Uyga vazifa
„Til o‘tmish, til bugun, til bu - ISTIQBOL” mavzusida matn tuzib kelish va unda tilning o‘tmishdagi va bugun ishlatayotgan atamalarni qo‘llash
Mustaqil ta’lim yuzasidan topshiriq
“Yoshlar - innovatsion g‘oyalar tashabbuskori” mavzusida ko‘rgazmali material tayyorlash
Adabiy o‘qish: Xurshid Davron
ONA TILIM
Kelib ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yig'ladi o'lim.
Sen deb qurbon bo'ldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.
Belanchaging uzra Koshg'ariy
Kuylab o'tdi qadim navoni
Va navqiron yaproqlaringga
Dil qonini berdi Navoiy.
Samarqanddan Bobur ketarkan
Dilda bo'g'ib hasrat sasini,
Olib ketdi ona yurtidan,
Turkiy tilim, birgina seni.
Mashrabmas, sen osilding dorga,
Nodiramas, sensan so'yilgan
Hoziqningmas, sening, ey tilim,
Boshing ayru, ko'zing o'yilgan.
Ammo dushman o'ldirgan botir
Tirilgandek yana qasosga,
Mangu borsan va mangu qodir
To'ldirmoqqa yerni ovozga.
Turkiy tilim, birgina seni.
Vatan uchun baxsh etib jonni,
Kechib olov, kirib daryoga,
Farzandlaring to'kkan har qonni
Shimirding sen o'xshab giyohga.
Ona tilim, omon bo'l mangu,
Sen borsan-ki men ham o'lmayman,
Tildan qolsam, seni Oybekday
Men ko'zlarim bilan so'ylayman.
6-mavzu. Til va nutq. Nutq madaniyati tushunchasi. Nutqiy savodxonlik
I. Og‘zaki nutq:
▲ 1-tоpshiriq. Matnni diqqat bilan o‘qing va mazmunini so‘zlab bering.
Til va nutq
Til so‘zlashish vositasi, ya’ni nutq sifatida namoyon bo‘lgandagina ma’lum vazifani bajaradi. Nutq til materiali, unsurlaridan tuziladi va nutqiy faoliyat natijasida yuzaga chiqadi. Demak, til materiallari faoliyati uchun xizmat qiladi. Til bilan nutqni qiyoslash orqali ularning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ajratish mumkin:
1. Til aloqa materiali bo‘lsa, nutq aloqa shaklidir.
Tilni xalq, millat yaratadi, nutqni esa har bir shaxs yaratadi.
Tilning hayoti xalq, millatning hayotiga bog‘liq holda uzoq bo‘ladi, nutqning hayoti esa qisqa, xususan, og‘zaki nutq so‘zlangan payt-dagina mavjuddir. Ammo yozma nutq nisbatan uzoq davr saqlanishi mumkin.
Til nisbatan turg‘un, barqaror bo‘lsa, nutq doim harakatda bo‘lib, o‘zgaruvchan hodisa sanaladi.
Tilning hajmi noaniq, nutqning hajmi esa aniq. U dialog, monolog, matn shaklida bo‘lishi mumkin.
1-mаshq.Gaplarni o‘qing, mazmuniga ko‘ra ikki guruhga ajratib, til to‘g‘risidagi fikrlarni bir ustunga, nutq to‘g‘risidagilarini esa ikkinchi ustunga yozing.
1. Insonni so‘z ayladi judo hayvondin, Bilkim, guhari sharifroq yo‘q andin (A. Navoiy). 2. Jamiyatdagi o‘zgarish-lar tilning lug‘at tarkibida o‘z ifodasini topadi. 3. Inson tafakkuri uning tili bilan birga takomillashib boradi. 4. Agar qaysi til bilan so‘zlaysan, deb so‘rasalar, sidq-u sadoqat tili bilan, deb aytgil («Qobusnoma»). 5. O‘zbek tilining bugungi darajasi, turkiy tillar ichida tutgan mavqeyi uchun biz ko‘p jihatdan o‘tgan asr boshida yashagan ziyolilardan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ular o‘zbek tilining so‘z yasash imkoniyatlaridan dadillik bilan foydalandilar, xalqda milliy g‘urur, ona tiliga hurmat tuyg‘usini tarbiya qildilar (E. Vohidov). 6. Bobolardan bizga meros ezgu til, Avlodlarga xazinai bebaho (Mirtemir). 7. Kishilar tilini rostlikdan boshqa narsa uchun ishlatmasliklari, tarbiyasiz so‘zlar so‘zlamasliklari kerak. 8. Har so‘zda har birovga shirin nuqati bor, Bol tomdi og‘zidinki, tilida naboti bor (Ogahiy). 9. Yomon til egasi vaqti kelib jonidan judo bo‘lishi, hatto iymondan ajralishi mumkin. 10. Tili bo‘lsa uning shakardan shirin, Ulug‘ ham, kichik ham beradi bo‘yin (Yusuf Xos Hojib).
▲ 2-tоpshiriq.Matnni o‘qing. Til va nutq to‘g‘risida adib bildirgan fikrlarni ajratib, o‘z so‘zlaringiz bilan yozing va mustaqil matn tuzing.
Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy og‘iz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o‘lchab ko‘rsatadurg‘on tarozusidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so‘z-lagan so‘zidan bilurlar. «Quruq so‘z quloqqa yoqmas», — demishlar.
Agar so‘z aql va hikmatga muvofiq bo‘lib, o‘ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurg‘on bo‘lmasa, asalarilar orasida g‘o‘ng‘irlab yurgan qovog‘ari kabi quruq g‘o‘ng‘ur-lamoq faqat bosh og‘rig‘idan boshqa bir narsa emasdur. Boshimizga keladurg‘on qattig‘ kulfatlarning ko‘pi yum-shoq tilimizdan keladur. Shuning uchun: «Ko‘p o‘yla, oz so‘yla», — demishlar.
Tillarning eng yaxshisi so‘zga usta til, so‘zlarning eng yaxshisi bilib va oxirini o‘ylab so‘ylangan so‘zdir.
A. Avloniy, «Turkiy guliston yoxud axloq»dan.
Do'stlaringiz bilan baham: |