Muammoning o’rganilganlik darajasi. Qur’onu karim, Hadisu shariflarda ota-onasiz qolgan bolalarga munosabat, ularning hayotlarini yo’lga qo’yishga ijtimoiy yondashuv, ota-onasiz bolalarga ko’rsatilayotgan mehr-muhabbat, rahm-shafqat va oqibatning islomiy talqini hamda ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Ota-onasiz qolgan yoki ular bilan aloqani yo’qotgan bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish, shuningdek, ularni ijtimoiy muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini yo’lga qo’yish va takomillashtirish masalalari o’tgan asrning ikkinchi yarmidan keyin muhim pedagogik muammolardan biri sifatida keng jamoatchilik e’tiborini o’ziga tortdi va bu masala jadidizm harakatining vakillari, ma’rifatparvarlar – Munavvar Qori Abdurashidxon o’g’li, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniylarning [5] pedagogik faoliyatlarining muhim yo’nalishini tashkil etdi.
S.Ahmedova, O.Gryaznova, I.V.Dubrovina, R.Kim, P.V.Migeleva, O.Parfenova, A.G.Ruzskaya, E.To’xtamurodov, Sh. Xodjaeva hamdaN.Egamberdieva, O’.Asqarova, G.Yusupova kabi olimlarning ilmiy izlanishlarida O’zbekiston hamda xorijiy mamlakatlarda bolalar uylarida tarbiyalanuvchilarini oilaviy hayotga tayyorlashning ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlari, ijtimoiy pedagogning yetim bolalar bilan olib boradigan faoliyati mazmuni va metodlari, bolalar uylari tarbiyalanuvchilarini ruhiy kamol toptirish yo’llari, Mehribonlik uylari psixologlarining vazifalari va ularga qo’yiladigan talablar, yetimlikning ijtimoiy maqomi va ota-onasiz qolgan bolalar bilan olib boriladigan faoliyat tizimi, yetim bolalarning ijtimoiy maqomini tan olinish tarixi masalalari tadqiq etilgan.
Muammoning pedagogika nazariyasida o’rganilishining dastlabki tahlili mehribonlik (bolalar) uylari faoliyatini samarali tashkil etish, mazkur ta’lim muassasalari bilan ijtimoiy tashkilotlar o’rtasida mustahkam aloqa va hamkorlikni qaror toptirish, tarbiyalanuvchilarga malakali psixologik xizmat ko’rsatish, ularda ijtimoiy munosabatlar jarayonida jamiyatning boshqa a’zolari bilan birdek ishtirok eta olishga yordam beruvchi sifatlarni tarbiyalash masalalarining yaxlit tizim sifatida tadqiq etilmaganligini ko’rsatdi. Umuman olganda, Mehribonlik uylari faoliyatining turli yo’nalishlari bo’yicha ijobiy yechimini ta’minlash zarur bo’lgan masalalar mavjud bo’lgani holda keng ko’lamda tadqiqotlar olib borilmagan. Bu holat tadqiqot yo’nalishi sifatida “Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchi o’smirlarini ma’naviy- axloqiy sifatlarini shakllantirish tizimi” mavzusining tanlanishiga asos bo’ldi.