Yerusti tuzilishi. Quyi Zarafshon okrugi yerusti tuzilishi jihatidan O‘rta Zarafshondan farqlanadi. Chunki O‘rta Zarafshon okrugini ikki tomondan tog‘lar o‘rab olgan bo‘lsa, aksincha, Quyi Zarafshon Xazar yo‘lagidan o‘tgach, janubi g‘arbga qarab kengayib, pasayib, Buxoro va Qorako‘l vohasini hosil qiladi. Buxoro vohasini shimoli g‘arbdan Qizilqum o‘rab olsa, sharqda Qiziltepa (362 m), Quyimozor (216 m), Qumsulton kabi balandliklar, janubi g‘arbdan Qorako‘l balandligi o‘rab olgan.
Buxoro vohasining uzunligi 102 km atrofida, kengligi 50-70 km, mutlaq balandligi 200-250 m bo‘lib, janubi g‘arbga biroz nishab tekislik hisoblanadi.
Buxoro vohasida Zarafshon daryosining to‘rtta qayiri (terrasasi) joylashgan. Birinchi qayir daryoning har ikki qismida joylashib, nisbiy balandligi 1-1,5 m, kengligi 1,5-2,0 km. Ikkinchi qayirining nisbiy balandligi (daryo o‘zanidan) 2-5 m. Uchinchi qayiri uncha keng bo‘lmay, bilinar-bilinmas holda ikkinchi qayirdan ko‘tarilib turadi. To‘rtinchi — eng qadimiy qayiri vohani o‘rab olgan platolarining quyi qismida joylashgan. Buxoro vohasidagi qayirlarning ko‘p qismi yerlardan qishloq xo‘jaligida foydalanish natijasida tekislab yuborilgan.
Buxoro vohasi janubi g‘arbga qarab pasayib, torayib, Qorako‘l platosiga tutashib ketadi. Qorako‘l platosidan o‘tgach, okrug hududi yana kengayib, Qorako‘l vohasini hosil qiladi. Qorako‘l vohasi janubi sharqda Sandiqli qumligi, janubda Eshakchi qumligi bilan o‘ralgan.
Qorako‘l vohasining uzunligi 100 km atrofida, kengligi 50 km. Yer yuzasi tekis bo‘lib, janubi g‘arbga — Amudaryo vodiysi tomon nishablikda joylashgan. Mutlaq balandligi shimoli sharqida 200 m, janubi g‘arbida 180 m, Amudaryo vodiysiga tutashgan qismida 178 m ga teng.
Qorako‘l vohasi Buxoro vohasidan sho‘rxoklar, sho‘rxokli botiqlar, sho‘r ko‘llarning ko‘pligi va qumliklar o‘rab olganligi bilan farqlanadi.
Iqlimi, suvlari, tuproqlari, o‘simliklari va hayvonot dunyosi. Iqlimi. Quyi Zarafshon okrugi qisqa va beqaror qish bilan, quruq, seroftob, jazirama yoz bilan tavsiflanadi. Qishda okrug hududiga shimoldan sovuq, quruq shamollarning esishi tufayli hamma qismida yanvarning o‘rtacha harorati 0°C dan past bo‘ladi.
Quyi Zarafshon okrugiga yozda shimoli g‘arbdan nam havo massalari esib tursa-da, lekin haroratning yuqoriligi tufayli yog‘in yog‘maydi.
Quyi Zarafshon okrugi O‘zbekistonning eng issiq hududlaridan hisoblanib, yillik o‘rtacha harorati +14,2 +15°C, iyulning o‘rtacha harorati +28 +29,6°C, yanvarning o‘rtacha harorati Qorako‘lda +0,4°C, Shofirkonda +1,5°C hisoblanadi.
Okrugda ba’zan qishda Sibir antisiklonining kirib qolishi va Arktika havo massasining u bilan bir davrga to‘g‘ri kelishi tufayli harorat –20 –25°C gacha pasayadi. Aksincha, yozda havo qizib, eng yuqori harorat +44 +45°C ga ko‘tariladi.
Quyi Zarafshon okrugida sovuq bo‘lmaydigan davr 204-214 kun davom etib, vegetatsiya davridagi haroratlar yig‘indisi 5000°C ga yetadi. Bunday iqlimiy sharoitda ingichka tolali paxta, shirin-shakar mevalar, poliz ekinlarini yetishtirish mumkin. Quyi Zarafshon okrugida yog‘inlar hudud va fasllar bo‘yicha notekis taqsimlangan. Buxoro va Qorako‘l vohalariga bir yilda 100-200 mm yog‘in tushadi. Yillik yog‘inni 100 foiz desak, 44-48 foizi bahorga, 36-44 foizi qishga, 2-3 foizi yozga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p yog‘in mart — aprel oylariga, eng kam yog‘in iyul — avgust oylariga to‘g‘ri keladi.
Quyi Zarafshon okrugida qor har yili yog‘adi, lekin uzoq turmay (5-10 kungacha) erib ketadi. Qorning qalinligi 5 sm atrofida bo‘ladi.
Suvlari. Quyi Zarafshon okrugining suv manbayi Amudaryo va Zarafshon hisoblanadi. Okrug hududida Zarafshon daryosining suvlari Shofirkon, Vobkent, Romitan, Shohrud va boshqa magistral kanallar orqali sug‘orishga sarflanib, tabiiy o‘zandan faqat sizot suvlari oqadi, xolos. Ilgari Zarafshon suvi Quyi Zarafshon okrugidan oqib o‘tib, Amudaryoga 20 km yetmasdan qumlarga shimilib ketar edi.
Quyi Zarafshon okrugi hududiga kelguncha Zarafshon daryosining suvi O‘rta Zarafshon okrugida ishlatilishi tufayli Buxoro va Qorako‘l vohasiga suvi to‘la yetib kelmaydi. Shu sababli yerlarni sug‘orishni yaxshilash, aholini suv bilan ta’minlash maqsadida uzunligi 268 km bo‘lgan Amu-Buxoro magistral kanali qurildi. Amu-Buxoro kanalidan keladigan suvdan sug‘orishda foydalanishdan tashqari To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari ham to‘ldirilib turibdi. Buxoro va Qorako‘l vohasida vujudga kelgan zovur suvlarini sug‘oriladigan hududdan chetga chiqarib tashlash oqibatida Sho‘rko‘l, Qorako‘l, Parsanko‘l, Moxonko‘l, Qoraqir kabi ko‘llar vujudga keldi. Quyi Zarafshon okrugida yerosti suvlari relyefga bog‘liq holda hudud bo‘yicha bir xil joylashgan emas. Okrug sharqidagi balandroq bo‘lgan yerlarning grunt suvlari nis- batan chuchuk va yaxshi siljiydi.
Okrugning janubi g‘arbida, Buxoro va Qorako‘l vohalarida grunt suvi yuza (2-3 m) bo‘lib, sho‘r, ichishga yaroqsiz. Bo‘r davri yotqiziqlari orasida bosimli yerosti suvlari mavjud bo‘lib, sho‘r emas, binobarin, ulardan ichimlik suvi sifatida foydalanish mumkin. Quyi Zarafshon okrugining 1000-1500 m chuqurliklarida issiq mineral suvlar mavjud bo‘lib, ulardan davolanishda foydalanilmoqda.
Quyi Zarafshon okrugida yerusti tuzilishi, yotqiziqlar tarkibi va yerosti suvlarining xususiyatlariga bog‘liq holda turli xil tuproqlar tarqalgan. Okrugda sur-qo‘ng‘ir, qumoq, taqir, sho‘rxok, o‘tloq kabi tuproqlar eng ko‘p tarqalgan.
Quyi Zarafshon okrugining chetlaridagi qumliklarga (Qizilqum, Sandiqli qumligi) tutashgan qismlarida qumoq va qumli tuproqlar tarqalgan. Buxoro va Qorako‘l vohasining chetlarida taqir tuproqlar joylashgan bo‘lsa, pastqam grunt suvi yuza bo‘lgan qismida sho‘rxok tuproqlar mavjud.
Quyi Zarafshon okrugining ichki qismida sug‘oriladigan o‘tloq, o‘tloq-alluvial tuproqlari joylashib, ularga ishlov berish tufayli tabiiy xususiyatini o‘zgartirib, o‘tloq-voha tuprog‘iga aylangan.
O‘simliklari. O‘simliklari ham tabiiy unsurlarga bog‘liq holda bir xil tarqalgan emas. Okrugni o‘rab olgan qumli cho‘llarda, asosan, juzg‘un, quyonsuyak, cherkaz, iloq o‘ssa, Buxoro vohasining sharqida, Qorako‘l vohasining janubi sharqidagi kichik marza qumliklarida juzg‘un, quyonsuyak, selen, oq saksovul, shuvoq, iloq kabilar mavjud.
Qorako‘l vohasi janubida joylashgan harakatdagi qumlik- larda quyonsuyak, oq saksovul, cherkez, juzg‘un, erkaksimon iloq o‘sadi. Okrugning giрsli cho‘llarida partek, shuvoq, tatr (yer tezak), boyalish mavjud.
Quyi Zarafshon okrugida eng ko‘p tarqalgan o‘simlik turi shuvoq hisoblanadi. Shuvoq, asosan, sur-qo‘ng‘ir tuproq tarqalgan yerlarda uchraydi.
Zarafshon daryosining qadimiy qayirlarida, deltasida, ko‘llar atrofida to‘qay o‘simlik turlari bo‘lib, ular turang‘il, jiyda, tol, lox, qamish, chingil, yantoq, yulg‘un kabilardir. Okrugda antropogen omillar ta’sirida to‘qayzorlar maydoni kamayib ketmoqda. Shu sababli ayrim joylarda qo‘riqlanadigan to‘qayzorlar tashkil etish zarur.
XULOSA
Qadimdan kishilar kishilar dunyoni o`rganish va bilish hamda betarkor bo`lgan hududlarni ko`rishga qiziqish va safar va sayyohatlarga turli maqsadlarda chiqishgan. Ular o`zlari uchun noma’lum hududlar shahar va qishloqlar, tog`liklar, tekisliklar daryo va dengizlarning go`zal manzaralaridan zavq olishgan. ushbu olib borilgan magistrlik dissertasiya ishida vohada joylashgan qisqa muddatli rekreasiya resurslarini geografik joylashishini aniqlash ularga baho berish, ayrim muammolarni yechish uchun geograf nuqtai nazarida harakat qilishdir. O`rganishlar asosida quyidagi hulosalarga kelishdi.
Zarafshon vohasida qisqa muddatli rekreasiya resurslarni turizm maqsadida foydalanishda tekislik qismi va Zarafshon daryosi sohillari aholisi manzilgohlari sifatida sayyohlikning ko`pgina turlarini tashkil etish va qisqa muddatli rekreasiya resurslari haqida turistlar mahalliy sayyohlar uchun mahsus xaritalar yaratilish lozim. Shuningdek mazkur ishning xulosalari vohaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda, turistik obyektlardan samarali foydalanish hamda aholi salomatligi yaxshilashda, yuqorida aytib o`tilgan ilmiy va tashkiliy ishlarni yaqin yillarda bajarish vohada aholining rekreasion madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |