4. Agrosanoat majmuasi iqtisodiyti fanini o’rganish usullari
Barcha iqtisodiy fanlar o’z predmetlarini o’rganishda qanday usullardan foydalansa ASM iqtisodiyoti fani ham shu usullardan foydalanadi. Lekin bu fanlar o’z xususiyatlaridan kelib chiqib, ayrim usullardan ko’proq va ayrim usullardan kamroq foydalanadi.
«ASM iqtisodiyoti» fani o’z predmetini o’rganishda quyidagi usullardan ko’proq foydalanadi, jumladan:
1) iqtisodiy tahlil;
2) iqtisodiy taqqoslash;
3) statistik guruhlash;
4) monografik usul;
5) balans usuli;
6) istiqboli rejalashtirish;
7) ilg’or tajribadan foydalanish;
8) ma’lumotlarni jadval va grafiklarda tasvirlash;
9) biznes reja tuzish;
10) sintez usuli;
11) induksiya va deduksiya;
12) iqtisodiy matematika usul kabilar.
Induktiv usul deganda – empirik bilimdan abstraksiyaga o’tib, nazorat xulosalar chiqarish, so’ngra ulardan iqtisodiy siyosatga o’tish tushuniladi.
Deduktiv usul qo’llanganda esa iqtisodiy faktlar tahliliga o’tiladi. Bunda ilgari surilgan xulosa qaytadan faktorlar asosida tekshirib ko’riladi. Bu har ikkala usul bir-birini to’ldiradi.
«ASM iqtisodiyoti» fani ma’lum darajada tarixiy fandir, lekin shu bilan birga rivojlanib borayotgan fanlar qatoriga kiradi. Shu sababdan ham dunyo iqtisodiyotida va O’zbekiston iqtisodiy siyosatida yuz berayotgan hodisalar «ASM iqtisodiyoti» fanining rivojlanishiga bevosita ta’sir etadi. Demak, bu fan o’z predmetini o’rganishda tarixiy – dialektik usuldan ham keng foydalanadi. Bu usulda majmuaga kirgan bir tarmoqda yuz bergan o’zgarish uning boshqa tarmoqlar faoliyatida o’z aksini topishi doimiy hisobga olinib turiladi.
Masalan, dehqonchilikni rivojlantirishdagi o’zgarishlar chorvachilik sohasini o’zgarishiga o’z aksini topadi. Chorvachilikni muvaffaqiyatli rivojlantirishning asosiy shartlaridan biri, yuqori sifatli yem-xashakning yetarli darajada bo’lishi va bundan to’g’ri foydalanishdir. Dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish esa ekin maydonlarining hajmiga va qishloq xo’jalik ekinlarining hosildorligiga bog’liq.
Chorva mollarini yem-xashak bilan ta’min etish rejalarini tuzishda, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish biznes rejalarini tuzishda, mollarning em-xashak bilan ta’min etish ko’rsatkichlarini hisoblab chiqishda em-xashak resurslarning manbalari muhim ahamiyatga egadir.
Tahlil (analiz) so’zi grekchadan olingan «analesis» bo’lib, bo’lakchalarga bo’lish yoki bo’lakchalarga ajratish kabi ma’nolarni anglatadi.
Bir iqtisodchi olim xo’jalikni iqtisodiy tahlil qilishga baho berib, shunday deb yozgan: «Ishbilarmon iqtisodchi quruq tezislar yozish O’rniga faktlarni, raqamlarni va ma’lumotlarni o’rganish ustida ishlaydi, amaliy tajribani tahlil qiladi va xato mana bu erda, uni mana bunday qilib tuzatish kerak» deb yozgan.
Iqtisodiy tahlil xo’jalikni, mulk shaklidan qat’iy nazar, ichki rezervlarini aniqlashga, shartnomaviy rejalarni oshirib bajarishga, yangi tadbirlarni belgilashga imkon ochib beradi.
Iqtisodiy taqqoslash usuli – tahlil qilishning ko’p qo’llaniladigan usulidir. Bu usulda bir necha iqtisodiy ko’rsatkichlardan foydalanadi.
Masalan:
1) hisobot ko’rsatkichlari shartnomaviy rejada belgilangan ma’lumotlar bilan taqqoslanadi.
2) mazkur yildagi, ya’ni joriy yil natijalari bazis yil, ya’ni avvalgi yillardagi yoki ma’lum bir davrdagi ko’rsatkichlar bilan solishtiriladi. Hisobot davridagi ish ko’rsatkichlari o’tgan (bazis) yillardagi ko’rsatkichlar bilan taqqoslab ko’rilganda, shirkat yoki fermer, dehqon xo’jaligi iqtisodiyotida bir necha yil mobaynida ro’y bergan o’zgarishlarni belgilab olish imkonini beradi.
3) Fermer va dehqonning yutuqlari viloyat, tuman bo’yicha erishilgan ko’rsatkichlar hamda ilg’or xo’jalik va ilmiy tadqiqot institutlarining ish natijalari bilan solishtiriladi.
Shunday qilib, taqqoslab ko’rish usulida xo’jalik ishlab chiqarishda O’zaro bog’liq bo’lgan ko’p ko’rsatkichlarni bir-biriga solishtirish mumkin.
Masalan, yerdan foydalanishni taqqoslab ko’rganda har bir gektar qishloq xo’jaligi hisobiga qancha daromad olishni, har 100 gektar qishloq xo’jalik eri hisobiga chorva mahsulotlari etishtirishni, mehnat unumdorligini, mahsulot tannarxini, texnikadan foydalanishni, ishchi-xodimlarning moddiy va madaniy turmush tarzini yaxshilanishini va boshqa ko’rsatkichlarni taqqoslash mumkin.
O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini yuksaltirishda ASMning ahamiyati beqiyosdir. Uning asosiy maqsadi qishloq xo’jaligi mahsulotlarini etishtirish, ularni tayyorlash, qayta ishlash va iste’molchilarga etkazib berish tizimining maqsadga muvofiq ishlarini ta’minlashdan iborat. Bozor iqtisodiyoti talablariga javob bera oladigan mexanizmni yaratish, mahsulot sifatini oshirish, ishlab chiqarishning ma’qul shakllarini vujudga keltirish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish kabi masalalarni ochib berishdir.
ASMni rivojlantirish esa aholining turmush darjasini oshirishning eng muhim omillarildan biridir. Shu sababli ham mamlakat agrosanoat majmuasining rivojlanishiga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat tomonidan doimiy ravishda e’tibor berib kelinmoqda. Buning natijasida mustaqillik yillarida bozor iqtisodiyotini yuritish uchun zarur qonuniy baza yaratilib, ular mutassil takomillashtirilib borilmoqda. Olib borilgan va olib borilayotgan siyosat natijasida qishloq xo’jaligi sohasida nodavlat sektorining salmog’i hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ldi. Agrar sohada ishlab chiqarish asosan fermer va dehqon xo’jaliklari shaklida tashkil etildi. Bozor talablari va davlat ehtiyojidan kelib chiqib ishlab chiqarishning tarkibi o’zgartirildi. Paxta yakka hokimligiga barham berilib, g’allachilik tarmog’i keskin kengaytirildi. G’allachilik bilan shug’ullanuvchi ixtisoslashgan maxsus tizim yuzaga keldi. Chorvachilik tarmog’i esa deyarli xususiylashtirildi.
Mamlakat ASM ning asosiy maqsadi aholini sifatli oziq-ovqat va xalq iste’moli tovarlari bilan talab darajasida ta’minlashdan iborat. Bunday muammo yirik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lib, uning talab darajasida hal etilishi aholi turmush darajasini yuksaltiradi. Shuning uchun ham bu masalaga Respublika hukumati tomonidan alohida e’tibor berilmoqda, ya’ni ASMga kiruvchi barcha tarmoqlarni rivojlantirish bilan bog’liq bo’lgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
«Agrosanoat majmuasi iqtisodiyoti» faning vazifasi esa talabalarni (va shu fanni O’rganuvchilarni ham) ASM tarmoqlarda iqtisodiyotning dolzarb masalalari bo’lmish: agrosanoat integrastiyasi, ASMsi tarmoq tarkibi, ular rivojlanishining hozirgi holati, tarmoqdagi ishlab chiqarish omillaridan samarali foydalanish yo’llarini izlab topish, marketing, menejment, moliya va kredit, soliq siyosatining ASMsi tarmoqlarini rivojlantirishdagi o’rni to’g’risidagi bilimlar bilan tanishtirishdir.
«ASM iqtisodiyoti» fanini o’rganish tufayli talabalar (va shu fanni o’rganuvchilar) ASM to’g’risida, uning iqtisodiy masalalari haqida minimal bilimlarga ega bo’ladilar. «ASM iqtisodiyoti» fani talabalarning iqtisodiy bilimlarini yanada mukammal bo’lishini ta’minlab, ularni ishlab chiqarishni tashkil etish jarayonida to’g’ri qarorlar qabul qilishni o’rgatadi.
O’zbekiston hukumatining iqtisodiy siyosatini o’rganish va uning tegishli qismini mutaxassislarga etkazish, «ASM iqtisodiyoti» faning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
«ASM iqtisodiyoti» fani talabalarga bir-biri bilan texnologik jihatdan bog’liq bo’lgan ko’plab mutanosib rivojlanishini zarurligi to’g’risidagi bilimlarni o’rgatadi, aholining turmush darajasi, birinchi navbatda ASM tarmoqlarining rivojlanganlik darajasiga bog’liq ekanligini isbotlab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |