11-bob. Ishsizlik nafaqasini to‘lash 51-modda. Ishsizlik nafaqasi Belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
Ishsizlik nafaqasini to‘lash ishsiz shaxsning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ishsizlik nafaqasiga soliq solinmaydi.
Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb tan olingan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran hisoblanadi va to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasi o‘n ikki oylik davr ichida ko‘pi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida to‘lanadi.
Joriy oyda ishsizlik nafaqasini to‘lash o‘tgan oy uchun amalga oshiriladi.
To‘liq bo‘lmagan kalendar oy uchun ishsizlik nafaqasini to‘lash chog‘ida ishsizlik nafaqasi mazkur nafaqa to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu kalendar oydagi kunlar sonining to‘liq kalendar oydagi kunlar soniga mutanosib miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs kasal bo‘lgan taqdirda ishsizlik nafaqasini ishsiz shaxsning qarindoshlari (otasi, onasi, eri (xotini), voyaga yetgan bolalari) yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishsiz shaxsning boshqa ishonchli shaxslari tomonidan olishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘z mehnat stajini hujjat bilan tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga ishsizlik nafaqasini tayinlash chog‘ida ularga ilgari ishlamaganlar va birinchi marta ish qidirayotganlar sifatida qaraladi.
Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs ish qidirishi va ishga joylashtirishga doir yo‘llanma (ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma) yoxud kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga murojaat qilishi shart.
52-modda. Ishsizlik nafaqasining miqdori Ishsizlik nafaqasi ishsiz shaxsning avvalgi ish joyidagi oxirgi bir yildagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foizda belgilanadi. Boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan foizda belgilanadi.
Ishsizlik nafaqalari quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) so‘nggi o‘n ikki oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga — avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan hamda uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida;
ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida yetmish besh foizi miqdorida.
Harbiy xizmatdan, ichki ishlar organlaridan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyasi organlaridan va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralardan bo‘shatilishi munosabati bilan ish haqidan mahrum bo‘lgan shaxslar ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan shartlar asosida ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang. Qonunchilikka muvofiq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshganda ishsizlik nafaqasining miqdori oshirish koeffitsiyentiga teng miqdorda ko‘payadi.
(52-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Har oy uchun (shu jumladan ishsizlik nafaqasi to‘lanadigan to‘liqsiz oylar uchun) ishsizlik nafaqasi miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Bandlik xizmati” axborot tizimida aks ettiriladi.