"Navodir un-nihoya" (nihoyat ko’p nodirliklar) devoni 1486-1487 yilda tuzilib, uning 1487 yilda Abuljamil kotib, Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko’chirilgan nisbatan to’liq nusxalari hamda yana bir noto’liq nusxasi ma`lum. Noto’liq nusxa Tehronning Guliston qasri kutubxonasida saqlanadi. Uning boshqa nusxalardan farqi shundaki, unda Alisher Navoiyning o’z dastxati va muhrining aksi bor. Bu dastxat (avtograf) quyidagicha:
"Ziyo ul-haq vad-dunyovu vad-din,
Berib ikkinchi devonimg’a taz`yin.
Savod uzra savod ar qildi mastur,
Vale ma`nidadur nurun alan nur.
Katabahu al-abd al-faqir Alisher al-mashhur bin- Navoiy (yozuvchi Navoiy tarzida mashhur banda va faqir Alisher ). Alisher Navoiy muhrida esa quyidagi so’zlar bitilgan: "Kun osha fid-dunyo kal-g’arib al-faqir Alisher" (dunyoda g’arib va faqir Alisherdek yasha).
"Navodir un-nihoya"ning nisbatan to’liq nusxalari tarkibida asosan 862 ta g’azal mavjud. Alisher Navoiy bu devonga ham debocha yozganini uqtirgan bo’lsa-da, ammo "Navodir un-nihoya"ning bizgacha ma`lum bo’lgan nusxalarida debocha yo’q.
"Navodir un-nihoya" quyidagi matla`li g’azal bilan boshlanadi:
Zihi zuhuri jamoling quyosh kibi paydo,
Yuzung quyoshig’a zarroti kavn o’lub shaydo. [2-tom, 9]
Devon quyidagi bayt bilan nihoyasiga etgan:
Ey Navoiy, oni tark aylaki, ko’ptur g’ami ishq,
Menki chektim g’amini, tarki ne imkon emdi. [2-tom, 596]
"Navodir un- nihoya" devonidagi g’azallar keyinchalik "Xazoyin ul-maoni" tarkibiga kiritilgan.
3. Alisher Navoiyning turkiy she`riyati kulliyoti "Xazoyin ul-maoni".
"Xazoyin ul-maoni" (Ma`nolar xazinalari) devonlar turkumi Sulton Husayn Boyqaroning "farmoni vojib ul-iz`oni" (itoat qilishga majbur farmoni) bilan 1491-1498 yillar orasida tuzilgan va shu davrga qadar yozilgan lirik asarlar kiritilgan. "Xazoyin ul-maoni" shoir umrining to’rt fasli asosida to’rtta quyidagi devonlardan iborat:
1. "G’aroyib us-sig’ar" (Kichiklik ajoyibotlari) 7-8 yoshdan 20 yoshgacha bo’lgan davrga xos she`rlarni qamrab oladi.
2. "Navodir ush-shabob" (Yigitlikning nodirliklari) 20-35 yoshlar ga xos she`rlarni qamrab oladi.
3. "Badoe` ul-vasat" (O’rta yoshning ajoyib yangiliklari) 35-45 yoshlar ga xos she`rlarni qamrab oladi.
4. "Favoyid ul-kibar" (Keksalikning foydalari) 45-60 yoshga yaqin vaqtda yozilgan she`rlarni o’z ichiga oladi.
"Xazoyin ul-maoni" debocha, g’azal (2600), ruboiy (133), muxammas (10), mustazod (4), musaddas (5), tarje`band (4), qit`a (210), lug’z-chiston (10), muammo (52), tuyuq (13), fard (86), masnaviy(1), qasida (1), musamman (1), tarkibband (1), soqinoma (1), jam`i o’n olti janrdagi she`rdan iborat bo’lib, uning umumiy hajmi 45000 misradir.
"Xazoyin ul-maoni" devonlar turkumi "Badoe` ul-bidoya" devoni kabi quyidagi matla`li g’azal bilan boshlanadi:
Ashraqat min aksi shams il-ka`s anvor ul-hudo,
Yor aksin mayda ko’r deb jomdin chiqdi sado. [3-tom, 25]
Devon quyidagi fard bilan tugaydi:
Sayl yo’lida fano dashtida mujgonim emas,
Ko’z alochuqlarining dud yegan o’g’laridur. [6-tom, 539].
Shuni eslatish joyizki, "Xazoyin ul-maoni" 1498 yilda nihoyasiga etgan bo’lib, Alisher Navoiyning 1498-1500 yillar orasida yozgan she`rlari unga kirmay qolgan. "Xazoyin ul-maoni"ning ilmiy-tanqidiy matnini tuzish sohasida katta ilmiy tadqiqot olib borgan Hamid Sulaymon ana shunday she`rlarni aniqlab, o’zi nashr ettirgan 4 tomlik "Xazoyin ul-maoni"ning (-T.: Fan, 1959-1960) to’rtinchi tomi oxirida "Navoiy tomonidan "Xazoyin ul-maoni"ga kiritilmagan she`rlar" sarlavhasi ostida 24 ta g’azal, ikkita ruboiy, 8 ta qit`a, 4 ta fardni e`lon qilgan edi.
Shunday qilib, Alisher Navoiyning o’zbek tilidagi she`riyati to’rtta devonga to’plangan bo’lib, ulardan birini ("Ilk devon") muxlislari tuzgan bo’lsalar, qolgan uchtasini Alisher Navoiyning o’zi tuzgan. Bulardan birinchi ("Badoe` ul-bidoya") va ikkinchisi ("Navodir un-nihoya") bir jildlik tarzida tartib berilgan bo’lsa, uchinchisi ("Xazoyin ul-maoni") devonlar turkumidan, ya`ni to’rt devondan iborat yaxlit asardir. Bu devonlarining har biri o’ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Bu hol devon tartib berish ishiga Alisher Navoiyning jiddiy munosabatda bo’lganligi, bu ishning katta mas`uliyatini teran anglaganligidan dalolat beradi. Shu tufayli turkiy she`riyat tarixida bu devonlar nodir va takrorlanmas badiiy hodisa bo’lib qoldi.
Qayd qilinganidek, "Xazoyin ul-maoni"da Alisher Navoiy tomonidan yozilgan o’n olti janrdagi she`rlar bo’lsa-da, ularning asosini g’azal tashkil etadi. "Xazoyin ul-maoni"dagi g’azallar 2600 ta bo’lib, ular to’rt devonning har birida 650 tadan joylashtirilgan. Alisher Navoiy faqat g’azal emas, balki she`riyatning boshqa janrlarida ham ko’p va xub yozdi. Shuning uchun Xondamir "Makorim ul-axloq"da Alisher Navoiy ruboiylarini eng go’zal va jozibali; muammo va tarix janrlarida "ham ko’p go’zal ibora va yoqimli so’zlar ul hazratning (ya`ni Alisher Navoiyning) xotiriga kelgan",- deb uqtirgan edi. Zahiriddin Muhammad Bobur ham "Hech kim (Alisher Navoiydek) oncha ko’p va xub (she`r) aytqon ermas", - deyish bilan birga "yaxshi ruboiyoti ham bor", - deb qo’shib qo’ygan.
"Arba`in hadis" yoki "Arba`in". "Qirq hadis" deb nomlangan bu asar 886 hijriy - 1481 melodiy yilda yozilgan bo’lib, uning yozilish sabablari Alisher Navoiyning "Xamsat ul-mutahayyirin" asarida shunday bayon qilingan:
"Ul vaqtdakim alar (Abdurahmon Jomiy) "Arba`in hadis"ni forsiy nazm bila tarjima qilib erdilar va ma`hud odat bila borcha ashobdin burunroq faqirg’a iltifot qilib, musavvadasin (qo’lyozmasini) berdilar, chun mutolaasig’a mashg’ul bo’ldum… hamul "Arba`in"g’a turkicha til bila tarjima orzusi ko’ngulga tushti. Alardin ruxsat sharafiga musharraf bo’lg’ondin so’ngra hamul kun ul samin javohir nazm silkiga kirdi" [15-tom, 55].
Alisher Navoiyning "Arba`in hadis" asarida Rasululloh Muhammad (s.a.s.)ning qirqta saheh hadislari to’rt misradan iborat qit`a shaklida she`riy tarzda sharhlangan. Hadislarni sharhlashdan kuzatilgan asosiy maqsadni Alisher Navoiy "Arba`in" uchun masnaviy shaklida yozgan kirish qismida shunday bayon etgan:
Ul Rasule ki ham kalomi faseh,
Elga tegurdi ham hadisi saheh.
To ulus jahldin xalos bo’lub,
Ilm xilvatgahiga xos bo’lub,
Chun tamuqdin najot topqaylar,
Ujmoq ichra hayot topqaylar. [16-tom, 261]
Demak, asar xalqni jaholatdan qutulib, ilmli va ma`rifatli bo’lishi kerakligi kabi olijanob niyat bilan yozilgan. Darhaqiqat, asarda pand-nasihat mavzusidagi qirqta hadis tanlanib, ular nihoyatda katta mahorat bilan o’zbek tiliga talqin qilingan. Ayrim misollarni ko’rib o’tamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |