IV
De lya Mol xonadoni
Bu yerda u nima qilyapti? Bu yer yoqa dimi
o‘zi unga? Yoki u yoqib qolishga umidvor bo‘lib
ko‘ngliga taskin beryaptimi?
Ronsar.
Agar de lya Mol xonadonining aristokratik mehmonxonasidagi
hamma narsa Jyulenni hayratga solayotgan bo‘lsa, qora kostyum
kiygan bu rangpar yigitning o‘zi ham unga e’tibor bergan barcha
odamlarga juda g‘alati ko‘rinmoqda edi. De lya Mol xonim uyga ba’zi
mehmonlarni taklif etganda Jyulenni ish bilan biror yoqqa jo‘natishni
eriga taklif qildi.
– Men tajribani oxirigacha yetkazmoqchiman, – deya javob qildi
markiz. – Abbat Pirarning aytishicha, biz o‘zimizga yaqinlashtirgan
odamlarning nafsoniyatini bo‘g‘ib, noto‘g‘ri ish qilar ekanmiz. Faqat
qarshilik ko‘rsatgan narsagagina tayanish mumkin va hokazo gaplar.
Manovi yigit bo‘lsa, bu yerda uni hech kim tanimagani uchungina
g‘alati ko‘rinyapti, umuman olganda esa u gungalak-ku axir.
«Bu yerdagi ishlarni tushunib olmog‘im uchun, – derdi o‘zi-
ga-o‘zi Jyulen, – bu xonadonga kelib turadigan odamlar ismini yozib
qo‘ymog‘im va har birining fe’l-atvorini ikki og‘iz so‘z bilan qayd
etmog‘im lozim bo‘ladi».
Birinchi navbatda u xonadonning do‘sti bo‘lmish besh-olti odam-
ning nomini yozib qo‘ydi. Bu odamlar, markiz injiqlik yuzasidangina
unga homiylik qilyapti, deb hisoblashar va har ehtimolga qarshi
yigitning ko‘nglini olishga harakat qilishar edi. Ular nochor va ar-
zimas odamlar bo‘lib, ozmi-ko‘pmi xushomad qilishgani-qilishgan
edi, biroq shuni ham tan olish kerakki, zamonamizning aristokratik
salonlarida uchrab turadigan bu toifa odamlar hammaga ham barobar
yaltoqilik qilishavermasdi. Masalan, ulardan ko‘pchiligi markizning
har qanday muomalasiga ham bardosh beraverishardi-yu, ammo de
lya Mol xonimning qo‘rsroq qilib aytgan bir og‘iz so‘ziga qarshi isyon
ko‘tarishardi.
Uy egalari o‘z tabiatlariga ko‘ra juda mag‘rur va ziqna odamlar
bo‘lib, ko‘ngil xushi uchun ham atrofdagilarni kamsitishga o‘rganib
282
qolishgandi. Shu boisdan ham ularning haqiqiy do‘stlari yo‘q edi.
Lekin yomgir yoqqan va ahyon-ahyonda o‘lguday zerikkan paytlarini
hisobga olmaganda, ular o‘z mehmonlariga g‘oyat xushfe’llik bilan
muomala qilishardi.
Agar Jyulenga otalarcha mehribonlik qiladigan anavi besh-olti
laganbardor de lya Mol xonadonidan qadamini tortgudek bo‘lsa,
markiza xonim uzoq vaqt yolg‘iz qolishga mahkum bo‘lur edi, bu toifa
ayollarning nazarida esa yolg‘izlik – dahshatli narsa: bu hech kimga
yoqmay qolish timsolidir.
Markiz xotiniga juda g‘amxo‘r edi: u markiza xonimning saloni
doim munosib ravishda mehmonlarga to‘la bo‘lishining tadorigini
ko‘rib qo‘yardi. To‘g‘ri, u perlarni taklif qilmasdi, zero markiz bu yangi
hamkasblarini bemalol kelib-ketishi uchun yetarli darajada asilzoda
emas, shu bilan birga, pasttabaqa kishisi sifatida iltifot ko‘rsatmoq
uchun unchalik maynaboz ham emas, deb hisoblardi.
Darvoqe, bu sirlarni Jyulen ancha keyin tushunib qoldi. Burjua
xonadonlarida suhbat uchun odatdagi mavzu bo‘lgan oliy siyosat
markiz mansub bo‘lgan sinfda faqat musibatli damlardagina muhoka-
ma qilinardi.
Vaqtichog‘lik qilmoq istagi hatto bizning diqqinafas asrimizda
ham shu qadar kuchliki, hatto maxsus ziyofat kunlarida ham, markiz
mehmonxonani tark etgan zahoti, hamma bir zumda tarqab ketardi.
Suhbat chog‘i yaratgan Parvardigor, ruhoniylar, nufuzli kishilar
va saroy o‘z homiyligiga olgan artistlar, – xullas, uzil-kesil hal etib
qo‘yilgan barcha narsalar ustidan kulib bo‘lmasdi; Beranje, oppozit-
sion gazetalar, Volter, Russo, umuman xiyol bo‘lsa-da, erkin fikrning
isi kelib turgan biron narsani maqtash mumkin emasdi, eng muhimi
esa, siyosat haqida gapirishga sira ham yo‘l qo‘yilmasdi, bo‘lak barcha
narsalar to‘g‘risida bemalol gapiraverish mumkin edi.
Salonlarda o‘rnashib qolgan bu qoidani buzishga na yuz minglik
daromad, na zangori lenta huquq berardi. Sal bo‘lsa-da, erkin fikr
aytish qo‘pollikdek tuyulardi. Boadablik, xushmuomalalik atrofidagi
odamlarga yoqish istagiga qaramay, barchaning yuzida zerikish
alomatini sezish mumkin edi. Bu mehmonxonaga majburan kelib
turadigan yigitlar biron fikrga ega ekanlikda yoki bironta taqiqlan-
gan kitobni o‘qiganlikda ayblashlaridan cho‘chib, Rossini haqida,
bugungi ob-havo to‘g‘risida bir-ikki og‘iz chiroyli gap aytishardi-da,
so‘ng jimib qolishardi.
283
Jyulen suhbatni odatda janob de lya Mol muhojirlikda do‘stlashib
qolgan ikkita vikont bilan beshta baron qizitayotganiga bir necha bor
ishonch hosil qilgan edi. Bu janoblar olti mingdan sakkiz ming livrga-
cha rentaga ega edilar, ulardan to‘rttasi «Kundalik»ka, qolgan uchtasi
esa «Fransuz gazetasi»ga yozilishgandi. Ulardan biri doim «ajoyib»
so‘zi to‘lib-toshgan bironta yangi saroy latifasini aytib yurardi. Jyulen
o‘sha janobning beshta ordeni borligini ko‘rdi, boshqalariniki esa
taxminan uchtadan edi.
Dahlizda esa uqali kamzul kiygan o‘nta malay tayyor turardi va
butun kecha davomida har chorak soatda choy yoki muzqaymoq
tortilardi, yarim kechada esa shampan vinosi bilan yengilgina kechki
ovqat tamaddi qilinardi.
Shu boisdan ham Jyulen ba’zan kechaning oxirigacha o‘tirardi,
umuman olganda esa u zarhal yugurtirilgan bu serhasham meh-
monxonada olib boriladigan suhbatlarni qanday qilib jiddiy ravishda
tinglash mumkinligini sira tushuna olmasdi. U goho, bu gaplarning
barini kalaka qilib aytishmayaptimikan, deya shubhaga borib, suh-
batdoshlarning yuziga tikilib qarardi. «O‘zim yoddan biladigan janob
de Mestr, – deya xayol surardi u, – bulardan yuz chandon yaxshiroq
gapirardi, lekin u ham ba’zan odamni o‘lguday zeriktirib yuboradi».
Biroq bu ma’naviy bo‘g‘ilishdan yolg‘iz Jyulengina azob chekmas-
di. Ba’zilar tinimsiz muzqaymoq yeb taskin topishar, boshqalar esa
keyinroq, kechqurun: «To‘g‘ri de lya Molnikidan kelyapman. Bilasizmi,
aytishlaricha, Rossiya...» va shunga o‘xshash gaplarni aytishni o‘ylab
xursand bo‘lishardi.
Laganbardorlarning biridan Jyulen bundan atigi yarim yil
muqaddam, o‘z xonadoniga yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida
sodiq bo‘lib kelgani uchun mukofot tariqasida, de lya Mol xonim
bechora baron le Burginonni prefekt lavozimiga ko‘tarib qo‘yganini
bilib oldi. Bo‘lmasam, o‘sha baron boyaqish Restavratsiya boshidan
beri prefektga yordamchilik qilishdan nariga o‘tmagan ekan. Bu ulug‘
voqea mazkur janoblarning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shib yubordi: ular
ilgari ham uncha-muncha narsaga xafa bo‘lishmasdi, endi esa hech
nimaga xafa bo‘lmay qo‘yishdi. Darvoqe, ahyon-ahyondagina ularga
nisbatan ochiqdan-ochiq iltifotsizlik qilinardi, biroq Jyulen ikki-uch
marta markiz bilan xotini o‘rtasidagi shunday gaplarni eshitib qoldiki
bu gaplar ularning yonida o‘tirgan odamlarga ancha og‘ir botardi.
Bu asilzoda janoblar ajdodlari qirolning karetasida yurgani bilan
284
maqtana olmaydigan har qanday odamni ham nazarga ilmasliklarini
yashirmas edilar. Jyulen yana faqat salib yurishlari tilga olinganidagina
ularning jiddiylashishlari va yuzlarida chuqur hurmat-izzat tuyg‘usi
aks etishini payqab qoldi. Ularning odatdagi hurmati esa qandaydir
iltifotnamo ruhda bo‘lardi.
Ana shu hashamat va xunobgarchilik ichra Jyulen faqat janob de
lya Molning o‘zigagina qiziqib qarardi. Bir kuni u markizning kimgadir,
anavi boyaqish le Burginonning ko‘tarilishiga hech qanday aloqam
yo‘q, deganini eshitib, ichida ancha xursand bo‘ldi. Bu markizaga
ko‘rsatilgan mehribonlik edi; Jyulen abbat Pirardan haqiqatni bilib
olgan edi.
Bir kuni ertalab abbat markizning Friler bilan oxiri ko‘rinmay-
digan da’volashuviga taalluqdi hujjatlarni tartibga solib, Jyulen bilan
birga kutubxonada ishlamoqda edi.
– Taqsir, – dedi daf’atan Jyulen, – har kuni markizaning das-
turxonidan ovqatlanish mening vazifamga kiradimi yoki bu menga
ko‘rsatilgan muruvvatmi?
– Katta hurmat bu! – deya zardasi qaynab qichqirdi abbat. – O‘n
besh yildan buyon bu xonadonning sadoqatli do‘sti janob N... akade-
mik, shuncha vafodorligi bilan qancha harakat qilmasin, o‘z jiyani,
janob Tamboni bu sharafga muyassar eta olmadi.
– Mening uchun esa, taqsir, bu vazifalarim ichida eng aziyatli-
si bo‘lib qoldi. Hatto seminariyada ham bu qadar zerikmas edim.
Ba’zan hatto mademuazel de lya Molning ham esnayotganini payqab
qolyapman. Bo‘lmasam u xonadon do‘stlarining nazokatlariga ko‘nikib
ketishi kerak edi. Doim uxlab qolamanmi, deb qo‘rqaman. Baraka
toping, qirq suga ovqatlanish mumkin bo‘lgan eng past oshxonaga
borib tamaddi qilishimga ruxsat olib bersangiz.
Nasl-nasabi bo‘yicha oddiy meshchan abbat arkoni davlat bilan
bir dasturxondan ovqatlanishni katta sharaf deb hisoblardi. U Jyu-
lenga ham shu tuyg‘uni singdirishga harakat qilar ekan, nimaningdir
shitirlab ketgani ikkovini ham o‘girilib qarashga majbur etdi. Jyulen
ularning suhbatini indamay tinglab turgan m-l de lya Molni ko‘rib
qoldi-yu, qip-qizarib ketdi. Qiz bu yerga kitob olgani kelgan va hamma
gapni eshitib olgan edi: u dilida Jyulenga nisbatan birmuncha hurmat
his etdi. «U tiz cho‘kib yashash uchun dunyoga kelmagan ekan, – deya
o‘yladi u. – Manovi abbat chol esa butunlay boshqa gap. Yo Xudoyim!
Buncha xunuk bo‘lmasa!»
285
Tushki ovqat payti Jyulen m-l de lya Molning yuziga qarashga
yuragi dov bermay o‘tirdi, biroq qiz iltifot ko‘rsatib, unga o‘zi murojaat
qildi. O‘sha kuni bir talay mehmonlar kelishi kerak edi, shu boisdan
ham u Jyulenga mehmonxonada qolishni taklif qildi. Parijlik yosh
qizlar keksa odamlarni uncha xush ko‘rishmasdi, ular ayniqsa tashqi
qiyofasiga e’tibor bermay qo‘ygan qariyalarni yoqtirishmaydi. Janob
le Burginonning bu mehmonxonaga tanda qo‘yadigan hamkasblari
m-l de lya Molning bitmas-tuganmas hazil-mutoyibalari uchun nishon
ekanliklarini allaqachon tushunib olmoq uchun Jyulendan alohida
ziyraklik talab etilmasdi. Bugun qiz o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘ldimi-
yo‘qmi, lekin u manovi noxush janoblarga nisbatan juda shafqatsiz edi.
M-l de lya Mol deyarli har kecha markiza savlat to‘kib o‘tiradigan
kreslo orqasida to‘planuvchi kichkina to‘garakning markazi edi.
Odatda bu yerga markiz de Kruaznua, graf de Kaylyus, vikont de
Lyuz va Norber bilan singlisining do‘stlaridan ikki-uch yosh ofitser
to‘planishardi. Bu yoshlarning bari katta zangori divanda joylashib
olishardi. Jyulen odatda divanning oldida, go‘zal Matildaning shun-
doq ro‘parasidagi pastakkina to‘qima kresloda indamay o‘tirardi. Bu
oddiygina joyga Matildaning barcha muxlislari havas qilishardi; biroq
Norber otasining kotibi bilan bir-ikki og‘iz gaplashar yoki butun kecha
davomida uni bir-ikki marta eslar ekan, Jyulenni doim shu kresloga
o‘tqazib qo‘yardi. Bu kecha m-l de lya Mol Jyulendan, Bezanson qal’asi
joylashgan tepalikning balandligi qancha keladi, deya so‘rab qoldi.
Ammo Jyulen unga bu tepaning Monmartrdan past yoki balandligini
aytib bera olmadi. U bu kichik to‘garakda aytiladigan qiziq gaplarga
dam-badam chin ko‘ngildan kulib o‘tirardi. Ammo shunga o‘xshash
biror gap o‘ylab topishga o‘zini mutlaqo ojiz his etardi. Uning uchun
bunday gaplar o‘zi tushunadigan-u, ammo gapira olmaydigan allaqa-
nday xorijiy tilga o‘xshab ketardi.
Bugun Matildaning do‘stlari bu katta mehmonxonada paydo
bo‘layotgan har qanday odamni ham kesatiq gaplar bilan qarshi
olishmoqda edi. Birinchi navbatda xonadoning do‘stlari baloga qo-
lishdi: to‘garak a’zolari ularni yaxshiroq bilishardi. Jyulen bu gaplarni
qanday diqqat bilan eshitishini bemadol tasavvur qilish mumkin edi,
hamma narsa – bu hazillarning yashirin ma’nosi ham, kinoya qilish
uslubining o‘zi ham unga juda qiziq tuyulardi.
– A-a! Mana, Dekuli janoblari ham yetib keldilar, – dedi Matilda. –
Buni qarangki, parik kiymay kelibdi, u o‘zining noyob aqli yordamida
286
prefekt bo‘lib olmoqchi shekilli, shu boisdan ham o‘zining ta’biri
bilan aytganda, «yuksak g‘oyalar» g‘ujg‘on o‘ynayotgan kal boshini
ko‘z-ko‘z qilyapti.
– Bu odamning tanimagan kishisi yo‘q, – deya gap qotdi markiz
de Kruaznua. – U mening kardinal amakimnikiga ham borib turadi.
U har qanday do‘sti haqida ham istagan yolg‘on-yashiqni to‘qishi va
bu uydirmaga yillar davomida odamlarni ishontirib yurishi mumkin,
do‘stlarining soni esa ikki yuz yoki uch yuzga borib qoladi. U do‘st
tutinishga juda usta, bu – uning iste’dodi. Xuddi hozir ko‘rib tur-
ganingizdek, u qish kezlari ertalab soat yettidan boshlab do‘stlaridan
birontasining eshigiga yopishib oladi.
Ba’zan u bironta do‘sti bilan arazlashib qoladi va aloqani butun-
lay uzish uchun yetti-sakkizta xat yozadi. Keyin u o‘sha do‘sti bilan
yarashadi va shundan so‘ng cheksiz do‘stlik tuyg‘ularini izhor qilib,
yana yetti-sakkizta maktub bitadi. Lekin u kamolotga erishgan va
katta mahorat ko‘rsatadigan narsa – bu ko‘ngli bchiq, halol odamning
otashin dil izhoridir. U biron narsa haqida iltimos qilmoqchi bo‘lgani-
da shu usulni qo‘llaydi. Amakimning katta vikariylaridan biri janob
Dekulining Restavratsiyadan keyingi hayoti haqida juda alomat hikoya
qiladi. Biror kun men uni sizlarnikiga boshlab kelaman.
– Men negadir bunday hikoyalarga uncha ishonmayman, menim-
cha, bu pastkash odamlarning bir-birini ko‘rolmasligi xolos, – dedi
graf de Kaylyus.
– Janob Dekulining nomi tarixda qoladi, – deya e’tiroz bildirdi
markiz, – u abbat Pradt hamda Taleyran va Potsso di Borgo janoblari
bilan birga Restavratsiyani amalga oshirgan.
– Bu odam bir vaqtlar million-million mablag‘ bilan ish ko‘rgan, –
dedi Norber, – uning nima sababdan otamning ba’zan juda haddidan
oshib ketadigan askiyalariga dosh berib, bu yerga tanda qo‘yishini sira
tushuna olmayman. Bir kuni otam mening oldimda stolning narigi
tomonidan turib: azizim Dekuli, do‘stlaringizga necha marta xoinlik
qilgansiz, deya qichqirsalar bo‘ladimi!
– Uning xoinlik qilgani rostmi? – deya so‘radi m-l de lya Mol. –
Lekin bu zamonda kim xoinlik qilmaydi?
– Bu qanaqasi? – dedi graf de Kaylyus Norberga. – Anovi mash-
hur liberal janob Senkler sizlarnikiga kelib turadimi? Bu yerda
nima qiladi u? Borib uni gapga solish kerak, uni juda aqlli odam
deyishadi.
287
– Lekin onang uni nima uchun qabul qiladilar? – deya so‘radi janob
de Kruaznua. – Axir bu odam alomat g‘oyalarni ilgari surib, dadil va
mustaqil fikr yuritadi-ku.
– O‘sha mustaqil odamingizning janob Dekuliga ikki bukilib ta’zim
qilishini, qo‘lidan ushlashini bir ko‘rib qo‘ying, – dedi m-l de lya Mol.
– Hozir qo‘lidan o‘pib oladimi, deb o‘ylovdim.
– Nazarimda, Dekuli arkoni davlatlar bilan biz o‘ylagandan ya-
qinroq munosabatda bo‘lsa kerak, – deya e’tiroz bildirdi janob de
Kruaznua.
– Senkler bu yerga akademiyaga a’zo bo‘lib olish uchun keladi, –
dedi Norber. – Uning baron L. ga qanday ta’zim qilishini bir ko‘ring-a,
Kruaznua.
– Undan ko‘ra tiz cho‘ka qolsa bo‘lmaydimi, – deb gapni ilib ketdi
janob de Lyuz.
– Azizim Sorel, – dedi Norber, – siz aqlli odamsiz, lekin siz qadrdon
tog‘laringizni yaqindagina tark etgansiz, lekin hech qachon manovi
buyuk shoirga o‘xshab ta’zim qilmaslikka harakat qiling. Hatto Xudosi
bo‘lsa ham.
– A-a! Mana aql bobida beqiyos janob baron Baton, – deya e’lon
qildi m-l de lya Mol hozirgina baronning kelganidan xabar bergan
malayning tovushiga xiyol taqlid etib.
– Nazarimda, hatto xizmatkorlaringiz ham uning ustidan kuli-
shayotganga o‘xshaydi. Xo‘p ismi bor-da – baron Baton! – dedi janob
de Kaylyus.
– «Ism nima degani o‘zi?» – dedi u yaqinda bizga, – deya gapni
ilib ketdi Matilda. – «Gersog Bulonskiyning ismini birinchi marta
eshitganingizni bir tasavvur qilib ko‘ring-a, odamlar shunchaki
mening ismimga hali yetarli darajada ko‘nikishmagan xolos»...
Jyulen divan oldidagi joyini tark etdi. U hali yengil istehzo-
ning nozik tomonlarini yaxshi tushunmas va qochiriq gap asosli
bo‘lgandagina kulish mumkin, deb hisoblardi. Manovi yoshlarning
hazil-mutoyibalarini u dunyodagi hamma narsani qo‘pol ravishda
haqorat qilish deb hisoblar va bundan qattiq g‘azablanar edi. U
o‘zining provinsialligi, salkam inglizlardek qoidaparastligi tufayli
hatto, bu yoshlar hasad qilishmayaptimikin, deb shubha qilishga
ham tayyor edi. Lekin u yanglishardi, albatta «Men graf Norberning
o‘z polkovnigiga xat yoza turib, uchta xomakini yirtib tashlaganini
o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, – derdi u o‘ziga-o‘zi. – Agar u hayotida
288
biron marta janob Senklerdek qilib bir sahifagina yoza olganida
boshi osmonga yetgan bo‘lardi».
Mavqei pastligi tufayli Jyulen hech kimning e’tiborini o‘ziga tort-
may, bir guruh oldidan ikkinchi guruh oldiga o‘tib yurardi. U baron
Batonni uzoqdan kuzatar ekan, uning nima haqda gapirayotganini es-
hitgisi kelib qoldi. O‘zining zukko aqli bilan mashhur bo‘lgan bu odam
anchayin tashvishli ko‘rinardi. Jyulenning payqashicha, u uch-to‘rtta
kulgili gap o‘ylab topganidan keyingina ko‘ngli joyiga tushdi. Jyulenga
shu taxlit aql biroz erkinlikka muhtojdek tuyuldi.
Baronni askiyaga usta odam deb bo‘lmasdi, u o‘zini ko‘rsatmog‘i
uchun hech bo‘lmaganda har biri olti misradan iborat to‘rtta jumla
aytmog‘i lozim edi.
– Bu odam so‘zlashmaydi, u gap sotadi, – dedi Jyulenning ortida
allakim. U orqasiga o‘girilib qaradi-yu, graf Shalvening nomini tilga
olishganini eshitib, xursand bo‘lib ketdi. Graf Shalve o‘z zamonasi ning
eng aqli o‘tkir odamlaridan edi. Jyulen uning nomini «Muqaddas Ye-
lena memoriali» va Napoleonning tarixiy esdaliklarida bir necha bor
uchratgan edi. Graf Shalve qisqa gapirardi, uning askiyalari chaqmoq-
dek o‘tkir, chuqur va shiddatli bo‘lardi. Agar u biror ish yuzasidan
muzokara boshlasa, siz shu zahoti ishning olg‘a siljiyotganini ko‘rar-
dingiz. U darhol dalil-isbotlarni keltirar va uning so‘zini tinglagan
odam maza qilardi. Siyosat bobida esa u sharm-hayo degan narsani
bir chetga yig‘ishtirib qo‘yardi.
– Bilasizmi, men mustaqil odamman, – derdi u o‘zi ochiq-oydin
mazax qilayotgan uch yulduzli janobga. – Nega endi mendan bundan
bir yarim oy ilgari qanday o‘ylagan bo‘lsam, bugun ham shunday
o‘ylashimni talab qilishadi? Agar shunday bo‘lsa, men o‘sha fikrimning
quli bo‘lib qolaman-ku axir.
Uning atrofida turgan to‘rtta jiddiy yigit basharalarini bujmay-
tirishdi: bu janoblar hazil-huzul gaplarni uncha yoqtirishmasdi.
Graf haddidan oshirib yuborganini tushunib qoldi. Ammo shu payt
baxtiga u sof vijdonli janob Ballanni ko‘rib qoldi. Bu odamning
halolligi Tartyufdek tillarda doston bo‘lgandi. Graf u bilan gapla-
sha boshlagan edi, odamlar darhol ularni o‘rab olishdi, boyaqish
Ballanni hozir rasvoyi radda ma’raka qilishlari hammaga ayon edi.
O‘zining yuksak axloqi va nasihatgo‘yligi tufayli o‘lguday badburush
bo‘lishiga qaramay janob Ballan kiborlar jamiyatidagi tasvirlash
qiyin bo‘lgan birinchi qadamlaridan keyinoq juda badavlat bir beva
289
xotinga uylangan edi. O‘sha xotin tez orada bandalikni bajo keltirdi,
so‘ngra janob Ballan yana xuddi shunday badavlat xotinga uylandi.
Ammo bu xotinni jamiyatda hech kim ko‘rmagan edi. Endi u o‘ziga
xos mo‘minlik bilan oltmish minglik rentaga huzur-halovatda yashar
ekan, o‘zi ham xushomadgo‘ylar orttirib olgan edi. Graf Shalve rahm-
shafqat qilib o‘tirmay, u bilan ana shu haqda gaplasha boshladi. Tez
orada ularning atrofiga o‘ttiz chog‘liq odam yig‘ildi. Barcha jilmayardi,
hatto asrimizning umidi bo‘lmish anavi jiddiy yigitlar ham kulgilarini
yashirolmay turishardi.
«Nega u bu yerga, janob de lya Molnikiga kelib yurarkin? Axir bu
yerda uni hamma masxara qilyapti-ku», deya o‘yadi Jyulen. So‘ngra
u buni so‘ramoqchi bo‘lib abbat Pirarning oldiga bordi.
Janob Ballan bir zumda g‘oyib bo‘ldi.
– Zo‘r ish bo‘ldi-yu! – dedi Norber. – Shunday qilib otamning
josuslaridan biri g‘oyib bo‘ldi, endi faqat anavi cho‘loq Napyegina
qoldi.
«Jumboqning uchi shu yerda emasmikin? – deya xayolidan o‘tkazdi
Jyulen. – Lekin u holda nega markiz janob Ballanni qabul qiladi?»
Badfe’l abbat Pirar qovog‘ini solganicha malayning kirib kelayot-
gan mehmonlarning ismi sharifini e’lon qilishiga quloq solib bir
chetda turardi:
– Bu yer g‘irt fahshxonaning o‘zi-ku! – deya xitob qilardi u Bazi-
lioga o‘xshab. – Bu yerga faqat badnom odamlar kelishar ekan.
Gap shunda ediki, boyaqish abbat haqiqiy kiborlar jamiyatining
qanday bo‘lishini bilmasdi. Biroq, u yansenist do‘stlari orqali bir-
varakayiga barcha partiyalarning ko‘nglini topishga nihoyatda ustaligi
yoki shubhali yo‘llar bilan orttirgan boyligi tufayli barcha mehmon-
xonalarga kira oladigan bu odamlar haqida juda aniq ma’lumotga
ega edi. Bugun kechqurun u Jyulenning ketma-ket bergan savollariga
to‘lqinlanib javob berib turdi-da, so‘ng birdan barcha odamlar haqida
faqat yomon gap aytishdek gunohga botayotganligni sezib qolib, jim
bo‘ldi. Xristianlarcha rahm-shafqat ta’limotiga e’tiqod qo‘ygan bu bad-
jahl yansenist dunyoviy hayot ichida yashar ekan, muttasil ravishda
o‘zi bilan o‘zi kurashishga majbur bo‘lmoqda edi.
– Anovi abbat Pirarning basharasi buncha xunuk bo‘lmasa, – dedi
m-l de lya Mol Jyulen yana divan yoniga qaytib kelgach.
Garchi qiz, albatta, haq bo‘lsa-da, Jyulenning jahli chiqdi. Abbat
Pirarning bu mehmonxonada eng halol odam ekanligiga hech qan-
290
day shubha yo‘q edi, biroq uning hozir vijdon azobi aks etib turgan
qizil dog‘li yuzi chindan ham juda xunuk ko‘rinardi. «Shundan so‘ng
fiziognomikaga qanday ishonish mumkin axir, – deya o‘yladi Jyulen. –
Mana hozir qandaydir arzimas bir narsa uchun abbat Pirarning vijdoni
azob chekyapti va shuning uchun ham u juda xunuk ko‘rinyapti. Anavi
barchaga ma’lum josus Napyening yuzida esa ma’sum bir tabassum
jilvalanyapti». Abbat har qalay o‘z safdoshlarining manfaatlari uchun
ko‘pgina narsalarda ularga yon bergandi – u xizmatkor yollagan va
juda yaxshi kiyina boshlagan edi.
Jyulenga birdan mehmonxonada nimadir sodir bo‘layotgandek
tuyuldi: hamma gapirishdan to‘xtab, eshik tomon qaradi. Malay
saylovlar payti barchaning e’tiborini o‘ziga qaratgan mashhur
baron de Tollining nomini e’lon qildi. Jyulen yaqinroq bordi-da,
baronni yaxshilab ko‘rib oldi. Baron saylov kollegiyalaridan biri-
ning raisi bo‘lgan paytida miyasiga ajoyib bir fikr kelib qolgan ekan
– u saylovchilar partiyalardan biriga ovoz berib, qutiga tashlagan
qog‘ozlarni yashirib qo‘yibdi. Kamomadning o‘rnini to‘ldirmoq
uchun esa u asta-sekin ularning o‘rniga o‘ziga yoqimliroq bo‘lgan
ism yozilgan boshqa qog‘ozlarni qutiga tashlay boshlabdi. Biroq ba’zi
saylovchilar bu mardona hiylani sezib qolishibdi. Ular, turgan gap,
baron de Tolliga o‘z tahsinlarini baralla aytishibdi. Boyaqish baron
bu ajoyib nayrangidan so‘ng hali o‘ziga kelmagandi – u ancha so‘lg‘in
ko‘rinardi. Ba’zi g‘iybatchi odamlar, uning qamoqda yotib chiqqani
haqida gapirmoqda edilar. Janob de lya Mol uni juda sovuq qabul
qildi. Shundan so‘ng bechora baron bir zumda g‘oyib bo‘ldi-qo‘ydi.
– U janob Kont
36
huzuriga shoshilayotgan bo‘lsa kerak, shuning
uchun bir zumda g‘oyib bo‘ldi, – dedi graf Shalve. Bu gapdan hamma
xaxolab kula boshladi.
Barcha, yaqinda ministr bo‘ladi, deb bashorat qilayotgan janob
de lya Molning mehmonxonasiga to‘plangan indamas mansabdorlar
va yomon nom chiqargan, ammo o‘tkir aqli bilan shuhrat qozongan
odamlardan iborat bu serjilo jamiyatda bugun birinchi marta yosh
Tambo ham ish ko‘rsatmoqda edi. To‘g‘ri, unga fikr teranligi yetish-
masdi, biroq buning o‘rnini Tambo shiddatli mulohazalari bilan
qoplashga harakat qilardiki, buni biz quyida yaqqol ko‘ramiz. – Bu
odamni o‘n yilga qamoqqa tiqilsa nima qiladi? – deya gap sotardi u
36
Mashhur fokuschi (muallif izohi).
291
Jyulen o‘sha to‘da yoniga borgan paytda. – Gazandalarni zindonning
eng tubida saqlash kerak, toki o‘sha yerda ular to‘ng‘iz qo‘psinlar, aks
holda, hamma yoqqa zahar sochib, juda xavfli bo‘lib qoladilar. Unga
ming ekyu jarima solgandan nima foyda? U kambag‘almi? Shunday
ham bo‘lsin, juda yaxshi, lekin jarimani uning uchun to‘dasi to‘lab
yuboradi. Yo‘q, unga besh yuz frank jarima solib, keyin o‘zini o‘n yil
muddat bilan zindonga tiqish kerak.
«Yo Rabbim! Qanday maxluq haqida gaplashyapti ular?» – deya
o‘yladi Jyulen kasbdoshining qo‘llarini silkitganicha jazavaga tushib
so‘zlashidan hayron bo‘lar ekan. Akademik jiyanining so‘lg‘in bashara-
si shu tobda chindan ham juda jirkanch ko‘rinar edi. Tez orada Jyulen
Tambo zamonaning buyuk shoiri haqida gapirayotganini tushunib
qoldi.
«Voy gazanda-yey! – deya xitob qildi u g‘azabdan ko‘zlariga yosh
kelib. – Voy iflos maxluq-ey! Qarab tur hali, senga shu so‘zlaringni
bir eslatayki».
«Mana ular, boshqalar qatori markiz ham rahbarlik qiladigan
partiyaning adashgan farzandlari, – deya o‘ylardi u. – Bu yerda rosa
yomonlashayotgan anavi ulug‘ odam esa, – agar u janob Nervalning
ministrligidagi lapashanglar u yoqda tursin, uning ozmi-ko‘pmi
halolroq o‘tmishdoshiga sotilganida bormi, – hamma yog‘i ordenga
to‘lib biror yog‘li ishning tepasida turgan bo‘lardi». Abbat Pirar uzoq-
dan Jyulenni imlab chaqirdi, hozirgina janob de lya Mol u bilan nima
haqdadir gaplashgan edi. Biroq Jyulen bu paytda odob bilan pastga
qaraganicha allaqaysi yepiskopning nola-hasratlarini tinglamoqda
edi. Nihoyat, o‘sha yepiskop unga javob berib, Jyulen o‘z ustozi-
ning yoniga yaqinlashganida abbatning oldida anavi manfur sulloh
Tambo paydo bo‘lgan edi. Bu razil Jyulenning alohida mavqeiga ega
bo‘lishida abbatni aybdor deb hisoblagani uchun ham uni yomon
ko‘rar va xuddi shu boisdan ham janob Pirarning oldida shunday
yaltoqilik qilardi.
– Qachon anavi almisoqdan qolgan o‘laksaning kuni bitib, biz undan
Do'stlaringiz bilan baham: |