5.2.Havoyi bog'lovchilar
5.2.1. Havoyi ohak
Havoyi ohak tarkibida 6% gacha giltuproq bo'lgan kalsiyli va magniyli karbonat tog' jinslari: bo'r, ohaktosh, dolomitlashgan ohaktosh va dolomitlarni kuydirib olingan bog'lovchi materialdir.
Ohak bog'lovchisi (kipelka) oq va kul rangida bo'lib, bo'lak-bo'lak holda hosil bo'ladi. Havoyi ohak bog'lovchisi quyidagi turlarda bo'ladi: so'ndirilmagan maydalangan, so'ndirilgan gidrat (pushonka), ohak qorishmasi va ohak suti. Ohak bog'lovchisi tarkibidagi CaO miqdoriga nisbatan kalsitli, magneziali va dolomitli bo'ladi. Kukun ohak tayyorlash uchun so'ndirilmagan ohak, domna shlaki, elektrotermofosforli shlak, aktiv mineral qo'shimchalar bilan birga maxsus tegirmonda tuyiladi.
Ohak ishlab chiqarish. Havoyi ohak xom ashyosi asosini kalsiy karbonat (CaCO3) tashkil etadi, shuningdek ozgina miqdorda dolomit, gips, kvars, giltuproq va boshqalar aralashgan bo`lishi mumkin. Ohaktosh 900-1200°C haroratda kuydirilib, imkoni boricha CO2 gazi chiqarib yuboriladi:
CaCO3=CaO+CO2
Xom ashyo tarkibidagi MgCO3 kuydirish jarayonida parchalanadi.
Ohaktoshni kuydirish natijasida 56% havoyi ohak hosil bo'ladi, qolgan 44% karbonat angidridi (CO2) havoga chiqib ketadi.
Ohak bog'lovchisi tarkibida asosiy oksidlar (CaO + MgO) miqdori ko'p bo'lsa, ohak qorishmalari shunchalik plastik va sifatli bo'ladi.
Havoyi ohak tarkibidagi chala kuygan yoki o'ta kuygan bo'laklarning me'yordan ortiq bo`lishi boglovchi xossalarini yomonlashtiradi. Chala kuygan ohak bo'laklar bogiovchilik xususiyatiga ega bolmaydi, o'ta kuydirilgan ohak esa suv ta'sirida juda sekin gidratlanadi, hajmi kengayadi, buyumlarda yoriqlar hosil bo'ladi.
5,1-rasm. Shaxtali xumdon. 1- xomashyo bunkeri, 2- dozalovchi qurilma, 3- ko`taruvchi qurilma, 4- yuklash qurilmasi, 5- shaxtali xumdon, 6- tushirish qurilmasi, 7- konveyer, 8- gaz quvuri, 9- puflovchi parrak.
Ohaktosh, odatda, shaxtali xumdonda kuydiriladi (5.1-rasm). Mayda bo'lakli ohaktoshlar aylanma xumdonda kuydirilishi mumkin. Ohaktoshni kuydirish uchun ko'mir, tabiiy gaz va boshqa yoqilg'ilar ishlatiladi. Ko'mir yoqilganida ohakka kul aralashishi mumkin, gaz yoqilganda esa bog'lovchi toza holda hosil bo'ladi. Bundan tashqari, gaz bilan ishlaydigan xumdonlarni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish mumkin.
Ohaktosh kuydirilganda so'ndirilmagan g'ovak bo`lak holdagi yarim mahsulot hosil bo'ladi. Yarim mahsulot iste'molchiga moslashtirish uchun maydalanadi yoki so'ndiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |