2-bob. Tovarlarni import qilishda to‘lov muddatini uzaytirish
8. Tovarlarni import qilishda soliq to‘lovchilarga QQS to‘lov muddatini uzaytirish imkoniyati davlat bojxona xizmati organining qarori bilan beriladi.
9. QQSni to‘lash muddatining uzaytirilishi bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan kundan boshlab 120 kundan oshmasligi kerak.
10. QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun soliq to‘lovchi davlat bojxona xizmati organiga quyidagilarni taqdim etadi:
QQS summasini to‘lash bo‘yicha yozma majburiyatni o‘z ichiga olgan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ariza;
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 47-bobiga muvofiq QQS to‘lanishi ta’minlanishini tasdiqlovchi hujjat, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiyada hisobda turuvchi soliq to‘lovchilar bundan mustasno.
11. Davlat bojxona xizmati organi tomonidan QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatini berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi qaror ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida qabul qilinadi.
Davlat bojxona xizmati organining qarorida QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyati berilayotgan muddat, uzaytirish imkoniyati berilishi rad etilgan taqdirda esa — bir ish kuni ichida rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda qabul qilingan qaror to‘g‘risida soliq to‘lovchini yozma ravishda xabardor qiladi.
12. Quyidagilar QQS to‘lov muddatini uzaytirish imkoniyatini berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan talablarga rioya qilmaslik;
QQSni to‘lash bo‘yicha oldin taqdim etilgan uzaytirilgan to‘lov muddatini buzish holatlari mavjudligi.
13. QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatining berilgan har bir kuni uchun to‘lanadigan QQS summasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, qayta moliyalashtirish stavkasining bir kun uchun qayta hisoblangan foizining ellik foizi miqdorida foizlar undiriladi.
Bunda 120 kun ichida to‘lov muddati uzaytirilgan QQS summasi to‘lanmagan taqdirda, ushbu bandga muvofiq foizlar hisoblanishi to‘xtatiladi.
14. QQSni to‘lash bo‘yicha taqdim etilgan uzaytirilgan to‘lov muddati davrida QQS to‘lovi soliq to‘lovchi tomonidan to‘lov muddatini uzaytirish imkoniyatining oxirgi kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
To‘lov muddatini uzaytirish imkoniyati berilgan soliq to‘lovchi tomonidan QQS summasi o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, bojxona organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda QQS to‘lovi bo‘yicha qarzdorlikning to‘liq miqdorini undirish choralarini ko‘radilar.
15. Berilgan to‘lov muddatini uzaytirish davrida QQS summasining (yoki uning bir qismining) to‘lanishi soliq to‘lovchiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga to‘lanadigan QQSni hisoblashda ushbu summani O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq hisobga olish huquqini beradi.
To‘lov muddati uzaytirilgan davrda summa quyidagilar mavjud bo‘lganda to‘langan hisoblanadi va bojxona organi tomonidan hisobdan chiqariladi:
tovarlar amalda eksport qilinganda;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyati berilgan soliq to‘lovchida tovarlar eksporti munosabati bilan QQSning salbiy qoldig‘i mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lganda.
16. Soliq to‘lovchi tomonidan to‘lov muddati uzaytirilgan davrda QQS summasi o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, davlat bojxona xizmati organlari to‘lov muddati uzaytirilgan QQS summasi bo‘yicha qarzlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirish choralarini ko‘radilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |