XXVIII
Manon Lesko
Nihoyat, u monastir nozirining ahmoqligi va
eshakdek o‘jarligiga butunlay ishonch hosil qil-
gach, unga juda oddiygina qilib, oqni qora, qorani
esa oq deya xushomad qila boshladi.
Lixtenberg.
Rus maktublariga berilgan izohlarda o‘zing noma yo‘llaydigan
xonimga gap qaytarish qat’iyan taqiqlangan edi. Shu bilan birga, doi-
mo sajda qilish darajasida izzat-ehtirom namoyish etish lozim, deya
tayinlagandi; barcha maktublarga ana shu negiz asos qilib olingan edi.
Bir kuni kechqurun, Operada, de Fervak xonimning lojasida o‘ti-
rar ekan, Jyulen «Manon Lesko» baletini ko‘klarga ko‘tarib maqtay
boshladi. Bunday maqtovlariga asos bo‘lgan yagona sabab o‘zining
bu baletni mutlaqo bo‘lmag‘ur deya hisoblashi edi.
Marshal bevasi baletning abbat Prevo romaniga qaraganda ancha
zaifroq chiqqanini aytdi.
«Shunaqami hali! – deya o‘yladi ajablangan va qiziqib qolgan
Jyulen. – Shunday taqvodor xonim romanni maqtab o‘tirsa-ya!» De
Fervak xonim, ming afsuski, ishq vasvasasiga osongina berilib keta-
digan yoshlarni o‘zlarining jirkanch asarlari bilan yo‘ldan ozdiruvchi
barcha bu qog‘oz bulg‘ovchilarga nisbatan haftada kamida ikki-uch
marta nafrat izhor qilishni o‘z burchi deb hisoblardi. – Bunday ax-
loqsiz, xavfli asarlar orasida, – deya davom etdi de Fervak xonim,
– aytishlaricha, «Manon Lesko» birinchi o‘rinda turar ekan. Axloq-
siz qizning yanglishuvlari va, shuningdek, adolatli ravishda iztirob
chekishlari juda ta’sirli va haqqoniy qilib tasvirlangan, deyishadi.
Lekin, darvoqe, bu hol sizning Bonapartingizga Muqaddas Yelena
orolida, bu roman malaylarga mo‘ljallab yozilgan, demoq uchun xalal
bermabdi. Mulzam bo‘lib o‘tirgan Jyulen bu so‘zlarni eshitib darhol
hushiga keldi. «Meni marshal bevasining ko‘z o‘ngida badnom etmoq-
458
chi bo‘lishibdi, unga mening Napoleonga ixlos qo‘yganimni aytib
berishibdi. Bu hol uning izzat-nafsiga qattiq tekkanidan xonim buni
menga shama qilishdan o‘zini tiyolmadi». Bu kashfiyot butun kecha
davomida yigitning fikr-xayolini band etib, u ancha jonlanib qoldi. Ular
marshal bevasi bilan Opera vestibyulida xayrlashar ekanlar, xonim
unga qarab shunday dedi:
– Yodingizda bo‘lsin, taqsir, meni sevgan odam Bonapartga ixlos
qo‘ymasligi kerak. Uni, nari borsa, taqdirning taqozosi sifatida tan
olish mumkin. Boz ustiga, o‘sha odamda ruhiy nazokat degan narsa.
bo‘lgan emas, u san’atning buyuk asarlari qadriga yeta bilmagan.
«Meni sevgan odam! – deya takrorlardi Jyulen. – Bu gap yo hech
qanday ma’noni anglatmaydi, yo unda juda katta ma’no bor. Biz be-
chora provinsiyaliklar tilning bunday sirlarini tushunmay dunyodan
o‘tib ketadiganga o‘xshaymiz». So‘ngra marshal bevasiga atalgan
uzundan-uzoq xatni ko‘chirib yozar ekan, Jyulen tinimsiz de Renal
xonimni eslab o‘tirdi.
– Buni qanday tushunmoq kerakki, – dedi unga de Fervak xonim
ertasi kuni Jyulenga juda g‘ayritabiiy tuyulgan loqayd bir ohangda, –
siz, yanglishmasam, kecha kechqurun Operadan qaytganingizdan
so‘ng menga yozgan xatingizda London va Richmond to‘g‘risida ga-
piribsiz? Jyulen qattiq dovdirab qoldi: chamasi, u maktubning maz-
muni haqida bosh qotirib o‘tirmay satrma-satr ko‘chira turib, London
va Richmond so‘zlari o‘rniga Parij va Sen-Klu deb yozish lozimligiga
e’tibor bermagan bo‘lsa kerak. Yigit biror gap aytishga urindi-yu, lekin
jumlasini oxirigicha yetkaza olmadi. Uning qattiq kulgisi qistaganidan
nafasi siqilmoqda edi. Nihoyat, u: «Inson qalbining aql bovar qilmas
ideallari haqidagi yuksak mulohazalarga berilib ketganim boisdan
sizga maktub yoza turib, shundan xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishim mum-
kin», degan bahonani aytib qutuldi. «Men yaxshi taassurot qoldirdim,
– deya qaror qildi u, – bugunchalik endi bu diqqinafas makonni tark
etsam bo‘lar». Shundan so‘ng u de Fervak xonimning saroyidan de-
yarli yugurganicha chiqib ketdi. Kechqurun u kecha ko‘chirib yozgan
maktubning asl nusxasini oldi-da, rus yigit London va Richmondni
tilga olgan o‘sha mash’um joyni osongina topdi. Jyulen bu maktubning
deyarli sevgi izhori ekanini ko‘rib qattiq hayratga tushdi.
Uning gaplaridagi xuddi ana shu zohiriy tabiiylik bilan maktubla-
rining salkam diniy kitoblardagidek teranligi orasidagi farq de Fervak
xonimni unga e’tibor berishga majbur etgandi. Marshal bevasi ayniqsa
459
uning uzundan-uzoq jumlalariga maftun bo‘lib qolgan edi. Bu uslub
anavi axloqsiz Volter rasm qilgan uzuq-yuluq jumlalarga sira ham
o‘xshamasdi! Garchi qahramonimiz o‘z nutqidan har qanday sog‘lom
fikr nishoyalarini butunlay siqib chiqarishga qattiq harakat qilayotgan
bo‘lsa-da, har qalay, gaplarida yengilgina antimonarxizm va shak-
koklik ruhi sezilib turardiki, bu hol De Fervak xonimning e’tiboridan
chetda qolmadi. G‘oyat xushaxloq bo‘lgan, lekin butun kecha davomida
bironta ham jonli fikr aytolmaydigan kishilar orasida yashovchi bu
xonim garchi bundan g‘azablanishni o‘z burchi deb hisoblasa-da, biroz
yangilikning isi kelib turgan har qanday narsaga juda ta’sirchan edi.
Ayol bu illatni yengiltak asrning nishonasi deya atardi.
Ammo bunday mehmonxonalarga biror maqsad yo‘lidagina borib
turish mumkin. Jyulenning mutlaqo shavqsiz bu hayotining butun
diqqinafasligi, turgan gap, kitobxonga tushunarli bo‘lsa kerak. Bu siz
bilan bizning sayohatimizda uchragan taqir dashtday bir narsa xolos.
Jyulen de Fervak xonim bilan shunday ovora bo‘lib yurar ekan, m-l
de lya Mol zo‘r berib uni o‘ylamaslikka harakat qilayotgan edi. Uning di-
lida shiddatli kurash ketardi: ba’zan u mag‘rurlik bilan o‘zini bu ma’yus
yigitdan nafratlanishiga ishontirmoqchi bo‘lar, biroq Jyulenning gaplari
uni beixtiyor o‘ziga maftun qilib qo‘yar edi. Uni ayniqsa bu aql bovar
qilmas riyokorlik hayratga solmoqda edi: yigitning marshal bevasiga
aytayotgan bu gaplarida bir og‘iz ham haqqoniy so‘z bo‘lmay, hammasi
yolg‘on yoki, kamida o‘z dunyoqarashini nihoyatda buzib ko‘rsatish
edi. Matilda esa uning deyarli barcha narsalar to‘g‘risida qanday fikr
yuritishini juda yaxshi bilardi. Bunday makiavelizm
50
dan u lol qolgan
edi. «Lekin bu gaplarning bari naqadar chuqur o‘ylangan, – derdi u
o‘ziga-o‘zi. – Dimog‘i olamni buzadigan, lekin o‘zi hech nimaga arzi-
maydigan anavi yigitlar yoki xuddi shu mavzuda gap sotadigan janob
Tamboga o‘xshash akani muttahamlarga naqadar o‘xshamaydi u!»
Lekin shunga qaramay Jyulen dahshatli kunlarni boshidan kechir-
moqda edi. U har kuni marshal bevasining mehmonxonasiga borar
ekan, o‘zini juda og‘ir majburiy xizmatni o‘tayotgan odamdek his
etardi. U o‘z rolini bajarish uchun shu qadar ko‘p kuch sarflar ediki,
ba’zan butunlay sillasi qurib qolardi. Ko‘pincha, u de Fervak saroyining
ulkan hovlisiga kirib borar ekan, tamoman umidsizlikka tushmaslik
50
Makiavelizm – burjua-dvoryanlar jamiyatida o‘z maqsadiga erishmoq
uchun hech qanday makkorlik, riyokorlik va, hatto, jinoyatdan ham tortinmaslik
siyosati (tarj.).
460
uchun butun aql-idroki va irodasini safarbar etishga majbur bo‘lardi.
«Seminariyada umidsizlikka tushmagan edim-ku axir, – deya
uqtirardi u o‘ziga-o‘zi, – bo‘lmasam o‘shanda meni oldinda dahshatli
kunlar kutmoqda edi. Muvaffaqiyatga erisharmidim yoki yo‘qmi, har
holda, butun hayotimni borib turgan manfur va razil odamlar orasida
o‘tkazajagimni bilardim. Mana, keyingi bahorda esa, oradan bor-yo‘g‘i
o‘n bir oy o‘tgach, men tengdoshlarim orasida, ehtimol, eng baxtli
odam bo‘lib o‘tiribman».
Biroq bu ajoyib mulohazalarning bari toqat qilib bo‘lmas dara-
jadagi og‘ir voqelik oldida mutlaqo ojiz bo‘lib chiqardi. U har kuni
nonushta va tushki ovqat payti Matildani ko‘rardi. Janob de lya Mol
unga yozdiradigan behisob xatlardan Jyulen Matildaning hademay
janob de Kruaznuaga turmushga chiqajagini bilardi. Bu yoqimtoy
asilzoda yigit endi de lya Mol saroyiga kuniga ikki martadan kela
boshlagan bo‘lib, rashk o‘tida qovurilayotgan tashlandiq o‘ynashning
kunchi nigohi uning har bir qadamini kuzatib borardi. M-l de lya Mol
o‘z qallig‘iga xiyol iltifot ko‘rsatgandek tuyulsa, Jyulen o‘z xonasiga
qaytar ekan, to‘pponchalariga mehr bilan qarab qo‘yardi.
«Eh, – deya xitob qilardi u o‘zicha, – ichki kiyimlarimdagi belgilar-
ni qirqib tashlab, Parijdan yuz chaqirimcha naridagi biror kimsasiz
o‘rmonga borsam-da, bu manfur hayotga chek qo‘ysam, qanday aqlli
ish qilgan bo‘lardim-a! U yerda meni hech kim tanimaydi, shu boisdan
ham ikki haftacha mening o‘limimdan hech kim xabar topmaydi, Ikki
haftadan keyin esa, meni kim ham eslardi deysiz!»
Nimayam derdik, ancha oqilona fikr. Ammo ertasi kuni u tasodifan
qizning yengi bilan uzun qo‘lqop o‘rtasida ochilib turgan tirsagini
ko‘rib qolsa bas edi: navqiron faylasufimiz iztirobli xotiralar dengiziga
g‘arq bo‘lar va shu xotiralarning o‘zi uni yana hayotdan umidvor qilib
qo‘yar edi. «Xo‘p, yaxshi! – derdi u o‘ziga-o‘zi. – Bardosh berib, bu rus
siyosatini nihoyasiga yetkazaman. Lekin oxiri nima bo‘larkin?
Marshal bevasi masalasiga kelsak – bu yog‘i ayon: o‘sha ellik uch
xatning hammasini ko‘chirib tugatganimdan so‘ng, unga boshqa xat
yozmayman.
Matildaga kelganda esa, kim bilsin: yo dilimni o‘rtagan bu bir
yarim oylik komediyadan hech qanday natija chiqmaydi, yoki loaqal
u bilan bir lahzaga bo‘lsa-da yarashib olaman. Yo Rabbim! Bunday
baxt nasib bo‘larmikin o‘zi?!» Shundan so‘ng u boshqa hech narsani
o‘ylay olmasdi.
461
Biroq shirin xayollar og‘ushidan qutulib yana mulohaza yurita
boshlagach, u o‘ziga-o‘zi shunday derdi: «Xo‘sh, buning oqibati nima
bo‘ladi – bir kungi baxtiyorlig-u keyin esa yana o‘sha kesatiqlar bosh-
lanadi, zero men uning ko‘nglini olishni bilmayman axir! Shundan
so‘ng mening umid qiladigan joyim qolmaydi, men uchun hammasi
butkul tamom bo‘ladi. Uning shu tabiati bilan biror narsaga kafolat
berib bo‘larmidi? Ah, hamma balo o‘zimning hech qanday fazilatim
yo‘qligida. Nazokat degan narsani bilmayman, suhbatim ham og‘ir,
zerikarli! Yo Tangrim! Qani endi men boshqa odam bo‘lsam».
Do'stlaringiz bilan baham: |