o‘rtasidagi ziddiyatlar (kolliziyalar) aniqlanadi va bartaraf etiladi. Tizimli sharhlash usulida sharhlovchi
subyekt tomonidan, birinchidan, huquq normasining huquq tizimidagi o‘rni aniqlanadi (huquq sohasi,
instituti),
ikkinchidan, sharhlanayotgan huquq normasi bilan, mazkur norma tatbiq etilishi nazarda
tutilayotgan aniq hayotiy munosabat o‘rtasida mantiqiy bog‘liqlik borligi aniqlanadi,
uchinchidan esa,
sharhlanayotgan normaning mazmunini bilishga erishiladi. Tizimli sharhlash rasman bekor qilinmagan, biroq
amalda boshqalari bilan almashtirilganligi sababli ahamiyatsiz, foydalanilmay qolgan normalarni ham
aniqlash imkonini beradi. Normalarning o‘zi mansub bo‘lgan huquq tarmog‘ining umumiy qismi bilan
aloqalari, tizimli sharhlash vaqtida hisobga olish zarur bo‘lgan holatlardan biridir. Bunday aloqani ko‘rib
chiqish, talqin qilinayotgan normaning ma’nosini har tomondan aniqlashtirish
va kengroq ochish, uning
umumiy yo‘naltirilganligini anglashga imkon beradi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik
kodeksi 615-moddasida ijara shartnomasini bekor qilish tartibi mustahkamlangan. Shartnomani bekor
qilishning asoslari Fuqarolik kodeksining 382-moddasida ham belgilangan. Ijara shartnomasi bekor qilinishi
chog‘ida ushbu moddalar
bir-biri bilan solishtirilib, ijara shartnomasini bekor qilish masalasi O‘zbekiston
Respublikasining Fuqarolik kodeksi 615-moddasi bilan hal etiladi.
Tizimli sharhlashda quyidagi maxsus qoidalarga rioya etish lozim:
birinchidan, umumiy va maxsus normalarning aloqadorligi (maxsus qonunlar muayyan faktga tegishli
umumiy qonun harakatlarini bekor qiladi, ya’ni maxsus qonun normalari mavjud bo‘lgan taqdirda, umumiy
qonun normalari qo‘llanilmasdan, maxsus qonun normalari qo‘llaniladi. Demak, maxsus normalar umumiy
normalarning harakat faoliyatini cheklaydi); ikkinchidan, havola etuvchi moddalarning aloqadorligi (havola
etuvchi moddalar sharhlanayotgan moddalarni aniqlashtirish uchun mo‘ljallangan yoki mazkur normaning
mohiyatini yoritish uchun havola etilayotgan moddalarga murojaat qilinadi); uchinchidan, agar turli organlar
tomonidan chiqarilgan huquqiy normalarning qarama-qarshiligi aniqlansa,
yuqori turuvchi organlar
tomonidan qabul qilingan normaga asoslanish lozim; to‘rtinchidan, agar bir xil yuridik kuchga ega bo‘lgan
ikki normaning bir-biriga zidligi aniqlansa, u holda norma qabul qilingan vaqt e’tiborga olinadi va keyingi
qabul qilingan normaga asoslanishi lozim.
Hajmiga ko‘ra sharhlash – qonun chiqaruvchi idora huquqiy normaga jo etgan haqiqiy ma’noni anglash
maqsadini nazarda tutadi. Sharhlashning natijasiga ko‘ra tom ma’noda (aynan), cheklangan va kengaytirilgan
sharhlash kabi turlari farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: