3. “Bizning eng oliy maqsadimiz odamlarimizni rozi qilish”
Davlatimiz rahbari “bizning eng oliy maqsadimiz odamlarimizni rozi qilish” deya takror va takror ta’kidlab kelmoqda. Xalqona va samimiy aytilgan bu so‘z, aslida, mamlakat ijtimoiy siyosatini belgilab beradi. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, o‘tgan bir yildan ziyod vaqt ichida yurtimizda qanday olamshumul voqealar yuz berdi.
Tarixiy o‘zgarishlar sharofati bilan davlat xalqqa yaqinlashdi, u endi xalq uchun ishlay boshladi. Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari faoliyati bugun nainki xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat e’tirofiga ham sabab bo‘lmoqda. Mamlakatimizda ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sektorning shu kabi boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, xalqimiz dilidagi orzu-istaklar ro‘yobiga xizmat qilayotir. Yurtimizda Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkil etilishi aytish mumkinki, milliy davlatchiligimiz tarixida tub burilish yasadi. Zotan, bu yo‘l bilan xalqimiz o‘z kelajagi poydevorini yanada mustahkam bo‘lishini ta’minladi. Oliy va o‘rta ta’lim tizimi ham isloh etilmoqdaki, bu rivojlangan dunyo davlatlari bilan bo‘ylashishimiz, dunyo sahnasida munosib o‘ringa ega bo‘lishimizga zamin yaratadi.
Albatta, bu kabi yangilanishlar bugun barcha soha-yu tarmoqlarda yuz ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham o‘z faoliyatini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida tashkil etib, aholi farovonligi yo‘lida izchil ishlarni olib borayapti.
Albatta, bu borada dunyo tajribasi ham muhim o‘rin tutadi. Binobarin, davlat dasturiga binoan milliy mentalitetimizga mos keluvchi ilg‘or xorijiy tajribalarni qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yish va aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan daromad darajasini aniqlash, “iste’mol savati” tushunchasini hayotimizga amaliy qo‘llash mexanizmlarini yaratish lozim bo‘ladi.
Shuningdek, dasturga ko‘ra, aholining real daromadlari, ish haqi, stipendiya, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich ko‘tarish, ichki bozorda iste’mol tovarlari va xizmatlar narxlarining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.
Mehnat bozorida talab mavjud bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash tizimini kengaytirish, ayni vaqtda ishsizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishga kengroq jalb etish ham muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Shularga mushtarak ravishda kasaba uyushmalarining ijtimoiy himoya sohasidagi vazifa va yumushlari kasaba uyushmalari Federatsiyasining dasturiy hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, kasaba uyushmalarining mehnatkashlar uchun ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy himoya sohasidagi faoliyati quyidagilarga yo‘naltirilmoqda.
Qonun hujjatlarida aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironlar, imkoniyati cheklangan bolalar, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, bandlikning noan’anaviy shakllarida mashg‘ul kishilar (norasmiy sektorda mashg‘ul, vaqtincha va mavsumiy xodimlar va boshqalar) hamda ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasiga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, pensionerlar, nogironlar, balog‘atga yetmaganlar, yolg‘iz keksalar va yuqori darajadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalarini ijtimoiy himoyalash, “Korporativ ijtimoiy mas’uliyat” va “Ijtimoiy mas’ul korxona” konsepsiyasini ishlab chiqish va uni keng qo‘llash.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish jarayonida kam ta’minlangan oilalar, ko‘p bolali oilalar, pensionerlar, urush va mehnat faxriylarini jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali moddiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Chunonchi, 2017-yilning o‘zida kasaba uyushmalari tomonidan 3073 nafar mehnat faxriysi va keksaning respublikamizdagi tarixiy shaharlar hamda diqqatga sazovor joylari bo‘ylab ekskursiyasi tashkil etilgan bo‘lsa, 592 nafar yolg‘iz keksa va nogironning kommunal to‘lovlari qoplab berildi. Davlat bayramlari munosabati bilan “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilib, u yerdagilarga 136,4 million so‘mlik maishiy texnika, kiyim-kechaklar, gigiyenik vositalar berildi.
Ayni chog‘da jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 110 ming nafar keksa avlod vakili ish beruvchilar va kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan 41,9 milliard so‘m miqdorida moddiy qo‘llab-quvvatlandi.
Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda 2366 nafar urush va mehnat fronti faxriysi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtirildi, 7385 nafar ishlovchi pensioner va kasaba uyushma a’zosining ota-onalari esa imtiyozli asosda, shuningdek, 344 nafar ishlovchi pensionerga bepul sog‘liqlarini tiklash uchun imkoniyat yaratib berildi.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb nomlangan 2017-yilda kasaba uyushmalari mutasaddilari barcha nodavlat va notijorat tashkilotlar vakillari bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari bo‘ylab 2 million 160 ming xonadonga tashrif buyurib, oddiy odamlar hayotini o‘rganishdi. Ularda aholini qiynayotgan qariyb 650 mingta muammo aniqlanib, 556,5 mingta muammoni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi hamda yil mobaynida ularning ijrosi nazoratga olindi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya aksiyasi doirasida shu yilning aprel-may oylarida 3280 bolaning sunnat to‘ylari va 616 yosh oilaning nikoh to‘ylari o‘tkazildi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 2017-2018-yillarda aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator manzilli dasturlar ijrosini ham muvofiqlashtirmoqda.Xususan, kasaba uyushmalari Ishchi guruhlari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida hunarmandchilik, tadbirkorlik yo‘nalishlarini ochish, shaxsiy tomorqa uchastkasini, shuningdek, chorva mollari yoki parranda xarid qilish,yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z oilasining iqtisodini tiklash istagini bildirgan minglab kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kreditlar olib berildi.Yuzlab nochor oilalarning uy-joyi ta’mirlandi, minglab xonadonlarga maishiy texnika olib berildi. Shunday oilalarning a’zolari bo‘lgan yuzlab og‘ir xasta bo‘lgan bemorlarga moddiy ko‘mak berildi. Joriy yilda ham bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlashdek o‘ta mas’uliyatli va jiddiy vazifani ham muvofiqlashtirmoqda. Bugungacha mamlakatning chekka tuman va qishloqlarida 2000 dan ortiq ijtimoiy apteka ishga tushirilib, olis hududlarda yashovchi minglab insonlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishga bosh bo‘lindi.
Binobarin, bo‘lib o‘tilishi kutilayotgan anjumanning biz uchun alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Biz unda ishtirokchilar e’tiboriga quyidagi taklif va mulohazalar bilan ham murojaat qilmoqchimiz:
mehnat va ijtimoiy munosabatlarni alohida-alohida tartibga solishga yo‘naltirilgan mehnat qonunchiligini yanada takomillashtirish;
mehnat sohasidagi asossoluvchi tamoyillar va huquqlarni 40 soatlik ish haftasi, yillik haq to‘lanadigan ta’til, onalikni muhofaza qilish va migrant mehnatkashlarning asosiy huquqlarini himoyalashni kiritish bilan kengaytirish;
transmilliy korporatsiyalar xodimlariga bir xil qiymatga ega bo‘lgan mehnat uchun teng haq to‘lash tamoyiliga rioya qilish;
mehnatni ilmiy asoslangan me’yorlashtirishni qayta tiklash;
XMT vakolatini inobatga olib, mehnat sohasini boshqarishda boshqa xalqaro institutlar rolini qayta ko‘rib chiqish, XMT doirasida nazorat mexanizmi va texnik hamkorlik imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish;
barcha uchun butun umri mobaynida (“bir umrlik ta’lim”) kasb ta’limiga ega bo‘lishni soddalashtirish;
mehnat sohasini boshqarishda davlat organlari, kasaba uyushmalari va uch tomonlama institutlar harakat sohasini aniq chegaralash;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori standartlari, ish vaqti va dam olish vaqti me’yorlarini qat’iy nazorat qilish;
mehnat shartnomalarini digitalizatsiya qilishni joriy etish;ijtimoiy himoyani noan’anaviy bandlikning barcha shakllariga keng yoyish;
kasaba uyushmalari va ish beruvchilar uyushmalarining uch tomonlama tuzilmalardagi qonuniy vakilligi muammosini hal etish maqsadida mehnat sohasini boshqarish borasida ijtimoiy sheriklarning roli va o‘rnini qayta ko‘rib chiqish.2
Xulosa.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish, ularga munosib turmush sharoiti yaratish bugungi dunyoning eng insonparvar qadriyatlaridan biriga aylandi. Oddiy odamlar orzu-istagi, dardu tashvishini o‘zida jamlagan bu ezgu qadriyat yangilanayotgan yurtimiz siyosati bilan hamohang ekanligi har birimizni quvontiradi, albatta.O‘zbekistonda kechayotgan bugungi o‘zgarishlar mamlakat yangi tarixini boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalarda yuz berayotgan ulkan yangilanishlar davlatimizning dunyo hamjamiyati bilan tom ma’noda integratsiyalashuvini ta’minlamoqda.
Ko‘rinib turibdiki, Federatsiya faoliyati bugun birgina ish beruvchi va ishchining munosabatlari bilangina cheklanib qolayotgani yo‘q. Aytish joiz bo‘lsa, inson manfaatlari, uning yashash, mehnat qilish borasidagi huquqlarini ta’minlashning ko‘p qirrali jihatlarida kasaba uyushmalari bevosita ishtirokchi, o‘z so‘zi va o‘rniga ega tashkilotga aylanib ulgurdi. Shu ma’noda, to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston o‘zi to‘plagan va xalqqa, keng jamoatchilikka manzur va ma’qul bo‘layotgan tajribasini dunyo jamoatchiligi e’tiboriga yetkazishi, bu boradagi jahon hamjamiyati e’tibori va diqqat markazidagi muammolarni muhokama qilish, ularning yechimi bo‘yicha tajribalarni o‘rtoqlashishga tayyor.
Foydalanilgan adabiyotlar.
««Ishonch» gazetasi.
Gazeta.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti.
Stat.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |