ABDURAUF FITRAT (1886—1938)
Ma’naviyatimizning ilk namoyandalaridan biri Abdurauf Fitrat garchand qatag’on qurboni bo’lib, jismonan oramizda bo’lmasa ham u hamisha tirik. Qismati og’ir bo’lgan ulug’ siymolar qatori Fitrat butun kuch-qudratini xalqqa bag’ishladi.
Abdurauf Abdurahim o’g’li Fitrat 1886 yili Buxoro shahrida tug’iladi. «Fitrat» Abduraufning adabiy taxallusi bo’lib, bu so’z tug’ma tabiat, tug’ma iste’dod degan ma’noni anglatadi. Uning otasi o’zbek, onasi tojik bo’lgan. Fitratning otasi savdogarchilik bilan shug’ullangan, dindor, o’qimishli shaxs bo’lib, olam kezishni, tijoratni yaxshi ko’rgan.
Fitratning onasi Mustafbibi nozikta’b, savodli ayol bo’lib, farzandlari ta’lim-tarbiyasi bilan asosan u shug’ullangan. Oilada Abduraufdan tashqari yana ikki farzand — ukasi Abdurahmon va singlisi Madbuba bo’lgan. Mustafbibi bolalarining savodli, bilimdon kishilar bo’lib yetishishlarini uchun harakat qilgan. Abdurauf dastlab eski maktabda so’ngra Buxorodagi Mirarab madrasasida tahsil ko’radi. U arab, fors-tojik, turk adabiyotlarini, falsafani, sharq xalqlari tarixi va madaniyatini chuqur o’rganadi.
XX asr boshida butun SHarqda bo’lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikr taraqqiyotida jiddiy uyg’onish boshlanib, jadidchilik harakati keng yoyiladi. Buxorodagi jadidchilikning o’ziga xos tomonlari bor edi. F.Xo’jaev Turkiston jadidlari bilan Buxoro jadidlarini farqlamoq kerakligini uqtirib o’tgan edi: «Bu farq rus Turkistoni bilan yarim mustaqil Buxoroda vujudga kelgan xo’jalik va siyosiy munosabatlar o’rtasidagi farqdan kelib chiqadi»1. Turkiston jadidlari oshkora ish olib bordilar. Amir istibdodining og’irligi Buxoro jadidlarini maxfiy jamiyat tuzishga majbur qildi. Maxfiy to’garaklar ochib, to’garaklarga nisbatan faolroq ish olib bordi.
Buxoroda jadidlar «Yosh buxoroliklar» nomi bilan ish olib bordi.
Fitrat mana shu harakatning rahbarlaridan biri edi. Yosh buxoroliklar o’z faoliyatlarini boshlarida (birinchi yashirin jamiyat Buxoroda 1908 yilda tuzilgan) yangi usuldagi maktablar ochib, ularda boy hamda kambag’allarning bolalarini o’qitdilar.
Jadidlar Orenburg, Qozon, Ufa, Istambul kabi musulmon madaniyati markazlarining bilim yurtlari orqali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor beradilar. SHu maqsadda 1909 yil 18 iyunda Buxoro yoshlari «Tarbiyai atfol» («Bolalar tarbiyasi») nomli hayriya jamiyati tuzadilar. S.Ayniyning yozishicha «... jamiyatning birinchi maqsadi Istambulga o’quvchilar yubormoq chorasiga kirishmoq edi. Ikmoli tahsil uchun Usmonxo’ja Po’latxo’ja o’g’li (1878—1968), uning birodari Atom Xo’ja (1894—1938), Mazxar Maxzum Burxon Maxzum o’g’li, Abdurauf Fitrat, Muqimbek Istambulga safar qildilar. Fitrat mazkur talabalarning eng iste’dodlisi va eng fozili edi».
SHunday qilib Fitrat 1909 yili 25 yoshida «Jamiyati hayriya»ning ko’magida Turkiyaga o’qishga ketadi.
Istambuldagi barcha buxorolik va turkistonlik o’quvchilar bu jamiyatga a’zo bo’lib, Buxoro ma’rifatparvarlarining bir qismi ham unga sirtdan a’zo bo’lgan edilar.
Jadidlar o’z g’oyalarini matbuot orqali targ’ib qilishga intildilar. Ular «Ma’rifat» shirkatlarini tashkil etib, bunda o’zbek va tojik tillarida darsliklar nashr ettiradilar. Tojik tilida «Buxoroyi SHarif», o’zbek tilida «Turon» gazetalarini chiqaradilar, kutubxonalar ochadilar.
Fitrat ham barcha jadidlar qatori xalqni ilmli qilib, hayotni, jamiyatni yangilashga intiladi. U ham ilmiy va badiiy ijod sohasidagi dastlabki qadamlarini ma’rifat izlash va hammani ma’rifatga da’vat etishdan boshlaydi.
Abdurauf Fitrat ma’rifatparvar adib sifatida «Munozara»da Buxoro amirligi idorasida muayyan islohot-o’zgarish kiritish g’oyasini ilgari surgan bo’lsa, «Hind sayyohi qissasi»da yangicha g’oyani — muayyan darajada Buxoro amirligiga nisbatan o’z e’tiroznomasini bayon etadi. U islohot g’oyalaridan voz kechmaydi, biroq Buxoro davlatining madaniyati, tabobati, sanoati va hatto yer osti boyliklaridan xalq manfaati yo’lida foydalanish haqida qayg’uradi.
1913 yil 4 yillik o’qishdan so’ng Fitrat ilg’or qarashlar bilan Turkiyadan Buxoroga qaytib keladi. U endi faqat ma’rifat va madaniyat tarqatish g’oyasi bilangina yashay olmasdi. Endi uning jadidlar harakatidagi siyosiy jihatdan aralashuvi faollashadi.
Fitrat 1916 yili «Oila» nomli falsafiy asarini yozadi. Bu asar fors tilida yozilib, S.Ayniyning aytishicha Mirza Abdulvohidning xarajatlari hisobidan nashr etiladi. Asarda oilaviy hayotning islohotidan bahs yuritilib, adib najot yo’llarini axtaradi.
1917 yili esa Bokudagi maorifchi do’stlari yordamida o’zining ibtidoiy maktablarning so’nggi sinflari uchun mo’ljallab yozilgan, o’zbek tilidagi «O’quv» nomli kitobini nashr ettiradi. Bu kitob o’sha yillarda Buxorodagina emas, Samarqand, Toshkentda ham M.Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov o’quv kitoblari singari yangi usul maktablari uchun juda kerakli tarbiya kitobi bo’lib qolgan edi.
Abdurauf Fitrat o’zining ma’rifatparvarlik yo’lini keyin ham davom ettirib boradi. U boshqa ma’rifatparvar yozuvchilar: Vasliy, Behbudiy, Siddiqiy, S.Alizoda, Hoji Mo’yin kabi o’zbek va tojik ziyolilari bilan hamkorlikda Samarqandda «Hurriyat» gazetasida ishlaydi, gazetaga muharrirlik qiladi (gazeta 1917 y. aprelda chiqa boshlagan).
1922—1923 yillarda Fitrat Buxoro Xalq Respublikasining maorif noziri sifatida barcha o’zbek, tojik va boshqa millatlarning bolalari uchun maktablar ochish, o’quvchilarga metodik qo’llanmalar tayyorlash sohasida katta ishlar olib bordi. Xotin-qizlar maktablarini ko’paytirishga, xotin-qizlarni ma’rifatga tortishga alohida e’tibor berdi.
Fitrat o’sha yillarda Buxoro Xalq Respublikasidan Germaniyaga, Turkiyaga talabalar yuborish, u yerdagi ilg’or Yevropa ta’lim-tarbiyasi, ilm-fan, texnika sirlarini o’rganish, yangi Buxoro Xalq Respublikasi va Turkistonda maorif va madaniyatni rivojlantiruvchi mahalliy milliy kadrlar tayyorlash tashabbuskori va tanlovchilaridan biri bo’ldi. Ayni chog’da Buxoro Xalq Respublikasi raisi Fayzulla Xo’jaev ham Turkiston SHo’rolar Respublikasi rahbarlari Turor Risqulov, Abdullo Rahimboev, Nazir To’raqulovlar bilan birga Buxoro va Toshkent, Samarqand va Farg’ona, Xo’jand va Xivadan Sattor Jabbor, Sayidali Xo’ja, Maryam Sultonmurodova, Hayriniso Majidxonova, Saida SHerahmad qizi Ahmad SHukriy, Ahmadjon Ibrohimov kabi o’nlab mahalliy millat o’g’il va qizlarini Germaniyaga o’qishga yuboradi. Ularning ahvoli, moddiy va ma’naviy, tarbiyaviy ishlaridan xabardor bo’lib turadi. Germaniyadagi o’zbek talabalar «Ko’mak» nomli o’zbekcha jurnal chiqarishadi. Fitratning «Hind istilochilari» sahna asarini, Sadriddin Ayniyning «Qiz bola yoki Xolida» o’quv kitobini nashr etishadi. Bu asar Buxoro va Turkistondagi milliy zehnlilar orasida keng tarqaladi va sevib o’qiladi.
Fitrat 1923—1924 yillarda Moskva va Leningradda yashab ijod qiladi.
Leningrad Davlat dorilfununi 1924 yili Fitratga o’zbek va tojik mumtoz adabiyotlari namoyandalari to’g’risidagi tadqiqotlari uchun professorlik unvonini beradi. Fitrat O’rta osiyoning birinchi professori bo’lib tarixga kiradi. U «O’zbek adabiyotidan namunalar» kitobida o’nlab mumtoz adabiyotimiz vakillari haqida ma’lumot beradi.
1925 yildan Fitrat turli madaniy-oqartuv, maorif va ilmiy-tadqiqot institutlarida ishlaydi. O’zbekistonda birinchi tashkil bo’lgan Samarqand Pedakademiyasida, Fanlar komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutida, keyinchalik Toshkent Davlat pedagogika institutlarida sharq adabiyoti va tili, tarixidan yuksak saviyada dars beradi.
Professor Fitrat o’sha yillardayoq dunyoga mashhur bo’lgan olimlar akademik A.Samoylovich, S.Malov, Ye.E.Bertelslar bilan hamkorlikda o’zbek, tojik va boshqa millat sharqshunos, adabiyotshunos, turkolog olim, muallimlar tayyorlash ishiga ham yaqindan yordam beradi. Bu sohada Fitrat to 1937 yil qatag’onga uchragunga qadar Yahyo G’ulomov, Ibrohim Mo’minov, Oybek, Xodi Zarifov, Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Rahim Hoshim kabi markaziy Osiyoning bo’lg’usi taniqli olimlariga bevosita yoki bilvosita murabbiylik ham qilgan edi,
1934 yil O’zbekiston Fanlar komiteti qoshida tuzilgan mustaqil ilmiy-tadqiqot institutlariga aylangan ilmiy muassasalarda o’sha davrda taniqli olimlardan Otajon Hoshim, G’ozi Yunusov va boshqalar bilan birga yosh adabiyotshunos hamda tilshunos olimlarga o’zbek adabiyoti tarixi va fors tilidan dars beradi. SHarq adabiyoti, tili, tarixining katta bilimdoni sifatida shuhrat topadi va shogirdlari qalbida o’chmas iz qoldiradi.
Fitratning ijodiy va ijtimoiy faoliyatini nisbi ravishda ikki davrga ajratish mumkin. Faoliyatining birinchi davrini 1908—1918 yillarda yozgan «Rahbari najot», «Munozara», «Sayyohi hindi bayonoti», «Oila» singari asarlari tashkil etib, bular yosh buxoroliklar harakatining g’oyaviy dasturi bo’lib xizmat qilgan edi.
Bu davrda Fitratning «Sayha» she’rlar to’plami, «Begijon», «Mavludu sharif», «Abomuslim», «Temur sag’anasi», «CHin sevish» kabi dramatik asarlari hamda «Siyosiy hollar», «Turkiston muxtoriyati» kabi publitsistik maqolalari ham yaratiladi.
Fitrat ana shu dastlabki asarlari bilan o’zi yashab turgan jamiyatning g’oyaviy asoslarini larzaga keltiradi.
Fitratning dastlabki asarlarida vatanparvarlik mavzusi asosiy o’rinni egallaydi. U vatani bilan faxrlanadi, lekin vatanining holi harobligidan aziyat chekadi. Vatani uchun najot yo’lini qidiradi va bu najot yo’lini ma’rifatda deb biladi. SHuning uchun o’z xalqiga madaniyat va ma’rifat berish uchun tinimsiz mehnat qiladi.
Fitrat ijodiy va ijtimoiy faoliyatining ikkinchi davri 1918—1924 yillarni o’z ichiga oladi.
Bu davrda Fitratning «Uchqun» she’rlar to’plami (1912 y.), «Qiyomat» hikoyasi, «O’g’uzxon», «Qon», «CHin sevish», «Hind ixtilochilari», «Abulfayzxon» drama va asarlari hamda bir qancha publitsistik maqolalari maydonga keladi.
Yirik olim Fitratning o’zbek va sharq adabiyoti tarixi xususida yozgan asarlari 20—30 yillardagi SHarq adabiyotining bilimdonlari Ye.Bertels, I.Krachkovskiy, L.Klimovichlarning asarlari bilan yonma-yon turadi. Fitrat hatto ularga ko’rsatmalar bergan. Fitrat ularga ayrim qo’lyozmalarning matnlarini yetkazib bergan, o’sha asarlarning o’rganilish darajasini ko’rsatib, tushuntirgan. Mana shularning hammasi uning xassos shoir, iste’dodli adib, dramaturg, publitsist, chuqur ilmiy-tarixiy tadqiqotlar yozgan adabiyotshunos olim, bir necha darsliklar muallifi, ulkan tarixchi ekanligini ko’rsatib turibdi. Lekin 1937 yilga kelib Fitrat Fayzulla Xo’jaev, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, CHo’lpon, Elbek kabilar bilan birga qatag’on qurboni bo’ldi. Ular «xalq dushmani» deb qoralanib, ularga «panturkizm» tamg’asi bosildi.
Sud Fitratni 1938 yil 5 oktyabrda otishga hukm qiladi. Bu hukm bir kun oldin ijro etiladi.
Abdurauf Fitrat yirik davlat arbobi, taniqli tilshunos va adabiyotshunos olim, faylasuf, shoir, dramaturg, publitsist, geograf, matematik, tabobat va diniy ilmlar bilimdoni bo’lishi bilan birga O’zbekistonda maktab va ta’lim-tarbiya rivojiga katta hissa qo’shgan yetuk ma’rifatparvar va mohir islohotchi pedagog sifatida xalq xotirasida qoldi.
Abdurauf Fitratning ta’lim-tarbiya haqidagi qarashlari
Abdurauf Fitrat zullisonayn yozuvchi sifatida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy an’analarini davom ettirib, o’zbek va tojik tillarida birday mukammal asarlari yarata oldi.
Fitratning «Rahbari najot» asari to’la ravishda ta’lim-tarbiya masalalariga bag’ishlanadi. Ayniqsa, asarning uchinchi bobi oila, bola tarbiyasi, axloq-odob mavzulariga bag’ishlangan bo’lib, bu masalalar hozirgi davrda ham katta ma’rifiy ahamiyatga egadir.
Fitrat ota-onaning vazifasi o’z bolalarini yetuk kishilar qilib tarbiyalashlari zarurligi, bunda ayniqsa, uch tarbiyaga: 1. Jismoniy tarbiya — salomatlik, 2. Aqliy tarbiya — sog’lom fikrlilik, 3. Axloqiy tarbiya — axloqiy sano, ya’ni axloqiy poklikka e’tibor berish kerakligi ta’kidlanadi.
Asarning «Bola tarbiyasi» masalalari bobida quyidagilar ko’rsatib o’tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |