II. Nazariy ma’lumot
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.
2019-yil 21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘ladi. Mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida-davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi-milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi.
Hududlarda atoqli alloma va adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablarining barpo etilishi bu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotganini hisobga olib hamda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini munosib nishonlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va jamoatchilik vakillarining joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini mamlakatimizda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga;
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning puxta tayyorgarlik asosida, yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlasin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi barcha shahar va tumanlarda bayram tadbirlarini tashkil etsin;
umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovini o‘tkazsin;
mamlakatimizdagi teatrlar va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalarimiz haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyishini tashkil etsin;
“O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida respublika konferensiyasini o‘tkazsin;
o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyga Toshkent shahridagi Milliy bog‘da, shuningdek, viloyat va shaharlarda o‘rnatilgan haykallar poyiga gul qo‘yish marosimini uyushtirsin;
mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazsin va “O‘zbek tilining do‘stlari” klublarini tuzsin;
mamlakatimizda yangitdan tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatayotgan Muhammad Rizo Ogahiy, Is’hoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida ona tiliga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazsin;
hududlarda til bayramiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kechalar hamda yangi kitoblar taqdimotini amalga oshirsin;
21-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi san’at saroylarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirlarini tashkil etsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadlarining orttirib bajarilgan qismidan, shuningdek, homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
5. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |