O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK UNIVERSITETI
Qo‘lyozma huquqida
UO‘K: 94 (575.1)
KBK: 63.0
M: 25.
KARIMOV SHERZOD SHAVKAT O‘G‘LI
MIRXONDNING “RAVZAT US-SAFO” ASARIDA SULTON
HUSAYN BOYQARO TARIXIGA OID MA’LUMOTLAR (VII KITOB)
5A120304 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha)
Magistr akademik darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya
ANNOTATSIYASI
Ilmiy rahbar: t.f.n., dots. v.b.
X. T. Fayziyev
Toshkent – 2022
KIRISH
“…Kishvariy she’ri Navoiy she’ridin eksik emas,
Baxtina dushsaydi bir Sulton Husayni Boyqaro”
Ozarbayjon shoiri Kishvariy
Magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi. Milliy mustaqilligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston yangi yo‘ldan taraqqiy eta boshladi. Mustaqillikka erishganidan so‘ng O‘zbekiston o‘tgan o‘ttiz bir yil ichida o‘ta mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Buni oldindan yaxshi bilgan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimov ozodlikka erishgan dastlabki kunlarimizda “O‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘limiz – bu gul bilan qoplangan yo‘l emas, bu totalitarizm merosidan xalos bo‘lish va poklanish, mafkuraviylik illati yetkazgan ziyon-zahmatlarni bartaraf etishning qiyin, uzoq davom etadigan yo‘lidir”1, deb aytgan so‘zlari zamirida qanchalik chuqur hayotiy ma’no borligini yana bir bor anglaymiz.
Shu bilan birga, istiqlol O‘zbekiston xalqiga ma’naviy uyg‘onish, o‘zlikni anglash, boy tarixiy o‘tmishini o‘rganishga imkon yaratib berdi. Mustaqillik tufayli o‘zbek xalqining ko‘p asrlik boy tarixiy, ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganish, undan xalqning bebaho mulki sifatida foydalanishga keng yo‘l ochildi. Ma’naviy boyliklar, qadriyatlar, davlat, millat, shaxsning bebaho xazinasi va taraqqiyot manbai hisoblanadi. Aynan ushbu ma’naviy va mafkuraviy asosni mustahkamlash hamda rivojlantirishda tarix fani alohida ahamiyatga egadir. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimov ta’kidlaganidek “…tarix millatning haqiqiy tarbiyachisiga aylanib bormoqda. Buyuk ajdodlarimizning ishlari va jasorati tarixiy xotiramizni jonlantirib, yangi fuqarolik ongini shakllantirmoqda”2. Prezident tarixiy xotira to‘g‘risida fikrini davom ettirar ekan – “Tarixiy xotira tuyg‘usi to‘laqonli ravishda tiklangan, xalq bosib o‘tgan yo‘l o‘zining barcha muvaffaqiyat va zafarlari, yo‘qotish va qurbonlari, quvonch va iztiroblari bilan xolis va haqqoniy o‘rganilgan taqdirdagina chinakam tarix bo‘ladi,”3 – deya haqli ravishda qayd etgan.
Tarix bugun va kelajakning ko‘zgusi. Mustaqil hayotimizda buyuk maqsadlar sari intilishimiz uchun sharoitlarning yaratilganligi hamda buyuk kelajak uchun madaniy - ma’naviy merosga ega bo‘lishimiz darkor.
Mana shu o‘rinda O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin tutgan Sulton Husayn Boyqaro tarixini o‘rganish, unga xolisona baho berish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shundan kelib chiqqan holda magistrlik dissertatsiyasining mavzusi: Mirxondning “Ravzat us-safo” asarida Sulton Husayn Boyqaro tarixiga oid ma’lumotlar (VII kitob)” deb ataldi. Bu mavzu asarning fors va eski o‘zbek tilidagi qo‘lyozma nusxasidan Sulton Husayn Boyqaro ma’lumotlarni o‘rganib, tahlil qilish muhim ahamiyatga egadir.
Ayniqsa, Sulton Husayn Boyqaroning XV asr ikkinchi yarmi – XVI asr boshlaridagi tarixi, hayot yo‘li va ijodi Movarounnahr hukmdorlari orasida kamdan kam uchraydigan hislatlarga ega davlat rahbari sifatida alohida e’tiborga molik bo‘lib, tarix fani uchun dolzarb ahamiyatga egadir. Bu davrda temuriy shahzodalar bir-birlari bilan ziddiyatli munosabatlarga borgan, mahalliy hokimlarning o‘zaro urushlarining tez-tez sodir bo‘lishi hamda Xuroson diyorida shunday urushlarga ma’lum muddat chek qo‘yib, o‘lkada nisbatan farovon turmush tarziga asos solgan hukmdorning tarixi aniq manba asosida o‘rganildi. Sulton Husayn Boyqaro tarixi haqida o‘z davrida ko‘plab muarrixlar va olimlar yozib qoldirgan bo‘lsa-da, tarixchi Mirxonding asari temuriylar davrini yoritishda tarixiy faktlarga boyligi, asarning yozilish uslubining xosligi sabab bugungi kungacha bu kitob o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, desak bo‘ladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Mirxondning “Ravzat us-safo” asari 7 kitobdan iborat bo‘lib, uning hammasini yozib tugatish Mirxondning o‘ziga nasib qilmagan. Uning yettinchi jildining matni, shubhasiz, Xondamirning qalamiga mansub. Bu fikrni tasdiqlaydigan quyidagi ma’lumotlarga e’tibor berish kifoya: Xondamir “Ma’osir ul-muluk” va “Xulosat ul-axbor”ning xotimasida Mirxondga to‘xtalib, Temur tarixiga oid qog‘ozga tushirilgan har xil materiallarga ega bo‘lmaganligi uchun, o‘z asarini tugata olmagan va agar fursat topilsa, (Xondamir) bobosi asarini tugatishga yo‘l topgan; asarda bayon etilgan tarix to 1523 yilgacha yetkazilgan, vaholanki, Mirxond 1498 yili vafot etgan; yettinchi jildning matni Xondamirning “Habib us-siyar” asari III jild 3 qismining ikkinchi yarmi bilan deyarli bir xil.
Sulton Husayn Boyqaro temuriylar sulolasining engn yirik vakili, Xuroson podshohi. Husayn Boyqaro, Husayniy (toʻliq nomi Husayn ibn Mirzo Mansur ibn Mirzo Boyqaro) Temuriylardan Umarshayx Mirzoning evarasi, otasi Sulton G‘iyosiddin Mansur Mirzo bo‘lgan. Onasi Feruzabegim temuriylardan Mironshohning nabirasi edi. Shundan bilib olishimiz mumkinki, Husayn Boyqaro, Bobur taʼriflaganidek, ikki tomonlama ulugʻ (“karim ut-tarafayn”) boʻlgan. Uning hukmdorligi yillarida iqtisodiy va madaniy hayot yaxshilangan. Navoiyning maktabdosh doʻsti va homiysi bo‘lgan. Bunday har tomonlama barkamol shaxsning tarixini o‘rganish, ayniqsa qadimiy manbalar va haqqoniy faktlar asosida tahlil qilish mavzuning dolzarbligi etib belgilandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |