Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari. Tadqiqotning asosiy masalalarini, Husayn Boyqaroning tarixi “Ravzat us-safo” asarida qay tarzda bayon etilgani, farazlarini esa Husayn Boyqaroning tarixini yoritishda ushbu asardan boshqa olimlar qanchalik foydalanganini tahlil qilishdan iborat.
Tadqiqot mavzusi bo‘yicha adabiyotlar tahlili.Sulton Husayn Boyqaro tarixini o‘rganar ekanmiz eng avvalo Mirxondning “Ravzat us-safo” asariga murojaat qilamiz. Mazkur asarning to‘liq nomi “Ravzat us-safo fi siyrat ul-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo” (“روضة الصفاء في سيرة الانبياء والملوك والخلفاء”, “Payg‘ambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimai holi haqida soflik bog‘i”) bo‘lib, unda dunyoning yaratilishidan to 1523-yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. “Ravzat us-safo” muqaddima, yetti jild, xotima va jug‘rofiy qo‘shimchadan tashkil topgan. Lekin, Sulton Husayn Boyqaroning tarixini o‘rganishda faqatgina shu kitob bilan cheklanib qolmaymiz. Biz uchun eng asosiy manbalardan yana biri tarixchi Xondamirning “Habib us-siyar fi axbori afrodi-l-bashar” (“حبيب السير في اخبار افرد البشر”) asaridir. Ushbu asarning 3-jildidagi ma’lumotlar bilan “Ravzat us-safo”ning 7-kitobidagi ma’lumotlar o‘xshashdir. Sababi Mirxond kitobning yakunlovchi qismini yozishga ulgurmay vafot etgan. Shundan so‘ng “Ravzat us-safo” asarini yugatib qo‘yish vazifasini Xondamir o‘z zimmasiga olgan. Shu sababli ham “Habib us-siyar’ asaridagi Husayn Boyqaro tarixiga oid ma’lumotlarning “Ravzat us-safo”dagiga qaraganda farqi katta emas. Ushbu asardan biz taqqoslash maqsadida foydalanamiz.
Husayn Boyqaro tarixi haqida ma’lumot beruvchi yana bir asar Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asaridir. Bu kitobda asar Zahiriddin Muhammad Boburning Husayn Boyqaro huzuriga borganida uni kutib olishi, o‘sha vaqtdagi Husayn Boyqaroning siyosiy faoliyati, yashash tarzi haqida batafsil ma’lumot berilga. Bu kitobdan ham biz Husayn Boyqaro tarixini chuqurroq o‘rganishimiz va asosiy manbamiz bilan qiyoslashimiz mumkin.
Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlayi sa’dayn va majmayi bahrayn” (“مطلع سعدين و مجمع بحرين”, “Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilishi”) asari orqali Husay Boyqaroning yoshlik yillari, Xuroson hukmronligiga kelgunicha bo‘lgan ma’lumotlarni o‘rganib, uni “Ravzat us-safo”dagi ma’lumotlar bilan taqqoslashimiz mumkin.
Xorazmlik olim Hasanbek Rumluning “Eng go‘zal tarix” ("احسن التواريخ") kabi asarining ozarbayjon tilida chop etilgan nusxasi ham tadqiqot uchun manba sifatida foydalanildi. Xorijiy tadqiqotlardan Turkiyalik Jihan Oruch (Cihan Oruç)ning “Sulton Husayn Boyqaroning taxtga kelgandan so‘ng temuriy shahzodalar bilan olib brogan kurashlari” (“Sultan Hüseyin Baykara’nın Timurlu Devleti Tahtına Çıkmasından Sonra Timurlu Soyundan Bazı Mirzalar ile Giriştiği Mücadeleler”), Talip Yildirimning “Alisher Navoiy asarlaridagi yaqin do‘sti Husayn Boyqaro” nomli maqolalari ham ko‘rib chiqilib, qiyosiy tahlil qilindi. Shu bilan birgalikda Turg‘un Fayziyevning “Temuriylar shajarasi”, “Husayn Boyqaroning sirli o‘limi” kabi asarlari orqali biz yanada katta ma’lumotlar olishimiz mumkin va bu asarlar orqali biz Husay Boyqaroning tarixini o‘rganishda to‘g‘ri yondashuvni tanlashda foydalanamiz. Bundan tashqari mustaqillik yillarida O‘zbekistonda “Ravzat us-safo” asari, xususan, Husayn Boyqaro tarixiga oid olib borilgan ilmiy tadqiqiot ishlari va dissertatsiyalardan ham foydalanamiz.