Ijtimoiy-madaniy omillar. Ijtimoiy-madaniy omillar qurilish sohasini madaniy va ma’naviy ko‘rinishlarini shakllantiradi, iste’mol madaniyatiga moslashadi, iste’molchilarning hulq-atvori bo‘yicha marketing tadqiqotlarini amalga oshiradi va uning natijalari asosida faoliyatni takomillashtiradi.
Qurilish sohasidagi makromuhit omillaridan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlash lozimki, qurilish marketingida ham mikromuhit, ham makromuhitni tadqiq etish muhimdir. Mikromuhit va makromuhit omillari qurilish sohasining yuqori sur’atlarda rivojlanishiga xizmat qilishi uchun ham rahbariyat ularni o‘rganish, tahliliy ma’lumotlarni shakllantirish va amaliyotda qo‘llashga doir faoliyatni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish kerak.
4.1. Qurilishda marketing kompleksining mazmuni
Qurilish marketing kompleksining mazmunini nazariyotchilar va amaliyotchilar turlicha ta’riflaydilar. Jumladan, nazariyotchilar “marketing kompleksi - bu kompaniya o'z mahsulotlarining iste'molchilari orasida kerakli reaksiyani rag'batlantirish sifatida foydalanadigan o'zgaruvchan va o'lchangan marketing omillarining umumiy to'plamidir” deb ta’riflaydilar. Amaliyotchilar esa marketing kompleksi bozorda kompaniyaning mahsulotlarini muvaffaqiyatli ilgari surishga qaratilgan bir qator tizimli va asosli tadbirlar deb izoh beradi.
Qurilish sohasida marketing kompleksidan foydalanishning quyidagi afzalliklari mavjud:
1. Marketing kompleksi - muayyan biznesning uzoq muddatli maqsadlariga erishishi uchun strategiya bo'lib, u faqat pul bilan o'lchanadi.
2. Marketing kompleksi - istalgan kompaniya bilan individual hamkorlik ishlarini olib boradi. Marketing kompleksida shablon yechimlar yoki universal yondashuv mavjud emas. Kompaniya bozorda ishtirok etishi uchun o‘zi istagan individual yondashuv orqali echimlarni shakllantiradi.
3. Marketing kompleksi - kompaniyaning raqobatchilari va biznesni to'liq tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan marketing faoliyatining kompleks harakat yo‘nalishlaridan tashkil topadi.
Marketing kompleksi katta xarajatlarni talab qilganligi uchun ko'plab kompaniya egalari marketing kompleksidan foydalanmaydilar, biroq marketing kompleksi yuqoridagi keltirilgan afzalliklarga ega bo‘lib, undan foydalanish natijasida kompaniyalarni istiqbolli rivojlantirishga yo‘naltiradi.
Marketing kompleksi xalqaro bozorlarda harakat qilayotgan kompaniyalarni joylardagi shart-sharoitlarga moslashtirishga yo‘naltiradi. Bunda, bir tomondan, marketing kompleksining "standart kompleksini qo‘llaydigan firmalar, ikkinchi tomondan, "individual marketing kompleks"ini qo‘llaydigan firmalar mavjud. Tovarni, reklamani, tovar/xizmat tarqatish kanallarini va marketing kompleksining boshqa elementlarini standartlashtirish eng kam xarajat miqdorini talab qiladi, chunki bunda ushbu elementlarga unchalik katta o‘zgartirishlar kiritilmaydi. Masalan, mazkur marketing kompleksining bu afzalligidan “Koka-Kola” firmasi foydalanadi, ya’ni uning ichimligi dunyoning har bir chekkasida bir xil ta’mga ega bo‘lishini ta’minlashi bilan bog‘liq bo‘lgan harakatlarda yaqqol ko‘rinadi. Mazkur prinsipdan respublikamizda qishloqlarda qurilish ishlarini olib borishda foydalanmoqda. Uy-joylarning tashqi qiyofasining bir xilligi, ayrim hollarda iste’molchilar o‘zgartirmasa xonadonlarning ichki qismi ham bir xil loyihalanmoqda. Chunki qishloq aholisini ko‘proq uyning qulayligi va narx-navosiga hovlida tomorqa bo‘lishiga katta e’tibor qaratadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |