Tadqiqot ob’yekti va predmeti. Tadqiqot ishining obyekti Mirxondning “Ravzat us-safo” asarining 7-kitobi etib belgilab olindi. Mazkur asardagi Husayn Boyqaroning siyosiy faoliyati, XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asr boshlarida Xurosondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, Husayn Boyqaroning Movarounnahr va Badaxshon hukmdorlari bilan munosabatlari, Husayn Boyqaro saltanatidagi davlat boshqaruvi tadqiqot ishining predmeti sifatida belgilab olindi.
Tadqiqot maqsadi va vazifalari.Tadqiqotning maqsadi “Ravzat us-safo" asarida Husayn Boyqaro tarixini xolisona va aniq faktlarga asoslanib o‘rganish va chuqur tahlil qilish hisoblanadi. Ushbu maqsaddan kelib chiqib, quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi:
Tarixchi Mirxondning hayoti va ilmiy faoliyati bilan tanishish;
“Ravzat us-safo” asarining Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o‘rganish;
Sulton Husayn Boyqaroning ilk siyosiy faoliyatini o‘rganish;
Sulton Husayn Boyqaroning hukmronlik yillarida Xurosondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tadqiq etish.;
Sulton Husayn Boyqaroning Movarounnahr va Badaxshon hukmdorlari bilan olib brogan siyosiy va diplomatik aloqalarini yoritish;
Sulton Husayn Boyqaroning saltanatida davlat boshqaruviga oid ma’lumotlarni tahlil etish;
“Ravzat us-safo”da yozilgan ma’lumotlarni asar bilan deyarli bir zamonda yozilgan asarlardagi ma’lumotlar, xususan Husayn Boyqaro tarixiga oid bo‘lgan ma’lumotlar bilan solishtirish va taqqoslash;
“Ravzat us-safo” asari fors tilidagi manba bo‘lganligi uchun eski o‘zbek tilidagi tarjimalarini o‘rganish.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi.Tadqiqot ishini olib boorish jarayonida Husayn Boyqaroning tarixi qo‘lyozma manba asosida izlanish olib borildi. Husayn Boyqaroning tarixini tadqiq qilishda faqat bir kitobdan foydalanilmay boshqa adabiyotlardagi qiyosiy tahlil qilinib, farqli jihatlari ko‘rildi. Tadqiqot davomida quyidagi ilmiy yangiliklar aniqlandi:
“Ravzat us-safo” asarining XIX asr oxirida xorazmlik kotib Muhammad Yusuf Roziy tomonidan ko‘chirilgan eski o‘zbek tilidagi nusxasi hozirgi o‘zbek tiliga qisman o‘girildi va ilmiy muomalaga kiritildi.
Sulton Husayn Boyqaroning ilk siyosiy faoliyati davrida temuriy shahzodalar bilan munosabatlari o‘rganildi va bunda siyosiy va harbiy strategiyasi ochib berildi.
Mazkur asar Husayn Boyqaroning xalqaro munosabatlarini o‘rganishdagi muhim manba ekanligi ilmiy asoslantirildi.
Sulton Husayn Boyqaroning hukmronligi davrida Xurosondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar tadqiq etildi.
Husayn Boyqaroning Movarounnahr va Badaxshon hukmdorlari bilan siyosiy va diplomatik aloqalari ilk bor tadqiqot shaklida tahlil etildi.
Husayn Boyqaro davrida davlat boshqaruvining Mirxond talqini asosida tahlil etildi.