3-bob. O‘zbekiston Respublikasi norezidentlaridan ishlar (xizmatlar)ni sotib olishda to‘lov muddatini uzaytirish
17. Soliq to‘lovchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlaridan ishlar (xizmatlar)ni sotib olishda QQSni to‘lash muddatini uzaytirish uchun davlat soliq xizmati organiga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda ariza taqdim etadi.
QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatini berish to‘g‘risidagi arizaga QQS summasi to‘lanishi ta’minlanishini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiyada hisobda turuvchi soliq to‘lovchilar bundan mustasno.
To‘lanishi ta’minlanganini tasdiqlovchi hujjatlarga QQSni to‘lash bo‘yicha majburiyatlar summasidan kam bo‘lmagan garov bilan ta’minlangan mol-mulk va bank kafolati kiradi.
18. Davlat soliq xizmati organi ushbu Nizomning 17-bandida belgilangan zarur hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab 5 ish kuni mobaynida to‘lov muddatini uzaytirish imkoniyatini berish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
19. Quyidagilar QQS to‘lov muddatini uzaytirish imkoniyatini berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
ushbu Nizomning 17-bandida belgilangan talablarga rioya qilmaslik;
soliq va moliyaviy hisobotlarni taqdim qilish hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash muddatlarining ariza berilgan sanadan oldingi 12 oy mobaynida buzilganligi.
20. To‘lov muddatini uzaytirish imkoniyati berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, davlat soliq xizmati organi bir ish kuni mobaynida soliq to‘lovchini rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi.
21. Norezidentlardan olingan ishlar (xizmatlar) bo‘yicha QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatini berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, soliq to‘lovchi QQS summasini ushbu summa haqiqatda to‘langan hisobot davrigacha hisobga olishga haqli emas.
To‘lov muddati uzaytirilgan summa soliq hisobotida alohida ko‘rsatiladi.
22. Norezidentlardan olingan ishlar (xizmatlar) bo‘yicha QQS ni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyati 120 kun muddatgacha beriladi.
23. QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyati berilgan har bir kun uchun to‘lanadigan QQS summasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasining bir kun uchun qayta hisoblangan foizining ellik foizi miqdorida foizlar undiriladi.
Bunda 120 kun ichida to‘lov muddati uzaytirilgan QQS summasi to‘lanmagan taqdirda, ushbu bandga muvofiq foizlar hisoblanishi to‘xtatiladi.
24. QQSni to‘lash bo‘yicha taqdim etilgan uzaytirilgan to‘lov muddati davrida QQS to‘lovi soliq to‘lovchi tomonidan muddatni uzaytirish imkoniyati berilgan oxirgi kuni tugashidan kechiktirmay to‘lanadi.
To‘lov muddatini uzaytirish imkoniyati berilgan soliq to‘lovchi tomonidan QQS summasi o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, soliq xizmati organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda QQS to‘lovi bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq miqdorini undirish choralarini ko‘radilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |