1.3. Horijiy mamlakatlar maydonlarini rejalashtirish tuzilmalarining harakterli xususiyatlari
Me'moriy ansambl ma'lum bir qonuniyat asosida, o'zida ritm, modul va masshtablilikni mujassamlashtirgan holda aniq fazoviy kompozitsiyaga ega bo'lishi kerak. Me'moriy ansambllarning fazoviy kompozitsiyasi turlicha: ular simmetrik yoki assimmetrik, hajm jihatidan kontrast yoki nyuans bo'lishi mumkin. Masalan, Sankt-Peterburgdagi bosh maydonda atrofdagi binolar vokzal binosiga qaratilgan bo'lib, kontrast kompozitsiyaga misol bo'ladi. Yerevandagi bosh maydon nyuans tarzida hal etilgan. Bu yerda ma'muriyat binosi boshqa binolarga qaraganda ozroq ko'tarilgan (8-rasm ).
Chet mamlakatlarda jamoat binolarining maydonlarda joylashtirilishini ko'plab kuzatishimiz mumkin. Misol tariqasida Sankt –Peterburgdagi A.S.Pushkin nomidagi teatr, jamoa kutubxonasi, bog' va pavilonlar hamda xoreografiya bilim yurti joylashgan maydonni ko'rsatish mumkin. Shu tarzda Is'hoq ibodatxonasi, Parijda-Panteon va Grand Opera, Tallindagi o'rta asr ratushalari va boshqa shaharlardagi maydonlar tashkillashtirilgan.
Jamoat binolari maydon tashkil etganda, ko'p hollarda shu maydonning simmetriya o'qiga joylashtirilgan. Masalan, Kalinin, Voronej va Penzadagi ma'muriy binolar.Yana binolar assimmetrik tarzda joylashishi mumkin. Masalan: Yoshkar -ola, Tula va boshqa shaharlardagi ma'muriy binolar.
Ko'chalarda binolarni qatorlashtirib joylashtirilishida jamoat binolari qatordan uzoqlashtirib, oldiga maydon qoldirish ko'chalar kompozitsiyasiga aksent berib, ko'chalarni zerikarli bir xillikdan holi etadi. Shunday tarzda Sankt –Peterburgda Neva prospektidagi Pushkin nomli drama teatri, Qozon ibodatxonasi binolari oldida ochiq maydon qoldirilgan.
Rim shahrida Kapitoliy tepaligidagi ansambl bir nechta saroy binolarini trapetsiya shaklidagi maydonga birlashtirdi. Bu maydonga tantanali zinapoya orqali chiqiladi.Yevropa me'morchiligidagi eng birinchi fazoviy ansambllardan biri-Rimdagi Kapitoliy maydoni ansambli kechki renessans me'morchiligiga katta hissa qo'shgan Mikelanjelo Buanarottiga tegishli. U 1546-yildan boshlab ansamblning asosiy binosi bo'lmish Avliyo Pyotr ibodatxonasining asosiy qismini quradi. Ansamblda: Palasso dei Senatori, Palasso dei Konservatori, Kapitoliy muzeylarining asosiy binosi va maydon o'rtasida Mark Avreliyning haykali joylashgan. Sikst V(1585-90) davrida bu maydondan shahar hududini bir tizimga birlashtiradigan tekis yo'llar ochiladi. Ansambl tamoyili Rim shahriga kirishda oval shaklidagi Pyazza del Popolo maydonida ham mujassamlashgan. Bu maydondan uchta ko'cha chiqib ketadi ( 9-rasm).
Klassitsizm uslubi XVIII asr o'rtalarida Fransiyada paydo bo'lib rivojlandi. Bu davrda Parijda bir nechta maydonlar ansambli paydo bo'ldi. G'arbiy Yevropa davlatlari ichida Fransiya shahar qurilishi bo'yicha yetakchi o'ringa chiqib oladi.
Jamoat binolari arxitekturasining 1922-yilda sobiq sho'ralarning poytaxt shaharlarining shakllanishi katta turtki bo'ldi. O'sha paytda Ukrainaning poytaxti Xarkov shahri edi va shahar markazi eski va yangi shahar o'rtasida joylashgan edi. Unga asos esa doira shaklidagi Dzerjinskiy maydoni bo'lgan. Maydon radial –aylana shaklda bo'lib, undan turli yo'nalishlarda ko'chalar chiqqan. Maydon perimetri bo'ylab ma'muriy binolar bilan o'ralgan bo'lib, ular uyg'unlikda go'zal ansamblni hosil qiladi. Tver shahrining Pushkin maydoni XX asrning 80-yillarida o'zgacha ansambl tarzida shakllangan. Maydon yarim doira shaklga ega bo'lib, unda stella va favvora joylashtirilgan. Maydonning kompozitsiyasi bir-biriga simmetrik tarzda joylashtirilgan turar joy uylari va ularning ro'parasida joylashtirilgan jamoat binosi tashkil etadi.
Eronning Isfaxon shahridagi “Naqshi jahon“ maydoni o'zining monumentalligi bilan ko'zni quvontiradi. Maydonda joylashgan Shoh masjidi, Lutfulla masjidi, Ali-Kapu saroyi, uning orqasidagi chorbog' hamda shahar binolari va inshootlari shahar markazining yaxlit kompozitsiyasini tashkil etadi. Uning janubidan Zanderud daryosi qo'shilib ketadi. Shahar markazidagi juma masjidi va Gumbazi –Xoki ustunli galereyalari bilan bir necha asrlar davomida shakllangan. Isfaxon me'morchiligi, umuman shaharsozligi, hajmiy-rejaviy yechimidan tortib to binolar tarzigacha, murakkab dekorativ mayolikasi va alohida detallari bilan o'zimizning me'morchiligimizni eslatadi (10-rasm) [8, 78-87 b].
XVII asrda Italiyada maydon mavzusi asosiy arxitekturaviy mavzulardan biriga aylandi. Dastlabki barpo etilgan maydon Mikelanjelloning Kapitoliy maydoni edi (11-rasm). Rimda maydonlarning ko'pchiligini mayda cherkov maydonlari tashkil qilgan edi. Nemis tadqiqotchisi, me'mor Kamillo Zitts o'sha vaqtda Rimda 225 cherkov maydonlari mavjudligini qayd etgan.
Bulardan tashqari, turli saroy majmualarining maydonlari va ko'cha harakatini tartibga soluvchi maydonlari ham mavjud edi. Santa Mariya dellya Pache cherkovi oldidagi kichikkina trapetsiya shaklidagi maydoncha ochiq havodagi zal tariqasi tavqin etilgan. Unda maydoncha tomonlarini tashkil etuvchi devorlar pilyastr (devoriy ustun)lar bilan bezatilgan. Katta-kichik maydonlarning ko'pligi XVIII asrda Nolli tomonidan chizilgan Rimning tarxida ham aks ettirilgan. Barokko davrida maydonlarni tashkil etishda ko'plab favvora va obelisklardan foydalanishgan.
Rimdagi maydonsozlik bo'yicha ishlarning eng yirigi Avliyo Pyotr sobori oldida tuzilgan maydonda amalga oshirilgan (12-rasm). Mikelanjelloning sobori Bramante loyihasidagi kabi o'ta markaziy kompozitsiyada bo'lmasa-da, uning umumiy hajmi baribir markaziy ko'rinishga ega edi. Unda kiraverish tomonigina boshqa tomonlaridan biroz ajratilgan edi. Bu tomonga Moderna qo'rg'on qo'shimcha binoning bu kiravirish tarafini tamoman ajratib qo'ydi. Sobor oldidagi maydonni Lorenso Bernini tashkil etdi. Maydon o'zaro tutashgan trapetsiya va oval shakllardagi qismlardan iborat. Maydon juda ulkan bo'lib, umumiy o'lchamlari hayratlanarlidir: oldidan soborgacha 255 metrni va eni (ovalning katta diametri)da 200 metrni tashkil etgan. Soborga bevosita tutashgan maydonning qismi trapetsiya shaklida ekanligi, bino oldidagi masofani yanada uzoqroq qilib ko'rsatadi. Sobor o'z oldidagi maydonni quchoqlab olganday bo'lib tuyuladi. Maydonda to'rt qatorli ustunlar-kolonada, obelisklar, favvoralar turli nuqtalardan har xil, takrorlanmas ko'rinishlar hosil qiladi. Bularni tashkil etuvchi unsurlarning qiyoslanishi (“masshtablar o'yin”) katta ahamiyatga ega. Keyinchalik Karlo Fontana Sobor maydonini qayta qurish bo'yicha loyiha ishlab chiqdi. Amalga oshirilmagan bu loyihada maydon oldiga yanada davom ettirilib, kirish qismi bilan maydonni chegaralab qo'yish hamda Tibr daryosigacha bo'lgan joyda, bir o'qli ochiq old maydon (avanmaydon) barpo qilish taklif qilingan edi [9,148-162b].
Fransiya shaharsozligi tarixida tantanaviy maydonlar alohida o'rinni egallaydi. Ular aniq geometrik shaklda bo'lib, atrofi 3-4 qavatli bir xil ko'rinishdagi binolar bilan qurshab olingan bo'ladi. O'rtasiga otliq qirol haykali o'rnatiladi. Dastlabkilari Vogezlar va Dofin maydonlari bo'lib, ular XVI asr oxiri XVII asr boshida qurilgan Vogezlar maydoni Parijning sharqiy qismida Turnel zamogi o'rnida barpo bo'ldi. Tarxdagi o'lchamlari 139x139 m bo'lib, qizil g'ishtdan qurilgan. Ayrim qismlari oq tom bilan qoplangan. Tomi ko'k tusli shifer bilan yopilgan. Dastlabki davrda maydon o'rtasi bo'sh bo'lib unda turnirlar va zodagonlarning sayrlari bo'lib o'tgan. Keyinchalik maydon o'rtasiga Lyudovik XIII otliq haykali o'rnatilib, atrofi ko'kalamzorlashtirilgan va panjara bilan to'silgan edi (13-rasm).
Dofin maydoni Site orolining eng g'arbiy qismida, ko'prik qurilishi bilan bog'liq holda vujudga keldi. Ko'prikning eni 23m, uzunligi 328 m edi. Inshootning tubdan yangiligi unda ikki chetda hech qanday qurilmalar (do'konlar, ustaxonalar kabi) bo'lmaganligidan, usti ochiq bo'lganligidan iborat edi. Ko'prik shaharliklarning faqat sayr qilishlariga mo'ljallangan edi. Ko'prikning boshqa tomonida qirol bog'lari o'rnida tarxi trapetsiya shaklida Dofin maydoni barpo etildi. Maydon chetlaridagi binolar Vogezlar maydonidagi binolar singari ko'rinishda qurildi. Farqi maydon o'rtasidan uning o'qi bo'ylab yo'l qoldirilgan (14-rasm) [9,161-162 b].
Do'stlaringiz bilan baham: |