5-§. Issiqlik ta’sirida kengayishning kompensatsiyasi 44. Harakatsiz ustunlar oralig‘idagi quvurlarning har bir uchastkasi issiqlik ta’sirida uzayishdan kompensatsiyaga mo‘ljallangan bo‘lishi zarur. Bunda o‘z-o‘zidan kompensatsiya amalga oshirilishi yoki kompensatorlar o‘rnatilishi mumkin. Cho‘yan salnikli kompensatorlarni o‘rnatishga ruxsat berilmaydi.
45. Ichki diametri 150 mm va undan yuqori, bug‘ harorati 300° S va undan yuqori bo‘lgan bug‘ quvurlarida bug‘ quvurlarining kengayishini nazorat qilish hamda ustun-osma moslama tizimining to‘g‘ri ishlashini kuzatib turish maqsadida yo‘nalish ko‘rsatkichlari o‘rnatilishi zarur. Ushbu ko‘rsatkichlarni o‘rnatish joylari va undagi harakatlarning hisoblangan ko‘rsatkichlari bug‘ quvurlarining loyihalarida ko‘rsatilishi shart. Harakatlar ko‘rsatkichlarini ko‘rish joylari o‘tishga qulay bo‘lishi zarur. Zarur joylarda maydonchalar va zinapoyalar o‘rnatilishi kerak.
6-§. Ustun — osma moslama tizimlari 46. Quvurlarning asosiy konstruksiyalari, uning ustunlari va osma moslamalari (prujinalardan tashqari) suv to‘ldirilgan va izolyatsiya bilan qoplangan quvur og‘irligining vertikal kuchlanishiga hamda quvurning issiqlik ta’sirida kengayishi natijasidagi kuchlanishga mo‘ljallangan bo‘lishi zarur.
Bug‘ quvurlarining ustun va osma moslamalarini gidravlik usulda sinashda suv og‘irligini hisobga olmaslik mumkin, biroq bug‘ og‘irligi hisobga olinishi zarur. Bunday hollarda, gidravlik usulda sinashda prujinalar, ustun va osma moslamalarning kuchlanishi uchun maxsus moslamalarning qo‘llanishi loyihada ko‘zda tutilishi zarur.
47. Harakatsiz ustunlar ularga nisbatan eng og‘ir sharoitlarda ta’sir etishi mumkin bo‘lgan katta kuchlanishlarga mo‘ljallangan bo‘lishi zarur.
7-§. Drenajlar 48. Quvurlarning zulfinlar bilan o‘chiriladigan har bir pastki nuqtasida, quvurlardagi suv tushirib yuborishga mo‘ljallangan zulfinli shtutserlar o‘rnatilgan bo‘lishi zarur.
Quvurlarning yuqori nuqtalarida havoni chiqarib yuborish uchun mo‘ljallangan moslamalar bo‘lishi shart.
49. Bug‘ quvurlarining moslamalar yordamida o‘chiriladigan barcha uchastkalarida, ularni qizitish yoki shamollatish uchun shtutserlarning oxirgi nuqtalarida ventillar, bosimi 2,2 MRa (22 kgf/cm2) dan yuqori hollarda esa shtutserlar ketma-ket joylashgan ikkita, o‘chirish va boshqarish ventillari o‘rnatilishi zarur. Bosimi 20 MRa (200 kgf/cm2) va undan yuqori bo‘lgan bug‘ quvurlarida ketma-ket joylashgan ikkita, o‘chirish va boshqarish ventilli hamda drossel shaybali shtutserlar o‘rnatilishi zarur. Bug‘ quvuri uchastkasini ikkala yo‘nalishda qizdirish hollarida uchastkaning ikkala tomonidan quvurni shamollatish ko‘zda tutilishi zarur.
Drenaj qurilmalarida, quvurni qizdirish vaqtida ish jarayonini nazorat qilish imkoni ko‘zda tutilgan bo‘lishi zarur.
50. Bug‘ quvurining pastki oxirgi nuqtalari va uning bukilish joylaridagi pastki nuqtalari shamollatish qurilmalari bilan ta’minlanishi shart.
51. Quvurlardagi drenaj qurilmalarining joylashishi va konstruksiyalari loyiha tashkilotlari tomonidan aniqlanadi.
52. Bug‘ miqdori yuqori bo‘lgan bug‘ quvurlari hamda uning oxirgi uchastkalaridagi qizigan bug‘ mavjud uchastkalarda kondensatsiya sig‘imlari yoki boshqa qurilmalar orqali kondensatlar to‘xtovsiz chiqarib turilishi shart.
Issiqlik tarmoqlarida, bug‘ning holatidan qat’i nazar, trassaning pastki nuqtalarida, kondensat to‘xtovsiz chiqarib turilishi shart.