zokirjon xolmuhammad
O‘G‘LI FURQAT
(1859 - 1909)
Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat o‘zining lirik she’riya- ti bilan adabiyotimiz xazinasini boyitgan, ma’rifatchilik adabiyoti- ning darg‘alaridan biri bo‘lgan hamda o‘zbek publitsistikasiga tamal toshlarini qo‘ygan zabardast ijodkordir. Shoir 1859- yilda Qo‘qonda savdogar oilasida tug‘ilgan. Otasi Mulla Xolmuhammad she’riyatga oshno, badiiy ijodga moyil kishi edi. Bo‘lajak shoir dastlabki ta’limni mahallasidagi maktabda oladi. Bir yilga yetmay “Haftiyak” va “Chor kitob”ni o‘qib tugatadi. Sakkiz yoshida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonini yod oladi, sal o‘tib, Navoiy mutolaasiga tutinadi. Kichik yoshidan qalam tutib, she’r mashq qila boshlaydi. Keyinchalik o‘zining eslashicha, husnixat ta’limini bolaligidanoq puxta egalla- gan Zokirjon quyidagi baytni to‘qqiz yoshida yozgan ekan: “Mening maktab aro buldur murodim, Xatimdek chiqsa imlo-yu savodim”.
Favqulodda iste’dod egasi, tabiatan tirishqoq va izlanuvchan Zokirjon o‘n to‘rt yoshida madrasa talabasi bo‘ladi. Ruslar istilosi tufayli Qo‘qon xonligi tugatilib, madrasalar yopiladi. O‘qishi nihoyasi- ga yetmay qolgan bo‘lajak shoir 1879- yilda Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona)ga do‘kondor tog‘asi huzuriga boradi. Uning qo‘lida bir mud- dat ishlab, so‘ng o‘zining mustaqil do‘konini ochadi. Shu bilan birga muallimdan dars olib, bilimini takomilga yetkazadi va tez orada o‘zi ham boshqalarga dars bera boshlaydi. Husnixat sohibi bo‘lganligi uchun mirzalik, xattotlik ham qiladi. Lekin eng sevimli mashg‘uloti badiiy ijod edi. Mutaxassislar fikricha, Yangi Marg‘ilonda ekanligidayoq yozgan she’rlarida u “Furqat” taxallusini qo‘llagan.
1880- yilda otasining qistovi bilan Qo‘qonga qaytadi va bu- tun iste’dodi, bor kuchini ijodga yo‘naltiradi. She’rlari adabiyot ixlos- mandlari orasida shuhrat qozonadi. Muqimiydek zabardast shoir uning g‘azallariga muxammas bog‘lagani Furqatning ijod ahli orasida ham e’tirof topganligidan darak beradi. Furqat shu davrda “Hammomi xayol” nomli risola yozadi. Sharqda mashhur bo‘lib kelgan “Chor darvesh” asarini fors tilidan o‘zbek tiliga o‘giradi. Shuningdek, “Nuh manzar” nomli she’riy kitob yaratadi. Biroq bu uch asar bizgacha yetib kelmagan. Yigitlik shijoatini ijodga yo‘naltirgan shoir she’rlarini to‘plab devon tuzadi. Furqat kabi ijodining dastlabki davrida ya’ni, 21—22 yoshida devon tartib bergan shoirni o‘zbek kitobxoni ko‘rgan emas edi.
Furqat 1890—1891- yillarda Toshkentda yashaydi. Bu yerda u Toshkent erlar gimnaziyasi direktori, “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri Nikolay Ostroumov bilan tanishadi. Bu tanishuvdan so‘ng Furqat shu gazetaga tarjimon bo‘lib ishga kiradi va shundan uning jurnalistlik, publitsistlik faoliyati ham boshlanadi, deyish mumkin.
1891- yilning sentyabrida Furqat Samarqandga yo‘l oladi. Xat orqali tanishgan do‘sti savdogar va etnograf olim Mirzo Buxoriy huzu- rida bo‘ladi. lyul oyida Buxoroga borib, Kogondan poezdga o‘tirib, Marv, Ashxabod, Boku, Botumi orqali Istanbulga keladi. Bu yerda bir muddat yashagan shoir butun vujudi bilan ijodga berilgandi. 1892- yilda Iskandariya, Misr, Shom, Makka va Madina bo‘ylab sayohatda bo‘lgan Furqat sentyabr oyida Hindistonning Bombay shahrida edi. 1893- yilning bahorida Kashmir, Tibet va Xo‘tan orqali Yorkentga keladi va umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi.
Furqat Qashqardagi Rusiya musulmon idorasida kotib bo‘lib ishlaydi. Ilmi nujum, tabobat bilan shug‘ullanadi. Ra’no ismli ayol- ga uylanib, farzandlar ko‘radi. U to 1906- yilgacha Turkiston bilan, “Turkiston viloyatining gazeti” bilan aloqani uzmaydi.
Furqat 1909- yilning kuzida vatandan yiroqda vafot etadi.
Furqatning merosiga nazar tashlasak, adibning serqirra ijod so- hibi ekanligiga amin bo‘lamiz. Uning ijodi quyidagi asarlarni o‘z ichiga oladi:
lirikasi;
publitsistikasi, nasriy asari;
tarjimalari;
ilmiy asarlari.
Adibning turli yillarda "Turkiston viloyati gazeti”ga yozgan qa- tor xabarlari, maqolalari uning publitsistikasini tashkil etadi. 1891- yili “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilgan “Xo‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. O‘zi yozg‘oni” deb nomlagan tarjimayi holi uni bizga jurnalist va nosir sifatida tanitadi. Adabiyotshunoslikda bu esda- liklar shartli ravishda "Furqatnoma”, ba’zan "Sarguzashtnoma” nom- lari bilan yuritiladi.
Furqat ijodiy merosida to‘rt ilmiy asar uchraydi. Ularning uchtasi etnografik xarakterda bo‘lib, “To‘y tavsifi”, “Gap ta’rifida”, “Aza tavsifi” deb ataladi. To‘rtinchisi "Ilmi ash’orning qoidayi avzoni” (She’r ilmining o‘lchov qoidalari) atalib, adabiyot havaskorlari uchun qo‘llanma sifatida tuzilgan, unda aruz vaznining qoidalari bayon etilgan.
Furqatning mana shunday keng ko‘lamli ijodi bo‘lishiga qara- may, xalq uni asosan lirik shoir sifatida e’tirof etadi. Lirikasi g‘azal, masnaviy, muxammas, musaddas, mustazod kabi janrlardan iborat. She’rlarining salmoqli qismi g‘azallar bo‘lib, ularning soni 200 atrofi- da. Shoirning yuksak badiiy mahorati, she’riyatining nafosati ham aynan g‘azallarida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, oshiqona kechinma- lar bayonida, ma’shuqa jamoli tasvirida yangi, o‘ziga xos tashbihlar- ni, ifoda vositalarini qo‘llaydi. Tilining jozibadorligi, uslubning ravon- ligi, ifodaning soddaligi shoir g‘azallarining xalqqa yaqin va suyumli bo‘lishini ta’minladi.
Chaman sahnida derlar sarv birla yosuman nozik,
G‘alatdur, qomating oldida guldan pirahan nozik.
Qachon ul Yusufi Misriyda bu husn-u malohat bor?
Fasohatda, sabohatda, hama to‘g‘rida san nozik.
Oshiqqa chamanzorda sarv daraxti bilan yosuman gulini nozik va ko‘rkam deyishlari g‘alati tuyuladi, chunki yorning qomati sarvdan, ko‘ylagi (pirahani) guldan nozik, ya’ni go‘zaldir. Ma’shuqasining husni- ni bashariyat tarixidagi eng go‘zal inson bo‘lmish misrlik Yusuf (a.s.) dan ustun qo‘yadi. Bunga uning asosi bor: mahbubasi fasohatda,
sabohatda (xushro‘ylikda), bir-bir sanashning hojati yo‘qki, har to‘g‘ri- da nozik — go‘zal!
Kalomingdin halovat topmog‘i jonlarni ondinkim,
Dahon nozik, zabon nozik ki lab nozik, suxan nozik.
Baytdagi yor go‘zalligi belgilarining sanog‘i mazmunni bo‘rttira- di, ifodaga musiqiylik bag‘ishlaydi. Bunday mubolag‘ali tasvir ostida shoirning har tomonlama mukammal — ham jismonan, ham ma’nan go‘zal insonni targ‘ib etish maqsadi yotadi. Shuning uchun ham Fuzuliy g‘azaliga nazira sifatida yaratilgan “Surmadin ko‘zlar qaro” g‘azali yoki “Muncha zolim bo‘lmish ul xunrez qaro ko‘zlaring” kabi ko‘plab g‘azallarida yor go‘zalligi, oshiqning unga sadoqati, cheksiz muhabbati avj pardalarda zavq bilan kuylanadi.
Furqat lirikasida g‘urbat va hasrat ohanglari salmoqli o‘rin egal- laydi. Bu uning hayot yo‘li bilan bevosita bog‘liq. 1892- yilda Vatandan chiqib ketgan shoir umrining oxirigacha yurtga qayta olmadi. Shuning uchun Vatan ishtiyoqi va g‘urbat iztiroblari turli mavzudagi she’rlarda dardli va ta’sirchan ifoda etilgan. Shoirning “Fig‘onkim, ul buti siymin zaqandan ayrilib qoldim”, “Hasrato, kel-kel beri, ul sho‘xi jonondin gapur” g‘azallarining maqta’sida yuqorida eslatilgan “Bir qamar siy- moni” g‘azalida bo‘lgani kabi taqdirning unga bergan sinovi — yurt judoligi bayon qilinadi:
O‘z diyoridin adashgan, Furqatiy devonaman,
Chug‘zi har vayronadurmen, baytul ehzondin gapur.
Shoirning Istanbulda yozgan “Sabog‘a xitob” she’rida Vatanni qo‘msash, do‘stlar sog‘inchi Navoiydagi kabi maktub shaklida ifoda etiladi. U Istanbuldagi “nasimi fayzi rab” bo‘lgan Milliy bog‘da sayr qilar ekan, undagi xurram “mardum” (odamlar) chehrasini ko‘rib, olis Toshkentdagi yor-u do‘stlarini esga oladi:
Alar chun aylagach sayr-u safolar,
Esimg‘a tushti yor-u oshnolar...
Ayo bodi sabo, Alloh uchun tur,
O‘zingni Toshkand shahriga yetkur.
Furqatning g‘urbat ruhidagi she’rlari sinchiklab o‘rganilsa, un- dagi ayriliq va judolikning ma’nosi ancha kengligiga amin bo‘lamiz. “Manam sho‘rida bulbul” muxammasida birinchi bandidan shoir o‘zini bo‘stonidan adashgan sho‘rida bulbulga o‘xshatadi. Keyingi bandlar- da “Nihoni kuydirib hajr o‘ti po‘st-u ustuxon aylar”, “Boshimda hushim yo‘q”, “Yetim qo‘zi kabi nolonlig‘im”, “Biyobongardiman Majnun kabi bir Layli yodida” kabi misralar orqali holini sharh etgach, maqta’da bu bayonlarni umumlashtirib, taxallusiga ham izoh berib o‘tadi.
Zamon g‘avg‘osidan adashish — bu dunyodan qo‘l yuvish, tariqat yo‘liga kirish, o‘zini Allohga bag‘ishlash demakdir. Bu yo‘lga kirganlar biladiki, inson bu dunyoda o‘zining haqiqiy vatani — ilohiy dargohdan uzoqda, haqiqiy Yor — Allohdan ayriliqda. Demak, hayot- ning o‘zi furqat, ya’ni ayriliqdir. Vatanga, Yorga yetishish uchun esa riyozat chekish, poklanish zarur. Buning yo‘li, aytilganidek, zamon oshubidan yiroq bo‘lishdir. Oldin ko‘rilgan g‘azallarda furqat, g‘urbat tushunchalari yurtdan judolik mazmunida qo‘llangan bo‘lsa, shoir bu she’rida o‘zining taxallusini tasavvufiy ma’noda izohlamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |