1.2. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchi o’smirlarida ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirish ijtimoiy ehtiyoj sifatida
Mustaqillik yillarida O’zbekiston Respublikasida fuqarolarni ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Mazkur sohaning davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilishi esa jamiyatda bozor ishlab chiqarishga asoslangan ijtimoiy munosabatlar qaror topayotgan va ijtimoiy munosabat mazmunida raqobat yetakchi o’rin egallayotgan mavjud sharoitda fuqarolarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlash imkoniyatini yaratdi.
O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov o’z asarlarida o’tish davrida moddiy jihatdan kam ta’minlangan aholi qatlamini ijtimoiy jihatdan muhofazalash boshqaruvda demokratik va insonparvarlik tamoyillariga amal qiluvchi davlat oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligiga alohida urg’u berar ekan, quyidagilarni qayd etadi: “Aholining muhtoj tabaqalarini ijtimoiy himoyalash sira kechiktirib bo’lmaydigan eng ustuvor vazifa, amaliy harakatlarning eng asosiy qoidasi bo’lib keldi va shunday bo’lib qoladi” [3, 10].
Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari (ota-onasiz qolgan yoki ular bilan aloqani yo’qotgan yoshlar) jamiyat va davlat tomonidan alohida ijtimoiy muhofazalanishga muhtoj sub’ektlar sanaladilar. Mavjud sharoitda davlat tomonidan ularni ijtimoiy jihatdan muhofazalash yo’lida keng ko’lamli amaliy harakatlar tashkil etilmoqda. Biroq mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga ta’lim-tarbiya berish, ularning hayotiy ehtiyojlarini qondirishga davlat tomonidangina g’amxo’rlik qilinishi yetarli emas. Ularning taqdiri uchun jamiyatning har bir a’zosi mas’ul bo’la olishi zarur. SHunday ekan, mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy hayotga tayyorlashda davlat bilan birga keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlashga erishish zamonaviy pedagogika oldida turgan dolzarb vazifalardan biri sanaladi.
“Har qanday davlatda, har qanday jamiyatda ham ota-ona qaramog’isiz qolgan bolalar bo’lgan, hozir ham mavjud va keyin ham bo’ladi. Bunday hollarda davlat bu bolalarning rivojlanishi va tarbiyalanishi ma’suliyatini o’z zimmasiga oladi.
Mavjud manbalarda “etimlik” yetimlar holati, ijtimoiy hodisa sifatida tadqin etiladi. Chunonchi, “O’zbek tilining izohli lug’ati”da “etimlik”ning “etimlarga xos bo’lgan hayot, yetim holati” ekanligi aytilsa, N.Egamberdieva, Z.Hoshimov, M.Mo’minovalar esa mazkur tushunchani “jamiyatda ota-onasidan judo bo’lgan bolalarning borligi bilan izohlanadigan ijtimoiy hodisa” deya talqin etadi. E.To’xtamurodov tomonidan olib borilgan tadqiqotda yetimlik ijtimoiy hodisa sifatida e’tirof etilib, unga xos bo’lgan xususiyatlar bayon qilinadi. Xususan: nazoratsizlik; kishi uchun ijtimoiy-ma’naviy to’siq; ma’naviy majruhlik; ijtimoiy himoyadan holilik; iqtisodiy nochorlik hamda jamiyat e’tiborini doim qaratishi shart bo’lgan hodisa [11, 27].
Manbalarda bildirilgan fikrlarga tayangan holda “etimlik”ning mohiyatini quyidagicha yoritish mumkin: yetimlik – ota-onaning yoki ulardan birining vafoti tufayli, shuningdek, ota-onasi yoki ulardan biri tirik bo’lgani holda farzandining tarbiyasi uchun ma’sul bo’lmaslik, unga vasiylik va g’amxo’rlik qilmaslik holatini ifodalovchi biologik, ijtimoiy hodisa bo’lib, shaxsning ruhiy va ma’naviy jihatdan to’laqonli kamol topishiga to’sqinlik qiladi.
Yuqorida bildirilgan fikrlarga qo’shilgan holda ijtimoiy yetimlikni keltirib chiqaruvchi ko’plab omillar mavjudligini aytib o’tish maqsadga muvofiqdir. Mavjud manbalarni o’rganish, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy kelib chiqishi, ular mansub bo’lgan oilalarda qaror topgan muhit, oila a’zolarining o’zaro munosabatlari, hayotiy intilish va maqsadlarini tahlil qilish natijasida jamiyatda ijtimoiy yetimlikni keltirib chiqaruvchilar omillar quyidagilardan iborat ekanligiga ishonch hosil qilindi:
eng ezgu umuminsoniy va milliy ma’naviy-axloqiy qarashlarga bo’lgan munosabatning tubdan o’zgarganligi;
G’arb va Sharq madaniyati sintezi bo’lgan “oraliq madaniyat”ning shakllanishi;
ijtimoiy sub’ektlarning ma’naviy-axloqiy e’tiqodga ega emasliklari;
ta’lim muassasalarida milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni targ’ib etishda rasmiyatchilikka yo’l qo’yilayotganligi, ta’lim oluvchilarni ularning mohiyati, mazmuni bilan tanishtirish o’rniga shaklga asosiy e’tibor qaratilayotganligi;
pedagog xodimlarning milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar (urf-odatlar, an’ana, marosimlar)ning tub asosi, ular negizida muayyan xatti-harakatlarning aks etish sabablarini chuqur bilmasliklari;
oilada er va xotinning, ayol va erkaklar vazifalarining o’zgarayotganligi, ular tutgan o’rinlarning almashayotganligi, o’g’il bolalarda oilaviy hayotni yo’lga qo’yishda yetakchilik qilish, asosiy ma’suliyatni o’z zimmasiga olish, qizlarda esa hayo, ibo, andishalilik va farosatlilik sifatlarning tarbiyalanishiga jiddiy e’tibor berilmayotganligi;
ota-onalarning sog’lom turmush kechirishlari (spirtli mahsulotlar va narkotik moddalarni iste’mol qilishlari, tartibsiz jinsiy hayot kechirishlari);
yoshlarda oilaviy munosabatlar, oilaviy hayotga ma’suliyatsiz yondashuvning qaror topayotganligi;
ommaviy axborot vositalari tomonidan “erkin muhabbat”, “ma’suliyatsiz erkinlik”, “qisqa muddatlarda boyib ketish”, “juda oddiy vaziyatlarda ham do’stga, oila a’zolariga, yaqinlarga hiyonat qilish” g’oyalarini o’zida aks ettiruvchi g’oyaviy jihatdan sayoz, yuksak badiiylikka ega bo’lmagan, mahoratli ijro orqali yetkazib berilmagan “asarlar” sonining tobora ko’payib borayotganligi;
yoshlarni fikrlashga, ijodkorlikka, yaratuvchilik va bunyodkorlikka rag’batlantiruvchi ijtimoiy da’vatlar, targ’ibot ishlarining kutilgan
natijalarni bera olmayotganliklari;
- o’smir va o’spirinlarning ongsiz ravishda Internet, mobil aloqa
vositalarining salbiy ta’sir doirasiga tushib qolayotganliklari, yoshlar o’rtasida axloqiy tasvirlar, g’oyalarni targ’ib etuvchi tasvir, musiqa, qo’shik va kliplarning keng tarqalayotganligi.
Etimlikning ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy va iqtisodiy oqibatlari, jamiyatning yetimlarga bo’lgan munosabatini tahlil qilish natijasida unga xos bo’lgan xususiyatlarni sanab o’tish imkoniyati yuzaga keladi (1.1.3-rasm).
E.To’xtamurodov “Bolalar uylari” (hozirda “Mehribonlik” uylari) tarbiyalanuvchilarni ularning ma’naviy-axloqiy sifatlarga egaliklariga ko’ra ikki guruhga ajratadi. Ya’ni:
1. Axloqiy-ma’naviy xususiyatlarida ijobiylik yetakchilik qiladigan bolalar (ijodkor, ijrochi, mulohazakor, mehnatkash, oliyjanob, xushmuomala va boshqalar).
2. Ruhiyatida salbiy holatlar yuqori darajada bo’lgan bolalar (qaysar, indamas, qo’rs, jamoaga qo’shilmaydigan va boshqa bolalar).
Manbalarni nazariy tahlil qilish natijasi turli xalqlarda ota-onalar qarovisiz qolgan (etim yoki ijtimoiy yetim) bolalarga insonparvarlik munosabatida bo’lish an’anasining juda qadim zamonlardan shakllanganligini tasdiqladi. Bunday munosabat turli ko’rinishlarda namoyon bo’lgan.
Jumladan:
1) ota-onasidan ajralgan bolalar yaqin qarindoshlari tomonidan vasiylikka olinib, tarbiyalab voyaga yetkazilgan;
2) moddiy jihatdan ta’minlangan oilalar tomonidan ota-onasiz bolalar farzandlikka olingan;
3) balog’at yoshidagi ota-onasiz qolgan (“etim”) bolalarga moddiy va ma’naviy jihatdan ko’mak berib kelingan;
4) ota-onasiz bolalar o’ziga to’q oilalar tomonidan ish bilan ta’minlanganlar;
Respublikada vasiylik va homiylik organlarining tavsiyalariga muvofiq yetim va ota-onalarning qarovisiz qolgan bolalar quyidagi holatlarda:
ota-onalar vafot etganlaridan keyin;
ular huquqiy layoqatga noloyiq deb topilganlarida;
ota-onalar uzoq vaqt bedarak ketganlari, farzandlarini tarbiyalashdan bosh tortganlarida;
tarbiya va davolash, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasalaridan ota-onalar o’z farzandlarini olishdan bosh tortganlarida;
ota-onalar ota-onalik huquqidan mahrum etilganlarida Mehribonlik uylariga yuboriladilar.
“Bugungi kunda respublikada 21 ta Mehribonlik uylari, 85 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 23 ta sanatoriya tipidagi maktab-internatlarda 30.000 ortiq bolalar va o’smirlar tarbiyalanadilar.
Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 13 foizi ota-onasiz va 54 foizi otasiz yoki onasiz sanalsalar, ulardan 23 foizi kam ta’minlangan oilalarning farzandlaridir. 10 foiz tarbiyalanuvchilarning ota-onalari turli ko’rinishlardagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar sanaladilar.
Tahliliy o’rganishlar natijalarining ko’rsatishicha, respublikada 9, 4 foiz oilalarda vasiylik ko’magiga muhtoj yetim-bolalar tarbiyalanmoqda. Ayni vaqtda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 82,6 foizi umumiy o’rta ta’lim maktablarida ta’lim olayotgan, 8,0 foizi maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bo’lsalar, 11,5 foiz tarbiyalanuvchi esa oila sharoitida kamol topmoqda. 40,1 foiz “qarovsiz bolalar” qarindoshlari va yaqinlari tomonidan zaruriy yordamni olishmoqda. Qarovsiz bolalarning “ko’cha bolalari” deb nomlanuvchi alohida toifasi ota-onalarining g’amxo’rliklari va ko’maklaridan mutlaqo mahrum sanaladilar. Chunki, ularning ota-onalari u yoki bu sababga ko’ra ota-onalik huquqidan mahrum etilganlar. Rasmiy hujjatlarda keltirilgan ma’umotlarga ko’ra ularning soni 2012 yilda 81, 2015 yilda esa 107 nafarni tashkil etgan [12].
Mustaqillik yillarida respublikada ijtimoiy yetimlar soni ortib borishining oldini olish maqsadida keng ko’lamli amaliy harakatlar tashkil etilmoqda. Ichki ishlar organlari qoshida voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’limlari mavjud bo’lib, ularning sa’yi-harakatlari tufayli ijtimoiy yetimlar soni ortib borishining oldini olishda ijobiy natijalar qo’lga kiritilmoqda. Pedagogik qarovsizlik, daydilik tufayli “ijtimoiy yetim” maqomiga ega bo’layotgan bolalar hamda o’smirlarni aniqlash, o’z oilalariga qaytarish Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’limlari faoliyatining asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Ana shu bo’limlar tomonidan “birgina 2013 yilning o’zida 92 nafar ana shu toifadagi bolalar aqliy, axloqiy va jismoniy jihatdan to’laqonli kamol topishlari uchun zarur bo’lgan oila muhitiga qaytarilganlar.
Mutlaqo begona oilalar tomonidan ijtimoiy yetim maqomiga ega bolalar va o’smirlarni o’z qaramog’iga olish o’zbek xalqiga xos asriy qadriyatlardan biri bo’lib, ayni vaqtda ham ana shu an’ana davom etib kelmoqda. Masalani nazariy o’rganish natijalari 2013 yilning o’zida Surxondaryo viloyatida 46 nafar oila tomonidan yetim bolalar farzandlikka olingan.
2003 yilning 21 aprelida chiqarilgan Respublika Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug’iga ko’ra Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylari oliy ta’lim muassasalariga biriktirildi. Shu yilning 16 mayida esa Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Mehribonlik uylarini Qoraqalpog’iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalariga biriktirish to’g’risidagi buyruq imzolandi. Bundan tarbiyalanuvchilarga oliy ma’lumot olish uchun zarur shart-sharoitni yaratish, ularning kelgusida malakali mutaxassis bo’lib yetishishlarini ta’minlash va kasbiy faoliyatlari orqali ijtimoiy-moddiy ta’minotga ega bo’lishlariga ko’maklashish maqsadi ko’zlandi.
Shaxs ijtimoiy muhitda va uning ta’sirida shakllanadi. Mazmuni va mohiyatiga ko’ra ijtimoiy muhit shaxsning shakllanishiga ijobiy hamda salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Ko’rsatilayotgan ta’sirning ijobiy va salbiy bo’lishi sub’ektlar o’rtasidagi munosabatlarning o’zaro hamjihatlik, yordam, shuningdek, psixologik yaqinlik hamda hayotiy maqsadlar va e’tiqodlar birligi yoki aksincha, bir-birini tushunmaslik, bir-birini qabul qila olmaslik, bir-birini inkor etish, bir-biriga toqat qilmaslik (tolerantlik hissiga ega emaslik), shaxsiy qarashlarning bir-biriga mosligi yoki zidligi, hayotiy maqsad va e’tiqodlar o’rtasidagi ziddiyatlarga bog’liqdir.
So’ngi yillarda insonni ijtimoiylashtirish (bu yerda shaxs emas, aynan inson nazarda tutilmoqda, binobarin, shaxs ijtimoiy munosabatlar jarayonida shakllanadi, ya’ni ijtimoiylashgan insongina shaxs sifatida namoyon bo’ladi) va bu yo’lda salbiy ijtimoiy ta’sirlarni bartaraf etish masalalarini o’rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Insonni ijtimoiylashtirish uzoq muddatli, uzluksiz davom etuvchi, ko’p qirrali va murakkab jarayon bo’lib, uning butun hayotini qamrab oladi va bu jarayonda unda muayyan bilimlar, ijtimoiy axloq mezonlariga rioya qilish ko’nikmalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat munosabati shakllantiriladi. M.A.Galaguzova, L.V.Kolomiychenko, M.A.Kovalchuk [13]larning qayd etishlaricha, insonning ijtimoiylashuvi garchi uning butun hayoti davomida ro’y bersa-da, biroq, bu jarayonda eng qulay davr bolalik va yoshlik yillari hisoblanadi. Zero, aynan mana shu davrlarda inson ijtimoiy me’yorlarni o’zlashtiradi, ularga amal qilish ko’nikmalariga ega bo’ladi, ijtimoiy munosabatlarga kirishish va ularni muvaffaqiyatli tashkil etish tajribasini o’zlashtiradi.
Bizning nazarimizda, ilm-fan, texnika va texnologiyaning shiddatli rivoji, buning natijasida ijtimoiy sub’ektlarda yuzaga kelayotgan psixologik zo’riqish va uni bartaraf etishga bo’lgan kuchli ehtiyoj o’z-o’zidan insonni ijtimoiylashtirish jarayonida nafaqat sotsiologik va pedagogik, balki psixologik ta’limotlarga tayanish, ushbu fanlar o’rtasida integratsiyani qaror toptirish asosidagina samarali tashkil etilishi mumkin.
Barcha davrlarda ham ma’lum jamiyatda ota-onasiz qolgan yoki ular bilan aloqani yo’qotgan yoshlar (bolalar, o’smirlar, o’spirinlar) mavjud bo’lishgan. Ularga nisbatan ijtimoiy e’tibor turli jamiyat, davlatlarda turlicha bo’lgan. Islom dini ta’limotida esa bu kabi shaxslarga nisbatan insonparvarlik g’oyalariga tayangan holda munosabatda bo’lish eng oliy sifat tarzida baholangan. O’zbek xalqi taraqqiyoti tarixida ham ushbu g’oyalarga og’ishmay amal qilib kelingan. Bu holat ayniqsa urush harakatlari olib borilayotgan vaziyatlarda yaqqol namoyon bo’lgan. Ikkinchi Jahon urushi yillarida ota-onasiz qolgan yoki ular bilan aloqani yo’qotgan minglab bolalarning o’zbek oilalariga qabul qilinishi, o’ta og’ir sharoitda ularni oziq-ovqat, kiyim-kechak va turar-joylar bilan ta’minlash borasida ko’rsatilgan g’amxo’rlik yuksak insonparvarlikning yorqin namunasidir.
Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini jamiyatning yetuk a’zolari sifatida ijtimoiy hayotga tayyorlash muhim ijtimoiy maqsadlardan biri bo’lib, mazkur jarayonda quyidagi yo’nalishlar ustuvor o’rin tutadi:
ta’lim berish (tarbiyalanuvchilar ongida ilmiy bilimlarni hosil qilish);
milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy istiqlol g’oyasi asosida ijtimoiy-g’oyaviy e’tiqod va immunitetni shakllantirish, dunyoqarashni boyitish;
ma’naviy-axloqiy sifatlar (mehnatsevarlik, odamiylik, tirishqoqlik, kamtarlik, atrofdagilarga mehr-muhabbatli, rahm-shafqatli, shuningdek, iymon-e’tiqod, qat’iy iroda va mustahkam xarakter)ni tarbiyalash;
kasbga yo’naltirish (muayyan kasb-hunarlar sirlari, kasbiy faoliyatlarning asoslarini o’rgatish);
ijtimoiy munosabatlarni tashkil etish (sub’ektlar o’rtasidagi o’zaro aloqa almashuv, jamoa a’zolari bilan hamkorlikda faoliyat yuritish, o’zi mansub bo’lgan guruhlar (mikro, mezo va mikro guruhlar)ning a’zolari bilan ruhiy birlikka erishish)ga tayyorlash;
shaxsiy hamda atrofdagilarning salomatligini muhofazalash malakalari (jismoniy tarbiya va sport bilan doimiy ravishda, izchil, uzluksiz shug’ullanishlariga erishish, sog’lom turmush tarzi (spirtli ichimlik va narkotik moddalarni iste’mol qilmaslik, tamaki mahsulotlarini chekmaslik, noto’g’ri va tartibsiz jinsiy hayot kechirmaslik) ko’nikmalarini hosil qilish;
huquqiy madaniyat unsurlari (ijtimoiy axloq me’yorlariga amal qilish, huquqbuzarliklarni sodir etmaslik, qonunbuzarlik, jinoyatchilik va ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan murosasiz bo’lish)ni shakllantirish;
atrof-muhit va tabiatga mas’uliyatli munosabatni qaror toptirish;
psixologik xizmatni tashkil etish (psixologik toliqish va zo’riqishni bartaraf etish, ruhiy tetiklik, kelajakka ishonch hissiga ega bo’lish, shuningdek, jamoada sog’lom muhitni qaror toptirish (mehribonlik uylari rahbarlari, pedgoglari va tarbiyalanuvchilarning bir-birlarini tushunishlari, bir-birlarini qo’llab-quvvatlashlari, doimo o’zaro yordamga tayyor turishlariga erishish));
oilaviy hayotga tayyorlash.
Mazkur yo’nalishlarda pedagogik faoliyatni tashkil etish maxsus dastur va aniq rejalarni ishlab chiqishni taqozo etadi. Ularni ishlab chiqishda mehribonlik uylarining ichki imkoniyatlari, pedagoglarning ish tajribalari va mahoratlari, shuningdek, ularning, ayniqsa, rahbar xodimlarning tashabbuskorligi, boshqaruv madaniyatiga egaliklari alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, mehribonlik uylarining ijtimoiy tashkilotlar, jumladan, boshqa turdagi ta’lim va sog’liqni saqlash muassasalari, ijtimoiy muhofaza organlari, yoshlar, homiy, shuningdek, xalqaro homiy tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikka erishish, tarbiyalanuvchilarni har tomonlama ijtimoiy hayotga tayyorlash jarayonida ularning imkoniyatlaridan samarali foydalana olish ham kutilgan natijalarni qo’lga kiritish imkonini beradi.
Shunday qilib, insonni ijtimoiylashtirish murakkab, ko’pqirrali va uzoq davom etuvchi jarayon bo’lib, bu jarayonda u ilmiy bilimlar, axloq mezonlari va ijtimoiy tajribani o’zlashtiradi, ularga amal qilish ko’nikmalariga ega bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |