va haqiqiy), ijtimoiy, falsafiy, axloqiy mavzular shunchalik mahorat bilan yortilganki, natijada har bir g’azal badiiy tafakkurning o’ziga xos mujassamiga aylangan. Alisher Navoiy o’zining g’azallari bilan o’zbek she`riyatidagi g’azal yozish an`anasini rivojlantirdi va navoiyona uslubda yozilgan g’azallarni yaratdi. Navoiyona uslubda yozilgan g’azallar bir mavzuni keng va chuqur yoritish, ruhiy kechinmalarning samimiy va haqqoniyligi, pand-nasihat yoki mav`izaning mavjudligi hamda badiiy tasvir vositalaridan nihoyatda mahorat bilan foydalanganlik bilan ajralib turadi.
Alisher Navoiy o’z g’azallarida "ishq so’zi" (ishqdagi kuyish, yonishlar, ruhiy holat), "rindonalik" va "orifonalik" ning qorishganiga alohida e`tiborni qaratadi. Bu bilan g’azalnavislik ana`nasidagi uslublardan ijodiy ilhomlanish natijasida maydonga kelgan yangi uslubga- navoiyona uslubga ishora qilmoqda. Shuning bilan birga navoiyona uslubda turkiygo’y xalqlar og’zaki ijodidagi "turkiy" va "qo’shuq" navlari xususiyatlaridan ilhomlanish yo’nalishi ham ko’zga tashlanadi. Bas shunday ekan, Alisher Navoiy g’azallari ham forsiy, ham turkiy g’azal va "turkiyu qo’shuq"lar xususiyatlarining qorishuvi natijasida yaratilgan ajoyib asarlardir.
Alisher Navoiyning ana shunday ajoyib g’azallarida turli mavzular bilan birga ishq mavzusi alohida mavqega ega.
Alisher Navoiy she`riyati, jumladan g’azallarida ishq keng qirrali mavzu sifatida qalamga olingan, jumladan insonning insonga, tabiatga nisbatan bo’lgan ishq-muhabbati va, shuning bilan birga, Alloh taologa nisbatan bo’lgan ishqi masalalari yoritilgan. har ikkala ishq mukammal mujassam bo’lgan shaxsning komillikka-komil inson darajasiga erishuvi shoirning bosh maqsadi bo’lib hisoblanadi. Alisher Navoiy:
Ofarinishdin qilib inson g’araz,
Do'stlaringiz bilan baham: |